Fan-texnika | 17:24 / 25.10.2022
75374
14 daqiqa o‘qiladi

Qo‘lga qalam olaylik! - ilmiy kitoblar yozish zarurati haqida

“Yaponlarning bu darajaga yetishi ortida nima turadi, bilasizmi? Bunga ko‘p faktorlar ta’sir qilgan bo‘lsa-da, bir jihatni alohida aytish kerak – yapon olimlari dunyoda mavjud ilmni o‘rganib, keyin bu ilmni o‘z davlatlariga kitob yozish orqali tashib keltirishgan”.

Nagoya universiteti professori Alisher Umirdinov Kun.uz uchun yozgan maqolasida O‘zbekistondagi ilmiy kitoblar yetishmovchiligi haqida fikr yuritadi.

Nobel mukofotini har yili kutuvchi yaponlar

Oktyabr oyi kelishi bilan butun Yaponiya xalqi yangiliklarni kuzatadi, zero aynan oktyabr oyining boshida Nobel mukofoti laureatlari e’lon qilinadi. Bu yil ham yaponlar o‘zlari kuchli bo‘lgan sohalar – tibbiyot, fizika, kimyo va adabiyot sohalarida biror yapon mukofot olishini kutishdi. Katta telekanallar marosimni to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatib turdi. Olimlari mukofot olishi ehtimoli yuqori bo‘lgan universitetlar jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazishga shaylanishdi.

Bu yil biror yapon olimi Nobel ololmadi. Ammo bunaqa – mukofot kutish muhitining o‘zi yaponlarning ilmga bo‘lgan muhabbatidan, dunyo ilmiga qo‘shayotgan hissasidan darak.

Men yashaydigan hududdagi Gifu va Toyama viloyatlarini bog‘lagan 41-davlat yo‘li bo‘ylab Nobel mukofoti egalari yo‘lagi bor. Aynan shu hududda 5 nafar Nobel laureati sohiblari yetishib chiqqan.

Yaponlarning bu darajaga yetishi ortida nima turadi, bilasizmi? Bunga ko‘p faktorlar ta’sir qilgan bo‘lsa-da, bir jihatni alohida aytish kerak – yapon olimlari dunyoda mavjud ilmni o‘rganib, keyin bu ilmni o‘z davlatlariga kitob yozish orqali tashib keltirishgan.

Oqibatda bir kun kelib ilmning deyarli xohlagan sohasini yapon tilida yozilgan kitoblar orqali o‘rganish imkoni paydo bo‘ldi. Dunyoda qaysi sohada yangi tendensiya paydo bo‘lsa, yapon olimlari yo o‘sha sohada kitob yozib millatiga tanishtiradi, yoki biror o‘zga tilda yozilgan kitobni tezda yapon tiliga o‘giradi.

Yaponiya va uning xalqi mana shunday – ilmga to‘yingan holda ildamlaydi. Va ulardan Nobel mukofoti sohiblari chiqadi.

Yaponiyada universitet professori nafaqaga chiqish payti kelsa, albatta shogirdlari va hamkasblari oldida oxirgi ma’ruzasini o‘qiydi va u ilmiy hayoti davomida qanday nazariyalarni ilgari surgani, amalga oshirgan ilmiy ishlari, yozgan va tarjima qilgan kitoblari hammaning oldida namoyish etiladi. Olim o‘z sohasida qay darajada chuqurlashgani, xalqiga qanday yangi sohalarni ocha olgani e’tirof etiladi.

Demak, bir millatning ilm yo‘lidagi odimi o‘sha mamlakatning qay darajada ilmlar bilan to‘yinganiga, ilm sohalarining o‘sha mamlakat ichiga ona tilida kirib kelganiga bog‘liq ekan. Shunday ekan, biz – o‘zbek tadqiqotchilari va olimlari dolzarb ilm sohalarini va ularga oid kitoblarni xalqimizga to‘xtovsiz ravishda tanishtirishimiz darkor.

