21:38 / 27.08.2022
51013

Dubaydagi eng qimmat villani sotib olgan sirli xaridorning kimligi ma’lum bo‘ldi

Villa 80 mln dollarga sotib olingan bo‘lib, 10ta yotoqxona, spa-markaz, yopiq va ochiq basseynlarga ega.

Foto: AP

Palm-Jumayra sun’iy orolida joylashgan, Dubaydagi eng qimmat villaning egasi hindistonlik milliarder Mukesh Ambani hisoblanadi. Bu haqda Bloomberg o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, Ambaniga qarashli Reliance Industries kompaniyasi villani 2022 yilda milliarderning kenja o‘g‘li Anant Ambani uchun sotib olgan. Uy sun’iy orolning shimoliy qismida joylashgan bo‘lib, 10ta yotoqxona, spa-markaz, yopiq va ochiq basseynlarga ega. Villa 80 mln dollarga sotib olingan.

Ko‘chmas mulkni sotib olish bo‘yicha shartnoma maxfiy bo‘lgan, uyga Reliance Industries bo‘limlaridan biri egalik qiladi, villani kompaniya top-menejyeri va Ambanining do‘sti Parimal Natvani boshqaradi.

Manbaning aytishicha, Ambani villani qayta jihozlash va xavfsizligini ta’minlash uchun «millionlab dollar» sarflamoqchi.

Ambanining asosiy qarorgohi Mumbaydagi 27 qavatli Antilia bo‘lib, u uchta vertolyot maydonchasi, 168 avtomobil sig‘adigan turargoh, 50 o‘rinli kinoteatr, ulkan bazm zaliga ega.

Mukesh Ambani — Hindistonning eng badavlat biznesmeni. U Forbes reytingida sakkizinchi o‘rinda joylashgan. Uning boyligi 94,8 mlrd dollarga teng.

Top