08:33 / 27.09.2022
11413

Dog‘istonda safarbarlikka qarshi namoyishlar davom etmoqda

Maxachqal’ada namoyishchilar va politsiya o‘rtasida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi. Xasavyurtda ham xavfsizlik kuchlari va safarbarlik muxoliflari o‘rtasida to‘qnashuvlar kuzatilmoqda.

Videodan kadr

Rossiya Dog‘istonida 26 sentabr, dushanba kuni erkaklarni Ukraina bilan urushga safarbar qilishga qarshi yangi norozilik namoyishlari boshlandi. OAV xabarlariga ko‘ra, eng ko‘p sonli mitinglar respublika poytaxti Maxachqal’a va Xasavyurt shahrida bo‘lib o‘tmoqda.

Maxachqal’ada bir necha yuz kishi ko‘chaga chiqdi, deb yozadi «Kavkaz.Realii». Ko‘p o‘tmay markaziy maydonda namoyishchilar va politsiya o‘rtasida ommaviy mushtlashuv boshlandi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 70 ga yaqin ishtirokchi qo‘lga olingan.

Xasavyurtdagi mitingda 100 ga yaqin odam qatnashdi. Politsiya qo‘lga olishlarni amalga oshirdi, namoyishchilar ularga qarshilik ko‘rsatdi, bu Checheniston muxolif Adat harakatining Telegram-kanalida e’lon qilingan videolavhada ko‘rsatilgan.

Kabarda–Bolqoriya poytaxti Nalchikda ham norozilik aksiyasi boshlandi. Namoyishchilar oldiga mahalliy rasmiylar chiqishgan. Ular respublikadan qancha erkak harbiy xizmatga chaqirilishi rejalashtirilgani haqidagi savolga javob berishdan bosh tortdi.

Bir kun oldin Maxachqal’ada safarbarlikka qarshi miting bo‘lib o‘tib, uning ishtirokchilari orasida ayollar ko‘p edi. Kavkaz.Realii xabariga ko‘ra, 120 ga yaqin odam qo‘lga olingan. Ularning ko‘pchiligiga nisbatan ma’muriy ish ochilgan, sakkiz nafariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

25 sentabr kuni Dog‘istonning Xasavyurt tumani Endirey qishlog‘ida ham safarbarlikka qarshi aksiya o‘tkazildi. Mahalliy aholi Xasavyurt-Maxachqal’a federal avtomagistralini to‘sib qo‘ygan. Politsiya namoyishchilarni havoga o‘q uzib tarqatishga harakat qildi.

Shu kuni Nalchikda 20 ga yaqin ayol hukumat uyi oldidagi maydonga yig‘ilib, urush va safarbarlikni tanqid qildi.

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top