13:49 / 14.10.2022
10503

Shavkat Mirziyoyev MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etdi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev raisligida o‘tayotgan sammit ishida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda MDH ijroiya qo‘mitasi raisi – ijrochi kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq delegatsiyalar rahbarlari tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va bu borada erishilgan natijalar yuzasidan fikr almashdilar, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Davlat rahbari o‘z nutqida MDH doirasidagi sheriklikni mustahkamlash muhim yo‘nalishlari yuzasidan o‘z nuqtayi-nazarini bayon qildi. Ta’kidlanganidek, jahondagi murakkab vaziyat, kuchayib borayotgan keskinlik va strategik mavhumlik barqaror taraqqiyot borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va MDH maydonidan maksimal darajada samarali foydalanishni taqozo etmoqda.

Hamdo‘stlik mamlakatlarida izchil iqtisodiy o‘sishga erishish muhimligi qayd etildi. Mavjud xatarlarga qaramasdan, MDH doirasida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ijobiy o‘sish sur’atlarini ta’minlashga muvaffaq bo‘linayotgani ta’kidlandi. O‘zbekistonning tashkilotga a’zo davlatlar bilan tovar aylanmasi o‘tgan yil yakuniga ko‘ra 35 foizga oshdi, bu yil boshidan buyon esa yana uchdan birga o‘sdi.

Mashinasozlik, energetika, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. So‘nggi oylarning o‘zida MDH mamlakatlaridagi sheriklar bilan 800 dan ortiq yangi korxona ishga tushirildi.

Shu bilan birga, o‘zaro savdodagi to‘siqlarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Davlat rahbari narx-navoning sun’iy o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda inflatsiyani jilovlash maqsadida MDH makonida oziq-ovqat mahsulotlari to‘siqlarsiz yetkazib berilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligini qayd etdi.

Mamlakatlar transport tizimiga bo‘lgan jiddiy tahdidlarni inobatga olgan holda, yangi logistika yo‘laklarini hamkorlikda rivojlantirish g‘oyat muhim. Bu o‘rinda gap “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” hamda “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘llarini qurish loyihalari haqida bormoqda. Ular MDHni transqit’aviy transport tashishlarning muhim zanjiriga aylantirishga ko‘maklashadi.

O‘zaro innovatsion hamkorlik va yoshlar masalasida munosabatlarni kengaytirish maqsadida prezident kelgusi yilda O‘zbekistonda MDH mamlakatlari yosh olimlarining “Yoshlar innovatsiya tarafdori” shiori ostidagi birinchi kongressini o‘tkazishni taklif qildi.

O‘zbekiston ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at borasidagi qo‘shma loyihalar va dasturlar amalga oshirilishida yanada faol ko‘maklashish va ishtirok etishga tayyorligi ta’kidlandi.

2023 yilda Sankt-Peterburg shahrini MDHning madaniyat poytaxti deb e’lon qilinishi to‘g‘risidagi qaror qo‘llab-quvvatlandi. 2024 yilda madaniyat poytaxti nomini olishga Samarqand nomzodi ilgari surildi. Bundan tashqari, davlat rahbari har yili shaxmat bo‘yicha Hamdo‘stlik ochiq kubogini o‘tkazishni taklif qildi.

So‘z yakunida O‘zbekiston yetakchisi MDH ijroiya qo‘mitasi raisi – ijrochi kotibi Sergey Lebedevning vakolatlari navbatdagi muddatga uzaytirilishini ma’qulladi hamda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovga 2023 yilda tashkilotga raislik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Sammit natijalari bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlik turli sohalariga oid qator muhim hujjatlar qabul qilindi.

Mavzuga oid
Top