19:06 / 27.10.2022
3488

Arxiv hujjatlarini maxfiylikdan chiqarish ishlari bo‘yicha ma’lumot berildi

«O‘zarxiv» agentligi direktori Ulug‘bek Yusupovning aytishicha, yaqin-yaqingacha 1917 yilgacha bo‘lgan hujjatlar ham yopiq bo‘lgan. Bugunga kelib ularni ochiqlash boshlangan. Rasmiylar maxfiy hujjatlarni ochiqlash va raqamlashtirish bo‘yicha ishlarning to‘rtinchi bosqichi yakunlanayotganini aytmoqda.

«Shu kunga qadar nafaqat yaqin tarixga, balki 1917 yilgacha bo‘lgan hujjatlar ham yopiq edi. Ularni maxfiylikdan chiqarish bo‘yicha ishlarni boshlaganmiz. Faqat bu jarayon ko‘p vaqt talab etadi. Bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Hozirda 3 ta bosqichda hujjatlarni raqamlashtirib, ularni maxfiylikdan chiqardik. O‘tgan yili ham ba’zi hujjatlar maxfiylikdan chiqarilib, ochiq fondga o‘tkazilgan», dedi agentlik rahbari.

Taniqli adib Nabijon Boqiyning «O‘zarxiv»dagi maxfiy hujjatlarni ochiqlashda Sardor Umrzoqovdan yordam so‘rab yozgan xati internetda tarqalgandi. «O‘zarxiv» agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishidan so‘ng yozuvchi bilan ko‘rishib, hamkorlik bo‘yicha bir necha taklifni o‘rtaga tashlaganini aytib o‘tdi. Mutasaddi so‘zlariga ko‘ra, yozuvchi takliflardan birini qabul qilgan.

Tadbirda arxivlarda hujjatlar bilan ishlash, ulardan foydalanish bepul ekani, xoh tadqiqotchi bo‘ladimi, xoh talaba – xohlagan fuqaro ilmiy arxivdagi o‘quv zallariga kelib bepul foydalanishlari mumkinligi aytildi.

Qayd etilishicha, hozirga kelib hujjatlarni maxfiylikdan chiqarish bo‘yicha to‘rtinchi bosqichda ishlar boshlangan. Matbuot anjumanida bir oy muddatda bu ishlar ham tugallanishi ta’kidlandi.

Top