O‘zbekiston | 08:12 / 10.06.2022
12548
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda drift uchun mo‘ljallangan trassa qayerda qurilishi ma’lum bo‘ldi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning Toshkent shahar hududida yoshlarga drift uyushtirish uchun qulay shart-sharoit yaratish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi taklifiga ko‘ra, yoshlarga “drift” va “drag-reysing”(burilish texnikasi va avtosport turi, yo‘lda tezlik va burchakni maksimal darajada ushlab turish uchun boshqariladigan usullardan foydalanish bilan bog‘liq harakatlar) uyushtirish uchun Bektemir tumani “Shonazar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan yer uchastkasi ajratiladi.

Belgilanishicha, ajratiladigan yer uchastkasi:

aholi yashash joyidan tashqarida joylashganiga;

“drift” va “drag-reysing” ishtirokchilari xavfsiz harakatlanishiga, ular drift uyushtirish uchun o‘zlari bilan olib kelgan avtomototransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazishi uchun sharoit yaratilishiga;

tomoshabin sifatida kelgan shaxslarga qulay shart-sharoit yaratilishi, xavfsizlik choralari ko‘rilishiga;

hududga tashrif buyuruvchilar (xizmat ko‘rsatuvchi, ishtirokchi, tomoshabin va h.k.) shaxsiy avtotransport vositalari uchun avtoturargoh, servis va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari hamda jihozlangan tibbiy yordam ko‘rsatish stansiyasi uchun mavjud shart-sharoitlar yaratilishiga;

yoshlarga “drift” va “drag-reysing” uchun ajratiladigan yer uchastkasi davlat va xususiy sherikchilik asosida xorijiy investorlarni jalb qilgan holda, ularga tender asosida berish va hududni zamonaviy jahon standartlariga mos ravishda bo‘lishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Aprel oyi oxirida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev avtopoyga va drift ishqibozlari uchun Toshkent shahridan trassa ajratishni taklif qilgan edi.

Mavzuga oid