17:28 / 23.07.2022
16297

Qish g‘amini yozda yeydigan qishloq ayollari

Farg‘onadagi bog‘larda meva yig‘im-terimi avjiga chiqqan. Kunlik ishga chiquvchilarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Bugungi kunda asosan shaftoli, olma, olxo‘rilar terilib, chetga eksport qilinyapti. 53 yoshli Sayyora Boyg‘onova ana shu ishlarda jonbozlik ko‘rsatayotganlardan.

“Har kuni tong saharlab “pitagimiz”ga to‘planamiz. “Broker”imiz har kuni “pitak”dan olib ketadi va ish tugagach yana qaytarib uyimizga eltib qo‘yadi. Kunlik ish haqimiz 130 ming so‘m. Tushlik ovqatimizni qilib berishadi.

6:00 dan 18:00 gacha ishlaymiz. Har kuni ishga chiqaman. Orada xohishga qarab yakshanba kuni dam olaman. Boshqa kunlari deyarli ishga chiqaman. Bir oyda 3 million so‘mdan oshiq pul topaman. Qo‘shimcha daromad kiradi ro‘zg‘orimizga. Xo‘jayinim va o‘g‘illarimizga harna yordam bo‘ladi-da.

Bir qiz, bir o‘g‘lim bor. O‘g‘lim Rossiyada ishlaydi. Kelinim va nevaram bor. Xo‘jayinim bog‘bon, uzum parvarish qiladi. Hayotda yaxshi yashaymiz. Ishga chiqib yayrab ishlaymiz. O‘g‘lim Rossiyadan ming dollargacha pul jo‘natadi.

Bu yil gilos terish mavsumida kuniga 180 ming so‘mdan ishladik. Shaftoli tugasa uzum, xurmo, anor, olma teramiz. Noyabr oyigacha meva terimida ishlaymiz. Qishda asosan dam olamiz. To‘plagan pulimizni qishda sarf qilamiz.

Xudo xohlasa kelasi yili pensiyaga chiqaman. Yengil sanoatda 17 yil ip yigirganman. 2000 yildan beri kunlik ishga chiqaman.

Nolimayman, tirikchilik o‘tib turibdi. Faqat go‘sht, un, yog‘ va shakarning narxi tushsa hamma zo‘r yashaydi. Go‘sht qimmat. Ilgari 1 haftada 1 kg go‘sht olayotgan bo‘lsak, hozir haftasiga yarim kg go‘sht yeyapmiz.

Kuzgacha meva terimida ishlasam 10-12 million so‘m pul to‘playman. Sarflaganimdan tashqari pul jamg‘araman qishga. Bittagina orzum bor. Otam urush paytida Turkiyaning Istanbul shahridan Farg‘onaga kelib qolgan. Turkiyaga borib qarindoshlarimni ko‘rib kelgim bor.

Qo‘limda kattagina telefonim bor. Chet eldagi qarindoshlarim bilan internet orqali tez-tez gaplashib turaman”, – deydi Sayyora Boyg‘onova.

Sayyora opa oktyabr oyida Qozog‘istondagi qarindoshlarini ko‘rib kelmoqchi. Turkiyaga borish uchun esa astoydil ishlab pul to‘playapti.

Bog‘da ishlayotgan ayollarning aksariyati pensiya yoshiga yetgan. Ular yoshlar terib kelgan shaftolilarni yashiklarga terishar, mevalarini joylab bo‘lib raqsga tushishardi. 

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Javohir G‘ayratov.

Mavzuga oid
Top