18:50 / 28.10.2022
6133

MDH Parlamentlararo Assambleyasi ilk marta o‘z qarorgohidan tashqarida – O‘zbekistonda yig‘ildi

Foto: KUN.UZ

Samarqand tumanidagi sayyohlik markazida MDH Parlamentlararo Assambleyasi sessiyasi o‘tkazildi. Majlisda Hamdo‘stlik mamlakatlari parlament delegatsiyalari, hamkor xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko Assambleyaning Samarqanddagi sessiyasi doirasidagi tadbirlar dasturi keng ekanini aytib o‘tdi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevga MDH PA majlisini Samarqandda o‘tkazish taklifi uchun minnatdorchilik bildirdi. Assambleyaning 30 yilligi nishonlanayotgan yilda birinchi marta yalpi majlis va MDH PA Kengashi Sankt-Peterburgdagi qarorgohidan tashqarida o‘tkazilganiga urg‘u berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Senati raisi Tanzila Norboyeva o‘tgan 30 yil davomida MDH PA Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bilan bog‘liq dolzarb masalalarni birgalikda muhokama qilish va muhim qarorlar qabul qilish uchun samarali maydon bo‘lib xizmat qilganini ta’kidladi.

“So‘nggi yillarda dunyo davlatlari parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik tobora kengayib borayotgani, turli formatlarda o‘zaro muloqotlar jadal tus olayotgani biz uchun bu borada keng imkoniyatlarni yaratmoqda. MDH Parlamentlararo Assambleyasining Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan navbatdagi majlisi ularda belgilangan dolzarb vazifalarning ijrosini ta’minlashga, parlament diplomatiyasini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shadi.

O‘ylaymanki, birgalikda qabul qilinadigan qarorlar Assambleya faoliyatini yanada takomillashtirish hamda uning doirasida hamkorligimizni yanada kengaytirish uchun asos bo‘ladi”, - dedi Norboyeva.

Kengash ishtirokchilari MDH PA ellik to‘rtinchi yalpi majlisi kun tartibini muhokama qildilar. MDH Davlat rahbarlari kengashining 2022 yil 14 oktyabrdagi qarorlari, shuningdek, MDH PA bir qator doimiy komissiyalari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni eshitdilar.

Sessiya doirasida Tanzila Norboyevaning mehmon davlatlar delegatsiyalari vakillari bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu muloqotlarda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. 

Top