“Turkiyaga chiqish degani, dengiz orqali dunyo bozorlariga chiqish degani” – tahlilchilar Turkiy kengashning ahamiyati haqida
Kun.uz’ning Turkiy davlatlar kengashi va uning Samarqand sammitiga bag‘ishlab o‘tkazgan davra suhbatida iqtisodchi Abdulla Abduqodirov hamda siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov tashkilotning O‘zbekiston uchun ahamiyati haqida gapirdi.
– O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotidagi hozirgi va kelgusidagi manfaatlari nimadan iborat?
Abdulla Abduqodirov:
– Turkiy kengash bu – nomidan ham ma’lumki, tarixiy birlik va qadriyatlar asosida tashkil topgan tashkilot. Tarixiy birlik bilan esa iqtisodiy, madaniy va siyosiy hamkorlik olib borish birmuncha qiyinchilik ham tug‘diradi. Masalan, madaniy sohada bu oson, ammo iqtisodiy va siyosiy sohalarni olib borish murakkab deb qaraladi. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, bunaqa tashkilotlarda bir yoki ikkita mamlakat drayver bo‘ladi. Agar biz Turkiyani drayver deb oladigan bo‘lsak, bu davlatning turli yillarda turli davlatlari bilan muammolari va ziddiyatlari juda ham ko‘payib ketdi. Balki shu sabablidir, turkiy davlatlar deganda ko‘p yutuqlarga hali biz yetib kelganimiz yo‘q. Buning har tomonlama muhimligini endi-endi anglab kelyapmiz. Shuning uchun ham Samarqand sammiti qandaydir burilish nuqtasi bo‘ladi deb o‘ylayman.
Birgina logistika masalasini oladigan bo‘lsak, juda katta ishlarni amalga oshirish mumkin. Hozirda mavjud muammolardan eng kattasi ham ana shu va bu masalalarni hal qilish aynan bugun uchun muhim va tezlik bilan hal etishni talab qiladi. Birgina misol, avvallari Turkiyadan mol xarid qilsangiz, u Eron orqali 2 haftada qo‘lingizga yetib kelar edi. Hozir bu muddat 3-4 haftaga cho‘zilib ketgan. Ushbu sammitda biz uchun eng manfaatli bo‘lgan jihatlar bular, savdo-sotiq masalasida logistika muammosini hal etishdir. Turkiyaga chiqish degani, dengiz orqali dunyo bozorlariga chiqish deganini anglatadi.
Yana bir muhim yo‘nalishlardan biri bu – o‘zaro investitsiya masalasidir. Birgina Antaliyaning o‘zida 400 dan ortiq o‘zbek oilalari uy-joy qilib yashab kelmoqda. Bu ham kichik investitsiya emas. O‘ylaymanki, Samarqandda kutilayotgan sammitda O‘zbekiston tomonidan bir nechta tashabbuslar ilgari suriladi va bu savdo-sotiq hamda madaniyat jihatlarni to‘ldirishga ko‘mak beradi.
Kamoliddin Rabbimov:
– Bu sammitning siyosiy jihatdan ham ahamiyati yuqori. Turkiy davlatlarning kengashiga a’zolikda birinchi masala bu geosiyosat va xavfsizlikdir. Chunki dunyodagi eng katta urush post sovet davlatlari orasida bo‘lyapti. Davlatlar o‘zining geosiyosiy qutbini yaratishga harakat qilyapti. Rossiyaning ta’siri ostidan chiqib ketmagan eng katta hudud – Markaziy Osiyodir. Ukraina bu doiradan chiqib ketdi. Shuning uchun ham turkiy davlatlar hamda Turkiya bilan hamkorlik mintaqada strategik ahamiyatga ega. O‘zbekiston mustaqil bo‘lganda birinchi bo‘lib uni tan olgan davlat bu Turkiyadir. Turkiya Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqil bo‘lishini salkam bir asr kutdi. Bugun Yevrosiya hududidagi geosiyosiy ziddiyat juda chigal. Shuning uchun turkiy davlatlarning bir-birini geosiyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashi va resurs bilan ta’minlashi juda muhim. Davlatlar chegarasi hech qachon o‘zgarishsiz qolmaydi, yo muttasil torayadi, yo kengaya boradi. Shuning uchun turkiy davlatlar bilan hamkorlik qilishdan boshqa muqobillik mavjud emas. O‘zbekistonning bir qancha tarkibiy o‘zliklari mavjud. Biz musulmon va turkiy dunyolarning tarkibiy qismimiz. Ammo ona suti bilan kiradigan o‘zliklardan bittasi turkiy oilaning bir qismimiz.
Turkiya bugungi kunda kuchli yigirmatalikka kiruvchi davlat bo‘lib shakllandi va har tomonlama yangiliklar qila oldi. Nima uchun biz undan o‘rganmasligimiz va o‘rnak olmasligimiz kerak?
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
18:15 / 10.12.2024
«Inson huquqlari qudratli davlatning asosiy belgisidir» - tarixiy deklaratsiyaga 76 yil to‘ldi
14:37 / 06.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Turkiy investitsiya forumini tashkil etishni taklif qildi
14:16 / 06.11.2024
O‘zbekiston Turkiy davlatlar strategik sherikligi to‘g‘risidagi shartnomani qabul qilishni taklif etdi
21:48 / 28.06.2024