O‘zbekistonda katta ilmiy defitsit bor

Ilm shu darajada qiziqarli shaklda millatimiz yoshlariga tanitilishi lozimki, ularga qiziqish keskin ommalashsin! Biz empirik bilimlarni, fan va texnologiya, ijtimoiy dissiplinalarni tezlik ila va tizimli ravishda yurtimizga IMPORT qilishimiz shart! Buni yaponlar amalga oshirgani kabi.

Hamkasblarimga murojaat qilmoqchiman: ilmlarni yurtimizga “tashib kelish”ga bel bog‘laylik. Boshqacha qilib aytganda, ilmni yurtimizga qaytarishimiz kerak...

Dunyo biladigan, ammo o‘zini o‘zi bilmaydigan xalq

O‘zbeklarni tavsiflash so‘ralganda men “u haqda dunyo biladigan, ammo o‘zini o‘zi bilmaydigan xalq” degan bo‘lardim.

Biz o‘zimizni tanishimiz, o‘zimiz bilan yuzma-yuz kelishimiz uchun chet elliklarning biz haqimizda yozgan kitoblarini o‘z tilimizga o‘girishimiz kerak. Kinomiz, oilaviy hayotimiz, an’analarimiz, siyosatimiz, iqtisodimiz, tariximiz haqida o‘zgalar yozgan kitoblarini o‘qishimiz kerak. Barchasi daqiq darajada tadqiq etilgan... Ko‘rib yoqa ushlaysiz.

Biroq xalqimiz unday kitoblarni bilmaydi, o‘qiy olmaydi. Natijada biz o‘zimizni ham yaxshi bilmaydigan, tanimaydigan xalqmiz. Bu esa olim-tadqiqotchilarning aybi va mas’uliyatsizligi...

Shaxsiy rivojlanish va marketingga oid kitoblarni chop etish va o‘qish yaxshi, ammo mamlakatning asl muvaffaqiyatini iqtisod, fizika, tarix, siyosat, geografiya, biologiya, kimyo va hokazo imlarni o‘rganish ta’minlaydi. Bu sohalarni xalqimizga oson tushuntirib beradigan katta va kichik kitoblar taqchilligi – kundek ravshan.

Masalan:

  • Koronavirus pandemiyasi va uning oqibatlariga oid o‘zbek tilida biror kitob yozildimi?
  • Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlari bilan chegaraviy va suv muammolarimiz mavjud. Mavzuni to‘laqonli ochib beradigan biror kitob bormi?
  • Iqlim o‘zgarayotgani haqida eshityapmiz. Aslida nima bo‘layotganini, Parij bitimining o‘rnini, mintaqamizning keyingi 30-40 yillik kelajagini tushuntiradigan kitob bormi?
  • Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitini yaqinda o‘tkazdik. Xo‘sh, ushbu tashkilot nima va undan bizga keladigan foydalar-u, undagi tortishuvlar haqida biron xalqaro xavfsizlik sohasidagi olim bizga kitob yozib berdimi?
  • Afg‘onistonni amalda boshqarib turgan toliblarni siyosiy kuch sifatida qanday tavsiflash kerak? Hukumat nelarga e’tibor qaratishi kerag-u, afg‘onlar bilan ishlaydigan mahalliy tadbirkorlarimiz nelarga tayyor turishi kerak? Bizda bu borada afg‘onshunos mutaxassislar yo‘qmi? Bor, ammo negadir ular ona tilimizda hecham yozishmaydi.

O‘zbek tilida dunyoni o‘rganib bo‘lmayapti

Xitoy, Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston – nima bilamiz bu mamlakatlar haqida?

Dunyo siyosati, iqtisodi va tarixi haqida o‘zbek tilida kitoblar nechta?

Yurtimiz tarixi va unda yashab o‘tgan sulolalar va undagi tarixiy shaxsiyatlar haqida yozish kerak. Yozmasak, omma filmlarni ko‘rib, Usmonli sultonlarni taniydi faqat...

Aniq fanlarga oid kitoblar yozish kerak.

Ta’lim sohasi, muvaffaqiyatga erishgan davlatlar, millatlar tajribasi haqida yozish kerak.

Bizni hozir kimdir o‘rganyapti...

