Sport | 17:59 / 21.05.2022
43538
10 daqiqa o‘qiladi

«Bunyodkor» sobiq xo‘jayini - O‘zbekistonni UYeFAga o‘tkazishni xohlagani, Eto’Oning «Inter»ga o‘tishida sababchi bo‘lgani haqida

Mirodil Jalolov – xalq ichida Odilboy bo‘lib tanilgan bu insonni futbol muxlislari «Bunyodkor» klubi asoschisi, Rivaldo, Ziko va Skolari singari yulduzlar bilan bog‘lashadi. Ilk marta katta intervyusini Kun.uz saytiga bergan taniqli tadbirkor suhbat davomida «Bunyodkor»ning shov-shuvli transferlari, o‘z vaqtida «Roma», «Valensiya»ni sotib olmoqchi bo‘lgani, yulduzlarga qancha maosh bergani haqida gapirdi. 

- «Bunyodkor» loyihasi nima uchun qilingan edi: xalqqa tomosha ko‘rsatishmi, «Zeromaks» kompaniyangizni tanitishmi, O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishmi yoki shunchaki ko‘ngilxushlik?

- Futbolga juda ham qiziqaman. O‘z vaqtida futbol o‘ynaganman. Futbol to‘g‘risida kun bo‘yi gapirishim mumkin. «Bunyodkor» klubiga kelsak, bilasizmi, 2004, 2005, 2006 yillar menga «Roma»ni 220 million yevroga sotib olish taklifi bo‘ldi, «Valensiya»ni 180 million yevroga, «Malorka»ni 65 million yevroga sotib olish taklif qilishgandi. Ammo biz o‘zbek futboliga pul tikishga qaror qilganmiz. Hech qanday tomosha yoki sport turi yo‘qki, ikki soat ichida yuz ming tomoshabinni bir joyga yig‘sa. Butun xalq futbolga tushib, yutsa xursand, yutqazsa so‘kib, jahli chiqib bo‘lsa-da g‘uboridan chiqadi. O‘sha payt katta korxonamiz ishchilariga tomosha qilib berishni istaganmiz. Bitta fakt – jamoa yutsa korxonamizda bir hafta ish sur’ati oshardi, yutqazsa, ish sur’ati tushardi. 

Foto: KUN.UZ

Jamoani noldan tashkil qilganmiz. Rossiya, Ukrainadagi futbolchilarimizni ortga qaytargandik. Futbolni ommalashtirishning yo‘llaridan biri yulduzlarni taklif etish edi. Shu bois Braziliya, Chili va boshqa mamlakatlardan yaxshi saviyadagi o‘yinchilarni taklif etganmiz. Luizao, Vilyanueva singari yaxshi saviyadagi o‘yinchilar o‘z yurtida ko‘p jarohat olishsa-da, bizga kelib yaxshi saviyani ko‘rsata olishgandi. 

- «Bunyodkor»dagi xarajat va natijalar qanchalik o‘zini oqladi?

- Yevropada ko‘pgina klublar bor, ularda rahbarlar saylanadi, natijalar evaziga o‘z-o‘zini ta’minlaydi. Futbolda daromad qilish emas, o‘z-o‘zini qoplasa bu katta narsa. Agar klubni egasi tadbirkor bo‘lsa, buni o‘z imtiyozlari bo‘ladi. 

«Bunyodkor»ga Eto’O kelgandi o‘ynayman deb. «Samuel sening potensialing katta, bizning Osiyo futboli esa hali unaqa rivojlangan emas. Men pulni qizg‘anmayman, ammo sen Yevropada o‘ynashing kerak», dedim. 

Foto: Bunyodkor

Samuel Eto’O – yaqin do‘stim, qadrdonim. O‘shanda u o‘zi taklif bilan keldi. U 2008 yil «Barsa»ga Gvardiola kelgach, Eto’O, Ronaldino uning o‘yiniga to‘g‘ri kelmagach, Samuel Toshkentga uchib keldi. OAVlar «Bunyodkor» bu futbolchini 45 million yevroga sotib olayapti deb gap-so‘zlar tarqatishdi. 

O‘shanda Eto’O yillik 4 million yevro maosh so‘ragandi. Unga «Men bu pulni sendan qizg‘anmayman, shunchaki sening potensialing katta, yana 2-3 yil bemalol yuqori darajada o‘ynaysan», dedim. 

Foto: Bunyodkor

Keyinchalik o‘z ishlarim bilan Yevropaga bordim, u yerda «Inter», «Barselona», «Bavariya» prezidentlari bilan ko‘rishdim. Ularga O‘zbekistonni UYeFAga a’zo qilish bo‘yicha taklif bilan bordim. Ular bilan suhbat orasida «Eto’O «Bunyodkor»ga o‘taman deyapti, shunga nima deysizlar?», dedim jo‘rtaga. Shu bilan ular «yaxshi, ko‘rib chiqamiz», deyishdi. Ammo Eto’O O‘zbekistonga kelsa, uning imiji uchun yaxshi emasdi. O‘shanda ular «Eto’Oga qancha bermoqchisiz?» deyishdi. O‘zimcha taxminan «30 million yevro beraman», deb qo‘ydim nomiga. 

Kechroq esa restoranda ovqatlannimizdan keyin Eto’O mehmonxonaga kelib, quchoqlab oldi. «Nima bo‘ldi?» desam, «Massimo Morata «Inter»ga 30 million yevroga sotib oldi», dedi. Oyligimni 8 mln yevro qilib beribdi. Shunga sababchi bo‘lib qolgandim. Qizig‘i, ko‘p o‘tmay «Inter» YeChL yarimfinalida «Barsa»ni yutib, yakunda Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgandi. 

