Shavkat Mirziyoyev ShHT Iqlim kengashi va Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha fond ta’sis etishni taklif qildi
Samarqandda davom etayotgan sammitning Kengaytirilgan yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev ShHT Iqlim kengashi va Afg‘onistonni gumanitar qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus fond ta’sis etishni taklif qildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Samarqanddagi sammitda O‘zbekiston prezidenti o‘z tarkibida siyosatchilar, jamoat arboblari, olimlar va ekspert-ekologlar, biznes vakillarini birlashtira oladigan ShHT Iqlim kengashini tuzishni taklif qildi.
«Barchamiz uchun hayotiy o‘ta muhim bo‘lgan ushbu sohada amaliy hamkorlikning yangi mexanizmlari va shakllari zarurdir», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Shuningdek, Afg‘onistonga chegaradosh bo‘lgan Termiz shahrida – mazkur mamlakatni gumanitar qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus fondni u yerdagi mavjud transport-logistika habining zamonaviy infratuzilmasidan foydalangan holda, birgalikda ta’sis etish taklif qilindi.
«Shuni ta’kidlashni istardimki, afg‘on xalqi yaxshi qo‘shnichilik yordamimizga har qachongidan ham ko‘proq muhtojdir. Biz o‘tmishdagi xatolarni takrorlamasligimiz va Afg‘onistonni uning muammolari bilan yolg‘iz qoldirmasligimiz lozim.
Sanksiyalar siyosatining kuchaytirilishi va Afg‘onistonning hozirgi hukumati yanada yakkalanishi muqarrar ravishda mamlakat ichida radikallashuvning kuchayishiga olib keladi va uni terrorchilik tashkilotlari uchun platsdarmga aylantiradi.
Shu bois biz Afg‘oniston muvaqqat hukumati tomonidan ilgari qabul qilingan, shu jumladan, ayollar va bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishi bo‘yicha Kobul bilan konstruktiv aloqalarni rivojlantirish tarafdorimiz», dedi Prezident.
Fond mablag‘lari ushbu mamlakatdagi ijtimoiy inqirozni bartaraf etish, yoshlar uchun ta’lim dasturlari va sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Mavzuga oid
17:38 / 25.12.2024
Mirziyoyev MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi
15:59 / 25.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon samolyoti halokati yuzasidan hamdardlik bildirdi
00:30 / 25.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburgga bordi
20:19 / 24.12.2024