Xitoyning tadqiqotga yo‘naltirilgan universitetlarida bizni obdan o‘rganishyapti. Rossiyada ham, Yevropa Ittifoqida ham, Yaponiya va Koreyada ham – bizni o‘rganishyapti. Hind olimlari ham to‘xtovsiz bizni kuzatish va tahlil qilishda davom etishmoqda. Biz esa hatto o‘zimizni o‘rganmayapmiz...

Rossiya BMT nizomiga xilof ravishda Ukrainaga bostirib kirdi. Men yashaydigan Yaponiyada shu 6 oy ichida Rossiya siyosati va uning Ukraina davlati bilan aloqasiga oid o‘nlab kitoblar chiqdi. Bu hali men bilganlarim. Biz esa OAVdagi xabarlarni kuzatamiz, xolos...

Xitoy “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi orqali tarixda ikkinchi bor dunyoga ochilmoqda. Va mana shu ochilishning eng oldingi safida mintaqamiz davlatlari turibdi. Xitoy bir necha trillion dollarlik valuta zaxirasi va texnologik ustunligi bilan Yevrosiyo va Afrika davlatlarini iqtisodiy jihatdan bog‘lab olmoqchi. Xitoy ertami-kechmi dunyo qoidalarini Pekinda yozishadi degan ishonchda. Bu mavzuda ingliz, yapon va rus tillarida ko‘p va ho‘p yozildi. Ammo “Bir kamar, bir yo‘l”ning ilk manzillaridan bo‘lgan va Xitoydan bir necha milliard dollar qarzi, eng katta investori Xitoy bo‘lgan O‘zbekistonning olimlari bu bo‘yicha tahlillarni xalqqa yetkazgani yo‘q!

Xitoyni tahlil qiladigan aql markazlari, ilmiy assotsiatsiyalar mavjud emas. Bu mavzuda yetarlicha bilim olish uchun siz albatta chet tilini bilishingiz kerak.

Bu ro‘yxatni boshqa davlatlarni o‘rganishga ham birdek tatbiq etsak bo‘ladi.

“SSSRcha” kitob yozmaylik

Faqat biz SSSR zamonidan qolgan, turli nazariyalarni kategoriyalarga bo‘lish, sinflarga ajratish va shundayicha bor faktni gapirib qo‘yishga o‘xshagan ichi to‘la “suv” kitoblar yozmasligimiz kerak. Kitobxonga bu kerakmas.

Nega yoshlar ko‘p kitob sotib olmaydi?

Chunki kerakli kitob yo‘q-da! Biqiqlik yuzaga kelgan. Fan sohalariga oid kitoblar juda ham kam yoki deyarli yo‘q.

“Men sohamda monografiya chiqarib qo‘yganman, Alisher Navoiy kutubxonasida turibdi”

“Kerak bo‘lsa, topib o‘qib ol” kayfiyati – mas’uliyatsizlik. Bir oylik chaqaloq sut ichgisi kelsa, onasi muzlatgichga sut qo‘yib, borib o‘zing ichib olaver degandek gap bu. Millat olimlari kitobxonni o‘ziga tortib olishi lozim. Buning uchun qiziqarli, jonli uslublarni qo‘llash kerak.

Men barcha tadqiqotchilarni befoyda ish bilan shug‘ullanayotganlikda ayblamoqchi emasman. Minglab foydali nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari bor. Ammo ular aholi qo‘lidagi kitobga aylanmay, universitet arxivlarida chang bosib yotibdi. Ko‘plab ilmiy ish natijalari aholiga yaqinlashtirilmagan. Oson tilda xalqqa taqdim etilmagan. Xuddi o‘rta asrlar Yevropasidek: ilm faqat cherkov va universitetlarning ichida qolgandek.

Rivojlangan davlatlarda professorlar nafaqat o‘zining ilmiy halqasi, balki xalq bilan ham faol aloqada turishi lozim. Va shuning uchun ham ilmiy ishlarini xalq e’tiboriga taqdim etadi. Bizda holat boshqacha.

