Fan-texnika | 22:27 / 14.11.2022
52740
2 daqiqa o‘qiladi

Smartfon displeyini 120 dyuymli ekranga aylantiruvchi «aqlli» ko‘zoynaklar taqdim etildi

U xuddi quyosh ko‘zoynaklariga o‘xshab ketadi.

Foto: Huawei

Xitoyning Huawei texnologiya giganti Vision Glass virtual reallik ko‘zoynaklarini taqdim etdi. Qurilmaning o‘zi g‘ayrioddiy – unda protsessor ham, akkumulyator ham yo‘q, uning ishlashi uchun smartfonga ulanish talab etiladi.

Kompaniya taqdimotiga ko‘ra, Vision Glass - smartfon «ekranini mukammallashtirishga» yordam beruvchi qurilma. Shu bilan birga, u oddiy quyosh ko‘zoynaklariga o‘xshaydi.

Foto: Huawei 

Ko‘zoynakning o‘zida faqat dinamiklar va ikkita FullHD OLED displeyi bor. Ular 120 dyuymga teng bo‘lgan yagona tasvirni shakllantiradi. Maksimal yorqinlik - 480 kd/kv.m, rang maydoni qamrovi 90 foizga teng.

Qurilma smartfonga USB-C orqali ulanadi. Ko‘zoynak batareyasining ishlash muddati telefon batareyasi bilan teng.

Foto: Huawei 

Xitoyda qurilma dekabr oyida sotuvga chiqariladi. Uning narxi hozircha oshkor etilmadi. Biroq, Vision Glass an’anaviy to‘ldirilgan reallik ko‘zoynaklariga qaraganda ancha arzon bo‘lishi aniq.

Mavzuga oid