13:43 / 30.10.2022
14123

Bu yil jahon siyosatining markazi O‘zbekistonga ko‘chdi – Matviyenko

27-28 oktyabr kunlari Samarqand shahrida MDH Parlamentlararo assambleyasining kuzgi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir shunisi bilan ahamiyatliki, o‘tgan o‘ttiz yil davomida birinchi marta mazkur Assambleyaning yalpi majlisi va MDH PA Kengashi Sankt-Peterburgdagi qarorgohidan tashqarida o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Federatsiya Kengashi Raisi, MDH PA Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan uchrashdi.

“Bu yil jahon siyosatining markazi O‘zbekistonga ko‘chdi, bu yerda oliy darajadagi yirik xalqaro tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Bu mamlakatimizning xalqaro siyosatdagi o‘rni va jahon hamjamiyatidagi O‘zbekiston nufuzi ortib borayotganidan dalolat beradi”, dedi Matviyenko.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonning ustuvor strategik hamkori ekanligini va davlat rahbarlarining ishonchli muloqoti tufayli an’anaviy do‘stona munosabatlar izchillik bilan yuqori bosqichga ko‘tarilayotganini e’tirof etdi. 

Anjumanda ishtirok etgan Kun.uz jamoasi mehmon davlat vakillarining fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.

“Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar juda yaxshi, buni MDH doirasidagi uchrashuvlarda ham sezish mumkin. Samarqanddagi ikki kun juda tig‘iz bo‘ldi. Masalan, natsizm qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida qonunni ko‘rib chiqdik.

Bugun barcha parlamentlarning quyi va yuqori palatalari spikerlari nutq so‘zlashdi. Saylov jarayonlariga tashqi aralashuvga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini muhokama qildik. Samarqand yaqinda ShHT sammitini, bugun Parlamentlararo Assambleya sessiyasini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Bu O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeyiga ijobiy ta’sir qiladi”, - dedi Belarus milliy majlisi xavfsizlik va xalqaro aloqalar bo‘yicha kengashining doimiy komissiyasi raisi Sergey Rochkov.

Rossiyalik senator Vladimir Politayev ham o‘z xulosalarini ma’lum qildi. Senatorga ko‘ra, anjumanda migratsiya, turizm va ta’lim masalasi ham muhokama qilingan. U o‘zbekistonlik talabalarning Rossiyaga kirishini osonlashtiradigan qonun ham qabul qilinganini aytib o‘tdi. Yalpi majlisda shuningdek, 40 ta qonun loyihasi qabul qilingan.

Sessiyasida madaniyat, turizm va sport sohasidagi yangi qonun loyihalari muhokama qilindi. Hamdo‘stlik mamlakatlari parlamentlari vakillariga MDH davlatlari uchun namunaviy Intellektual mulk kodeksining yangi tahriri loyihasi taqdim etildi. Parlamentariylar, shuningdek, madaniyat, turizm va sport sohalarida raqamli rivojlanish jabhasida qonun ijodkorligi yo‘nalishini ham muhokama qildilar.

Anjuman doirasida Hamdo‘stlik mamlakatlarining yoshlar parlamentlari a’zolari “NEET yoshlari” muammolarini muhokama qildilar. “NEET yoshlari” muammosini hal qilish majlisda asosiy masalalardan biri bo‘ldi. MDH parlamentlari a’zolari yoshlar o‘rtasidagi ishsizlikni qonunchilik yo‘li bilan tartibga solish orqali hal etish hamda Hamdo‘stlik mamlakatlarida ishlamaydigan va o‘qimaydigan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish usullari xususida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Sessiya davomida Tanzila Norboyevaning mehmon davlatlar delegatsiyalari vakillari bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu muloqotlarda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. 

Ikki kun davom etgan tadbirlarda MDH PAga kiruvchi mamlakatlar parlamentlari delegatsiyalari rahbarlari va a’zolari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar va ekspertlar, jami 500 dan ortiq kishi ishtirok etdi.

Mavzuga oid
Top