13:51 / 07.07.2022
13795

Ingliz nashrlari Boris Jonson bugun iste’foga chiqishi haqida yozmoqda

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson bugun iste’foga chiqqanini e’lon qilishi mumkin. Bu haqda Britaniyaning qator nashrlari yozmoqda.

Foto: AFP

BBC o‘z manbalariga tayanib Jonson bugun iste’foga chiqishini yozdi. Keyinchalik Mirror Britaniya hukumatidagi manbalariga asoslanib Jonson iste’foga chiqishini xabar qildi.

Ammo Sky News'ning hukumatdagi manbalari Jonson hukmron partiya yetakchisi saylangunga qadar bosh vazir sifatida qolishi mumkinligi haqida yozdi. Saylovlar esa oktyabrda o‘tkaziladi.

Jonsonning iste’fosi haqida oxirgi vaqtlarda tez-tez gapirilmoqda. Chunki bir necha kun ichida Britaniya hukumatini 30 dan ortiq xodimlar, 7 nafar vazir tark etdi. Bu esa hukumat rahbari bo‘lmish bosh vazirning ham iste’fosi yaqinligidan nishona. Bu holatga izoh bergan Jonsonning o‘zi hukumat rahbarining vazifasi qiyin vaziyatdan chiqib ketish ekanini aytgan. «Men, albatta, bosh vazir bo‘lib qolaman», degandi Jonson.

Britaniya qirolligining 77-hukumat rahbari bo‘lgan Jonson 2019 yildan buyon bosh vazir bo‘lib ishlamoqda. U Tereza Meyning iste’fosidan keyin lavozimga kirishgan va Brexit jarayonini muvaffaqiyatli yakunlagandi. 2008-16 yilgacha London meri bo‘lib ishlagan Jonson 2016-18 yillarda Britaniya tashqi ishlar vaziri bo‘lgan.

 

Top