O‘zbekiston | 20:05 / 02.09.2022
23621
3 daqiqa o‘qiladi

Kinochilar uyida “Puling bo‘lsa…” filmining premerasi bo‘lib o‘tdi

Foto: Kinematografiya agentligi matbuot xizmati

2 sentabr kuni “Kinochilar uyi”da Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Ko‘zgufilm” kinostudiyasi bilan hamkorlikda suratga olingan “Puling bo‘lsa…” filmining ilk premerasi bo‘lib o‘tdi. Namoyishdan avval O‘zbekistonning taniqli madaniyat va san’at arboblari va OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Filmda Alijon ismli mehnatsevar olim haqida so‘z boradi. U o‘z umrini pillachilikka baxshida qilgan. Uning urinishlari necha yildirki, samarasiz. Shunga qaramay, u o‘z sevgan kasbidan voz kecholmaydi. Shuningdek, u o‘z laboratoriya jihozlarini uyiga ko‘chirib olib, tun-u kun tinimsiz ishlaydi. Kunlarning birida qishloqdan otasi mehmonga keladi-yu, o‘g‘lining mukkasidan ketib ishlayotganidan jahli chiqib, unga tanbeh beradi. Ota-o‘g‘ilning bu safargi suhbati Alijon hayotida keskin burilish yasalishiga sabab bo‘ladi.

Kecha go‘shtga ham pul topa olmagan olim qisqa fursat ichida ixtirosi tufayli badavlat insonga aylanadi. Alijon hatto tushida ham ko‘rmagan boyliklarga ega bo‘ladi. 

Qo‘shnilar, yaqinlar va hatto oila a’zolarining masxara qilishlariga qaramay, uning o‘ziga va ishiga bo‘lgan ishonchi o‘z samarasini berdi. Muvaffaqiyat, moliyaviy farovonlik boshqalarning Alijonga bo‘lgan munosabatini keskin o‘zgartirdi…

Komediya sahnalari borligiga qaramay, film janri tragikomediyaga yaqin.

“Bugungi film namoyishi – bayram kunlarida o‘zbekistonliklar uchun yana bir tuhfa bo‘ldi. Film eng muhim narsalar – o‘ziga bo‘lgan ishonch va o‘z ishiga sodiqlik haqida. Inson qalbida ishonch bilan yashasa, to‘g‘ri yo‘lni tanlab, halol mehnat qilsa, albatta qadrlanadi. Umid qilamanki, film tomoshabinlarga manzur keladi, balki kimdir o‘zini bosh qahramon sifatida tanib qolar…” — dedi Kinematografiya agentligi Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev.

Film ustida ishlagan ijodiy guruh: prodyuser — Qudratilla Fayzullayev, ssenariy muallifi — Baxtiyor Karim, rejissyor — Ilhom Muhammadibrohimov. Bosh rollarda: Tolib Mo‘minov, Lola Eltoyeva, Matyoqub Matchanov, Botir Muhammadxo‘jayev, Munisa Magametibragimov, Xonzoda Do‘stova, Xadichabonu Abduqahhorova, Go‘zal Yusupova, Maxliyo Asqaraliyeva va Feruza Sobitova.

Kinematografiya agentligi matbuot xizmati

Mavzuga oid