Jahon | 15:33 / 27.07.2022
5545
3 daqiqa o‘qiladi

Filippinda so‘nggi yillardagi eng kuchli zilzila sodir bo‘ldi

Filippinning Abra provinsiyasida sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida kamida uch kishi halok bo‘ldi. Rasmiylar yaqin vaqt ichida zilzila yana takrorlanishini istisno qilmayapti.

Foto: Reuters

Filippinning Abra provinsiyasida 27 iyul, chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 08:43 da sodir bo‘lgan zilzila oqibatida kamida uch kishi qurbon bo‘ldi. Amerika seysmologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, kuchi 7 ballgacha bo‘lgan zilzila provinsiya poytaxti Banged va qo‘shni ikki provinsiyada bir nechta ko‘chki hamda binolarning qulashiga sabab bo‘ldi. Xuddi shunday magnitudali zilzila mintaqada oxirgi marta 2019 yilda kuzatilgan edi.

Ayni paytda binolar qulashi oqibatida kamida uch kishi halok bo‘lgani, shuningdek, provinsiyada 60 kishi jarohatlangani ma’lum. Yer silkinishi ayrim joylarda yo‘llarni vayron qilgan, Banged tumanlarining bir qismi elektr va internetsiz qolgan. Filippin seysmologiya instituti 200 ga yaqin kuchsizroq aftershokni qayd etgan, idora boshlig‘i Renato Solidum hodisa takrorlanishini istisno etmayapti. Biroq institutdan sunami haqida hech qanday ogohlantirish bo‘lmagan.

Yer silkinishlari zilzila o‘chog‘idan 300 kilometr uzoqlikda joylashgan Manilada ham sezilgan – guvohlarning ma’lumotiga ko‘ra, shaharda bir nechta ko‘p qavatli binolar tebranib ketgan. Shuningdek, poytaxt shaharda metro ishlamay qolgan va odamlar Senat binosidan evakuatsiya qilingan. 

Filippin Tinch okeanining «olovli kamari»da joylashgan - seysmik faolligi yuqori bo‘lgan mintaqa, bu ko‘pincha sunami, vulqon otilishi va zilzilalarga olib keladi. Xususan, iyul oyining oxirida Yaponiya janubida vulqon otildi - ushbu mamlakat ham kamarda joylashgan. 

Bu Filippin 2022 yil boshidan beri duch kelgan birinchi kataklizm emas - aprel oyida orollarga «Megi» tropik bo‘roni yopirildi, uning oqibatida 200 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Tabiiy ofat yetkazgan zarar 264 million Filippin pesosiga (taxminan 4,6 million yevro) baholandi. Shu bilan birga, Filippinga har yili o‘rtacha 20 ta siklon yopiriladi, ulardan eng halokatlisi «Xayyan» bo‘roni bo‘lib, u 2013 yil noyabr oyida 6300 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi. 

Mavzuga oid