Rivaldo masalasiga kelsak, u O‘zbekistonga kelishdan avval Gretsiyada o‘ynardi. U bilan yiliga 6 million yevro maoshga gaplashgandik. Rivaldo bilan 2011 yilga qadar 3 yillik shartnoma qilgan edik. Uni qariya deyishgandi, ammo hamma ko‘rdi – ikki marta eng yaxshi to‘purar bo‘ldi. O‘yinimizni umuman o‘zgartirdi. U o‘zini oqladi. 

- «Bunyodkor»ning so‘na boshlashi – bu qaror va loyiha yakunini kim qanday qabul qilgan?

Foto: KUN.UZ

- Og‘ir bo‘lgan. «Bunyodkor»da 15 yillik rejamiz bor edi. Unga ko‘ra akademiyalar bo‘lib, «Barselona»dan 4 nafar menejyer kelishi lozim edi. «Barselona» falsafasi shundaki, kichkina odam, o‘zidan katta odamni yuta oladi. «Barsa» ishtirokidagi o‘yinlar, finallar hammamizning yodimizda. «MYu»ga qarshi «Uembli»dagi final yodingizdami? «Yunayted» hatto bitta burchak to‘pi tepmagan. «Barsa» ochiq futbolda tengi yo‘q jamoa edi. 2009 yil Rimdagi ikkinchi o‘zaro finalida ham bo‘lganman, o‘shanda ham «Barsa» «MYu»ni yaqqol ustunlik bilan yutgan. «Bunyodkor»ga «Barsa»ning eng yaxshi jihatlarini olishga intilganmiz. 

Qora kunlar? Aktivlarimizni davlat ixtiyoriga o‘tkazgan edim, o‘shanda «Bunyodkor» ham davlat balansiga o‘tgandi. Albatta, og‘ir bo‘lgan. Hozirga kelib, akademiyasi ishlayapti, stadion bor, muxlislari ham bor, juda ko‘p bo‘lmasa ham. Futbol kerak baribir. 

- Yana shunga o‘xshash loyiha boshlash niyatingiz bormi? 

- Nasib qilsa, albatta bor. Ishlarni boshlab olib, yurgizib olsak, yana bitta yangi klub tashkil qilamiz. Shuni aniq bilaman, chempionat qancha kuchli bo‘lsa, milliy jamoa shuncha kuchli bo‘ladi. 

- JChga chiqish yo‘lida futbolimizga nima yetishmayapti?

- Omad! 2014 yil ozgina omad yetishmadi. O‘zi jahon chempionatiga chiqish ustivor vazifa bo‘lmasligi kerak. Chunki milliy jamoa yiliga 6-7ta o‘yin o‘tkazsa, Superligada 14ta klub bo‘lsa, 26-30ta o‘yin o‘ynaydi. Futbolimizga hujumkor o‘yin kerak. Bizda qanchalik xohlasak-da, himoyaviy o‘ynash qiyin. Arab, yapon jamoalarini texnik futbol evazigagini mag‘lub etishimiz mumkin.

Mana himoyaga urg‘u berib ko‘rdik, Ektor Kuper keldi, yaxshi murabbiy, qarshi hujumda o‘ynadi. Ammo bunday o‘ynash uchun himoya kuchli bo‘lishi kerak. Aks holda himoya bardosh bera olmaydi. 

Futbol kelajagi – milliy jamoalar emas, klublar futboli. Globallashuvni ko‘rayapmiz, 30-40 yil o‘tar, biz ko‘rmasmiz, nevaralarimiz balki ko‘rar o‘sha zamonni. Ichki chempionat kuchli bo‘lsa, milliy jamoa kuchli bo‘ladi. JChlarga bora olmaganimizga ko‘pincha omad kamlik qildi, gohida hakamlar nohaqlik qilishdi. 

- Srechko Katanets haqida... 

- Bu murabbiy haqida tasavvurim yo‘q, uncha bilmayman. Masalan, Skolari haqida gapirishim mumkin. Pozitsion hujumda kuchli murabbiy. Yutqazayotganda esa nima qilishni bilmay qoladi. Mourino – zaxiradagi futbolchilar evaziga o‘yinni o‘zgartirib yubora oladi. 

- «Bunyodkor»dagi xato haqida...

- Ziko haqida ham ko‘p gapirishim mumkin. 2008 yil OChL yarimfinalida «Adelaida»ga yutqazganimiz mening aybim bilan bo‘lgan. O‘shanda bosh murabbiy Ziko menga «himoyaviy o‘ynab, qarshi hujumdagi imkoniyatlardan uramiz. Javob o‘yinida esa uyda hujumkor o‘ynab, yutamiz», degandi. Men esa Chapayevga o‘xshab, «oldinga, faqat oldinga» deyaverdim. 0:3 hisobida yutqazgandik. O‘yinchilarni emas, Ziko emas, mening aybim bo‘lgandi. Faqat hujumga o‘tinglar, deb xato qilganman. Qarshi hujumda gollar o‘tkazib yuborganmiz. Uyda kichik hisobda yutgan bo‘lsak-da, bu finalga chiqish uchun yetmagan», - deydi «Bunyodkor» sobiq xo‘jayini Mirodil Jalolov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid