O‘zbekiston | 08:27 / 29.09.2022
24786
11 daqiqa o‘qiladi

Xorijdagi vatandoshlar va... Begonalashish xavfi haqida

Referendumga qo‘yilishi kutilayotgan yangi Konstitutsiyaning 22-moddasiga quyidagi norma kiritilishi ko‘zda tutilmoqda: “Davlat xorijda yashayotgan fuqarolar va vatandoshlar bilan aloqalarning saqlanib qolishi hamda rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi”.

To‘g‘ri tatbiq etilsa, bu norma nechog‘lik ahamiyatli ekani haqida gaplashamiz.

O‘zbekiston – aholisi har yili bir necha yuz mingga ko‘payayotgan mamlakat. Bir qancha sabablarga ko‘ra, ko‘p sonli vatandoshlarimiz xorijga chiqib ketgan: ishlash, ta’lim olish va boshqa maqsad hamda sabablar bilan. Uzoq muddatga ishlashga ketayotgan migrantlarimizning soni anchagina. 1990 yillardan boshlangan bu jarayon natijasida hozirda Rossiya, AQSh, Kanada, Angliya, Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlarda doimiy yashab qolayotgan yurtdoshlarimiz soni katta raqamlar bilan o‘lchanadi. Rossiyada millionlab, AQShning o‘zida hozirda uch yuz mingga yaqin o‘zbeklar istiqomat qilishadi. Janubiy Koreyada 70 mingdan ziyod, men yashab ishlayotgan Yaponiyada 4 ming atrofida vatandoshlar yashaydi.

Ularning orasida oilasi bilan kelib, farzand tarbiya qilayotganlar ham talaygina. Davlat, jamiyat, millat bu vaziyatda ular bilan (xoh O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsin, xoh bo‘lmasin) aloqalar rivojlanishini yelkasiga olishi muhim ijobiy qadam bo‘ladi. Bu yo‘lda amaliy qadamlar tezroq tashlanmasa, xorijdagi o‘zbekistonliklar diasporasi jiddiy zararlarga yuz tutadi. Nima demoqchiman?   

Masalan, o‘zbek muhojirlarining chet elda tug‘ilgan yoki unib-o‘sayotgan farzandlari o‘zbek tilini unutyapti, o‘zini o‘zbek, O‘zbekistonga mansub deb bilmaydi. Bu ketishda o‘zbeklar milliy o‘zligini yo‘qotishi mumkin. Hamda ularning O‘zbekiston bilan aloqalari batamom yo‘qolish ehtimoli bor. Bu esa yurtimiz uchun jiddiy yo‘qotishdir, xususan, xorijdagi yumshoq kuchimiz (soft power) zaiflashadi.

Ba’zilar uchun bu tabiiy hol bo‘lib, uni muammo sifatida ko‘rishmaydi. Muhimi farzandlari “yaxshi inson bo‘lsin”. Millat, din, til muhim emas, deyishadi. Kimlar uchundir esa bu jiddiy masala.

Xorijga chiqayotgan yosh oilalarning aksariyati bu masalada chuqur bosh qotirmaydi – yosh oila uchun iqtisodiy faktor ustun keladi. Ba’zilar farzandim hech qachon tili, madaniyati va dinini esdan chiqarmaydi, “bunga qattiq turaman”, deydi. Ammo amalda ularning ko‘pchiligi buni eplay olmaydi. Natijada, o‘zbek farzandlari tili, madaniyati va dinini yo‘qotib boradi va amalda shunday bo‘lyapti ham. 

Chet elda yashab, chiqargan eng katta xulosam shu bo‘ldi: aksariyat inson biologik ota-ona bo‘la oladi, ammo har bir biologik ota-ona yaxshi tarbiyachi bo‘la olmaydi. Chunki bir bolaning risoladagidek katta bo‘lib tarbiyalanishi uchun uning atrofida shunga yarasha muhit mavjud bo‘lishi kerak.

Bu borada AQShning “Amerika ovozi”da jurnalist bo‘lib faoliyat yuritayotgan hamyurtimiz Behzod Mamadiyev 1500 nafar Amerikadagi yurtdoshlarimiz orasida kichik bir tadqiqot o‘tkazgan. Xulosalar quyidagicha:

“Amerikadagi 12 yillik hayotim, ko‘rgan-kechirganlarim asosida sizga o‘z taxminiy raqamlarimni foiz ko‘rinishida taqdim etaman (diniga, tiliga, madaniyatiga o‘ta qattiq e’tibor qaratmaydigan o‘rtahol o‘zbekistonliklar haqida bu):

O‘zbekistonlik muhojirlarning Amerikada tug‘ilib o‘sgan farzandlari:

  • ota-onasi tilini unutishi ehtimoli – 80-90 foiz;
  • o‘zini O‘zbekistonga mansub deb bilmaslik ehtimoli – 99 foiz;
  • dinini unutishi ehtimoli – 50 foiz.

O‘zbekistonlik muhojirlarning Amerikada tug‘ilib o‘sgan nabiralari:

  • bobo-buvisi tilini unutishi ehtimoli – 99 foiz;
  • o‘zini O‘zbekistonga mansub deb bilmaslik ehtimoli – 100 foiz;
  • dinini unutishi ehtimoli – 90 foiz”.

Demak, ikki avlod almashishi bilan siz yoki asrlar davomida sizning ajdodlaringiz tashigan o‘zlik boy beriladi. “Nega xorijdagi yurtdoshlarga yordam berishimiz kerak, axir yurtimizda ham muammolar sonmingta-ku!” – deyishingiz mumkin. Kalta o‘ylangan iddao. Avvalambor, yurt ichidagi muammolar also tugamaydi. Yaponiyada, AQShda muammo yo‘qmi? Albatta bor, bundan keyin ham bo‘ladi.

Agar vatandagi yurtdoshlarimiz Mustaqillik bayrami, Navro‘z, Xalqaro xotin-qizlar kuni, Ustoz va murabbiylar kuni, Ramazon va Qurbon hayitini shodlik-la va yurtdoshlar davrasida kutayotgan bo‘lsa, bilingki, xorijdagi millionlab vatandoshlarimiz bunday imkoniyatdan mahrum.

Milliy o‘zlik milliy-diniy bayramlari bilan tirik. Ammo biz – xorijda yashovchi o‘zbeklar – o‘zbekistonliklar, o‘sha kuni ko‘chalarga chiqib, bayram shukuhini his eta olmaymiz. Bu nechog‘lik qayg‘uli holat ekanini bizlar bilamiz...

Xorijdagi vatandoshlarimiz har yili millionlab, milliardlab dollarlarni yurtimizga yuborishadi, ko‘plari chet elda olgan ilm va tajribalarini Vatan foydasiga safarbar etishadi, yillar davomida misqollab yig‘gan networking imkoniyatlarini vatanimiz elchixonalari orqali Vatanlariga sarf qilishadi. Inchunun, xorijdagi bu kabi vatandoshlarimiz alohida e’tiborga loyiqdirlar. Biz ularni yo‘qotmasligimiz kerak.

Boshqa tomondan, 36 millionlik xalqimizni 448 ming kvadrat kilometr ichiga qamab o‘tirish ham to‘g‘ri ish emas. O‘zbekiston yoshlari o‘ziga yarasha potensial sohibidir. Yoshlarning barcha orzularini O‘zbekiston ichiga hibs etish – ularning orzulariga to‘g‘onoq bo‘lish. Biz bir necha yuz milliard dollarlik iqtisodiyotni barpo eta olishimiz uchun dunyoning har bir o‘lkasiga kirib borishimiz, barcha madaniyatlar bilan yuzma-yuz kelishimiz, ular bilan hamohang yashashni o‘rganishimiz zarur.  

Brain Drain – aqllar oqimiga qo‘rqmay yuzlanishimiz lozim. Xorijga “surish” – yoki xorijga katta ko‘chish bilan yuzma-yuz turgan vatandoshlarimizga albatta g‘amxo‘rlik qilishimiz zarur.

O‘zbeklarning, o‘zbekistonliklarning dunyo rivojiga va madaniyatiga qo‘shgan va qo‘shayotgan hissasi ulkan. Hozir bu uchun chegara kerak emas. Men shaxsan kelajakda vatandoshlarimiz yoki ularning avlodlari orasidan AQSh kongressmenlari, Yevropa Ittifoqi Parlamenti deputatlari yoki Chikago shahri meri yetishib chiqishini umid qilaman.

Joiz bo‘lsa, bir misol keltiraman. Ozarboyjonni Tog‘li Qorabog‘ masalasida eng ko‘p o‘ylantirgan joyi Armanistonning harbiy salohiyati emas, balki Rossiya armiyasida xizmat qilayotgan arman generallari-yu Fransiya-AQSh parlamentlaridagi arman deputatlari...

Iqtisodiy diplomatiyamiz haqida gapiradigan bo‘lsak ham shu gap – elchixonalarimiz ham dunyoning turli nuqtalarida yashab, faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz yordamida tez va oson ishlay oladi.

