O‘zbekiston | 16:17 / 19.09.2022
16750
3 daqiqa o‘qiladi

Karnay-surnay, mushaklar va qo‘shiqlar: “Tashabbusli budjet” g‘oliblari g‘alabani nishonlayapti

O‘z soliqlari hisobiga shakllangan budjet pullarining bir qismi o‘zining mahallasi uchun sarflanishiga erishgan o‘zbekistonliklar bu yutug‘ini katta xursandchilik bilan nishonlayapti. Ko‘rinib turibdiki, xalq saylagan deputatlar xalqning pulini ular xohlagandek taqsimlaydigan kunlar kelmaguncha “Tashabbusli budjet” kabi loyihalar juda kerak.

“Tashabbusli budjet” loyihasining 2022 yildagi 2-mavsumi yakunlandi va eng ko‘p ovoz to‘plagan 1418 ta loyiha g‘olib deb topildi. Moliya vazirligi g‘oliblarni 18 sentabr kuni e’lon qilgan bo‘lsa ham, ovozlar sonidagi farqlarga ko‘ra g‘alabasiga ishongan mahallalar bayramni undan avvalroq boshlab yuborgan edi.

Internetda tarqalgan videolarda g‘olib bo‘lganiga ishongan mahallalar ahli buni o‘yin-kulgi va katta xursandchilik bilan nishonlayotganini ko‘rish mumkin.

G‘olib bo‘lgan loyihalarga jami 1 trillion 62 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Bu safar ham eng ko‘p loyiha Surxondaryo viloyatidan taqdim etildi (13 691 ta). Xorazm viloyati, Toshkent shahri va Buxoro viloyatida ham boshqa hududlarga qaraganda ko‘proq tashabbuslar ilgari surildi. Respublika bo‘ylab jami 60 mingga yaqin loyiha saralab olinib, ovozga qo‘yildi.

Foto: Moliya vazirligi

Tashabbuslarning 32 foizi ichki yo‘llarni ta’mirlash, 13 foizi maktablarni ta’mirlash yoki jihozlash, 12 foizi esa ko‘cha chiroqlarini ta’mirlash va o‘rnatishga doir.

Foto: Moliya vazirligi

Avvalgi mavsumlarda bo‘lganidek, bu safar ham odamlar o‘zlari to‘layotgan soliqlardan yig‘ilgan pullar o‘zlari istagan joyga sarflanishiga erishish uchun harakat qilishdi. Faollar mahallalarda, jamoat joylarida, ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibotning turli usullaridan foydalanib, o‘z takliflariga pul ajratilishi uchun ovoz to‘pladi. Ayrim joylarda bitta ovoz uchun 5 ming so‘mdan 10 ming so‘mgacha to‘landi, yana ba’zi mahallalarning vakillari tekin ichimliklar ulashdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Moliya vaziri Timur Ishmetovning Twitter'da yozishicha, “Tashabbusli budjet”ning 2-mavsumida O‘zbekistondagi jami mahallalarning 98 foizi (9201tasi) ishtirok etgan.

Vazirga ko‘ra, ortda qolgan uch mavsum davomida bildirilgan 100 mingdan ortiq takliflar asosida aholining eng dolzarb muammolarini o‘rganishga yordam beradigan “ochiq ma’lumotlar bazasi”ni shakllantirilmoqda.

“Davlat rahbarining aholi bilan bamaslahat qilinadigan loyihalar ko‘lamini kengaytirish bilan bog‘liq topshiriqlariga asosan, “Tashabbusli budjet” takomillashtirib boriladi”, – dedi Timur Ishmetov.

Madina Ochilova tayyorladi.

Mavzuga oid