Samarasiz kitoblar

Ko‘pchilik olimlarimiz darslik yoki o‘quv qo‘llanma chiqarib, o‘zlarini qoyillatib qo‘ygandek tutishadi. Ammo qo‘llanmalari o‘sha sohaga ixtisoslashgan universitetlarda o‘qitiladigan 100-200 tirajda chiqadi xolos. Chiqqanida ham ko‘pincha sifatsiz, universitet sillabusiga moslangan shaklda chiqadi va o‘sha universitet ichida qolib ketadi. Uni boshqa viloyatdagi talaba qo‘liga ola olish ehtimoli o‘ta past.

O‘zbekistonda ilmning davlat hududi bo‘ylab sirkulyatsiyasi juda ham yomon.

Ajib savol-javob

Ijtimoiy tarmoqda men duch kelgan savol-javob:

Savol: Assalomu alaykum, kitobxonlar. Ilmingiz bundan-da ziyoda bo‘lsin. Bir iltimosim bor edi. Pedagogikaga yangicha yondashuv, o‘zgacha qarashlar mavjud bo‘lgan, rivojlangan davlatlar ta’lim tizimi haqidagi ilmiy asarlarni tavsiya etsangiz, xususiy maktab ta’limiga yangilik kiritish niyatimiz bor. Oldindan rahmat.

Javoblar:

Chet elni qo‘ying, milliy adabiyotni oling.

— Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” asari.

Aftidan, bir pedagog xususiy maktabda ishlaydi (balki uning direktoridir) va unga hozirda rivojlangan davlatlardagi ta’lim tizimi haqida yozilgan, pedagogika sohasiga oid ona tilimizdagi kitoblar kerak. Va u savolini ko‘ndalang tashlab, shunday kitob bo‘yicha xabar berishini so‘rayapti. Ammo javoblarning biri milliy adabiyotga qaytishga chaqirayotgan bo‘lsa, boshqasi 100 yil avval yozilgan jadid ajdodimiz Abdulla Avloniyga yo‘naltiryapti...

21-asrda yashayotgan bizlar Avloniydan ilhomlanishimiz shart, ammo u va uning kitoblari 100 yil keyingi davr uchun amaliy maslahatlar bera olmaydi. Milliy adabiyot esa zamonaviy ta’lim masalasida biror qo‘lga ilinarli kitobni taqdim etmagan.

Pedagog olimlarga savol: Finlandiya, Yaponiya, AQSh, Angliya, Misr, Janubiy Koreya, Singapur, Xitoy kabi davlatlarning ta’lim tizimiga oid tizimli kitoblar yozish payti kelmadimi?

Kitob yozish uchun hammada ham PhD tituli yoki universitet diplomi bo‘lishi shart emas. O‘zini mutaxassis hisoblagan barcha kitob yoza oladi.

Yaponiyada kitob yozishni olimlar o‘zlariga vazifa deb bilishadi. Chunki aynan shuning uchun ular davlatdan grantlar olishadi! Bizda unday grantlar yo‘q deb o‘zingizni oqlamang. Yaponlar avvalida bizdan-da og‘ir ahvolda turib gransiz, katta yordamlarsiz kitoblar yozishgan. Keyingi aqlli avlod esa so‘ramasa ham grant beradigan bo‘lgan.

“Ustoz” nomini olib, har kuni yuzlab talabadan “salom” so‘zini eshituvchi olimlar! Hammasi davlatning egnida emas, biz – olimlarning egnida ham yuk bor. “Davlat hal etsin, vazirlik yugursin” bilan ish bitmaydi. Olimning jiddu jahdiga, qalamining kuchiga, ilmga vafodorligiga ko‘p narsa bog‘liq.

Oldingi yapon olimlari ilmiga vafo qildi. Hozirgi avlod ularga vafo qilmoqda. Koreys olimlari ham shu hol. Hozirda Koreyada eng hurmat qilinadigan kasblardan biri – universitet professorlaridir.

Alisher Umirdinov,
Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti professori, huquq fanlari doktori

Kun.uz kolumnistlarni hamkorlikka chorlab qoladi. Dolzarb mavzulardagi mualliflik maqolalarini @Muhammadshakur Telegram-manziliga yuborishingiz mumkin.

Mavzuga oid