Yechimlar haqida

Xitoyliklar kabi xorijda gettolashish – barcha o‘zbeklarning bir joyda yashashi nazariy jihatdan mumkin bo‘lsa-da, amaliy jihatdan imkonsiz. Undan ko‘ra, bizni tabiiy ravishda o‘ziga tortuvchi, birlashtiruvchi qadriyatlarimiz yechim bo‘ladi.  

Bu yerda shunday savol qo‘ygan ma’qul: xorijda o‘zbekistonliklarni uchratish mumkin bo‘lgan joylar qayer?

Musulmonlar diniy idorasi xorijga yuzlanmog‘i shart!

Avvalo, xorijda yashovchi yurtdoshlarimizning kattagina qismi diniga sodiq, muxlis musulmonlardir. Aynan masjidlarda yurtdoshlarimizni ko‘proq uchratamiz. Ammo ushbu masjidlar o‘zga musulmon yurt vakillari tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, uning imomi ham, imom noiblari ham chet elliklardir. Xutbalar ham yo masjid joylashgan xorijiy yurt tilida yoki o‘sha imom mansub bo‘lgan millat tilida qilinadi. O‘zbekistonliklar tomonidan tashkil qilingan xorijdagi masjidlar esa o‘zbeklar soniga nisbatan juda ham oz yoki umuman yo‘q.

O‘zbekiston hukumati shunday joylarda o‘zbek imom domlalari bo‘lishiga, masjidlar qurilishiga, loaqal bino sotib olinishiga yordam ko‘rsatsa bo‘ladi. Shu orqali dindor o‘zbeklar farzandlari dinini ona tili orqali o‘rganishi, bu orqali milliy o‘zligining kattagina qismini saqlab qolishiga erishishi mumkin. Bularni o‘sha yerdagi vatandoshlarimiz bilan hamkorlikda Musulmonlar diniy idorasi yo‘lga qo‘yishi mumkin. Buning uchun alohida jamg‘armalar shakllantirsa ham bo‘ladi. Vaziyatlar turlicha: Pusandagi o‘zbeklarda pul bor-u, imom yo‘q, Tokioda esa imom bor-u, moddiy imkon yetarli bo‘lmasligi mumkin...  

Vatandoshlarimiz milliy madaniyat markazlariga muhtoj!

Vatandoshlarimizni o‘ziga tortuvchi yana bir maskan – milliy madaniyat markazlari. Vatandoshlarimizning milliy-madaniy tadbirlarga qiziqishi qay darajada balandligini Yaponiyada 2018 yilda uyushtirilgan yurtimiz san’atkorlarining gastrol safari davomida yaqqol sezgandim. Milliy madaniyatimiz burchagiga yaponlar ham, vatandoshlarimiz ham rosa qiziqqani shohidi bo‘lgandim.

Yurtdoshlarimiz farzandlari uchun ona tili va adabiyoti darslari o‘tkazish ham muhim. Afsuski, xorijda aynan mana shunday milliy madaniyat markazlarimiz umuman faoliyat yuritmaydi.

Turkiya davlati tomonidan tashkil etilgan Yunus Emre madaniyat markazlari dunyoning 60 dan ortiq davlatida tashkil qilinib, turk tili va madaniyatini yoyish vazifasini bajaradi.

Yunus Emredan Alisher Navoiyning qolishadigan joyi yo‘q...

Shunday ekan, bizning yumshoq kuchimiz o‘laroq, milliy madaniyat markazlarimizni vatandoshlarimiz ko‘plab yig‘iladigan xorij megapolislarida tashkil etishimiz darkor. U yerlarda milliy madaniyatimiz tarannum etilishi, tilimiz va adabiyotimiz o‘zbeklarga eslatilishi, xorijliklarga ko‘rsatilishi lozim.

Keyingi paytlarda iqtisodiy diplomatiyamizning kuchaygani tufayli, elchilarimiz xorij davlatlarining turli shaharlariga safarlar uyushtirishmoqda. Milliy markazlarning tashkil etilishi iqtisodiy diplomatiyamizni rivojlantirish uchun ham yaxshi joy taqdim etadi. Zero xorijdagi har bir shahar va viloyatlarda elchixonalar yoki konsulliklarni ochishga moddiy va insoniy resurslarimiz yetmaydi. Vatandoshlar bilan hamkorlikda tashkil qilingan madaniy markazlar esa bu uchun yaxshi imkoniyat beradi.

Xulosa o‘laroq, xorijdagi yosh avlodni asrab qolish uchun vatandoshlarimizga masjid va madaniyat markazlarini tashkil etish kerak. Bu esa moddiy yordam va kadr jihatidan qo‘llab-quvvatlashni talab etadi. Umid qilamanki, millat o‘laroq buni eplay olamiz.

Alisher Umirdinov,
Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti professori, huquq fanlari doktori

Mavzuga oid