O‘zbekiston | 19:10 / 08.12.2022
28724
22 daqiqa o‘qiladi

“Minerva city” mojarosi: yer ajratishdagi qonunbuzilishlar, lazeykalar va 100 mln dollar

Hindistonlik investor Murari Lal Jalan va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘rtasidagi mojaro bahslarga sabab bo‘ldi. Jamoatchilikda dilemma: kim haq? Kun.uz investor iddao qilgan “100 mln dollar”ni aslida hokim qaysi hisobraqamga o‘tkazishni so‘ragani, shartnomada qanday xatolarga yo‘l qo‘yilgani haqida investorning maslahatchisi hamda iqtisodchi ekspertlar bilan suhbatlashdi. Hokimlik tahririyatning suhbatga taklifini rad etdi.

Faollarning bahslarini kuzatar ekanmiz, ularning aksariyati masalaning tub mohiyati, ya’ni nizo qayerdan kelib chiqqani, vaziyat shu darajagacha yetib kelishiga nimalar sabab bo‘lgani bilan qiziqib ko‘rmadi.

Shu bois bu galgi ko‘rsatuvimizda investor va hokimlik o‘rtasidagi nizoni taraflarning vakillari hamda ekspertlar ishtirokida tahlil qilishga qaror qildik. Lekin Toshkent shahar hokimligi vakillari ish prokuraturada o‘rganilayotgani, uning xulosasi olinmaguncha izoh berilmasligini aytib, bu ko‘rsatuvga taklifimizni rad etdi.

Biz investor Murari Lal Jalanning maslahatchisi, MJ kompaniyasi vakili Muhabbat Otaqulova bilan Zoom orqali, iqtisodchi ekspertlar Barnogul Sanaqulova va Abdulla Abduqodirov bilan esa studiyamizda suhbatlashdik.

Kun.uz: Dastlab, barcha uchun shov-shuvga sabab bo‘lgan 100 mln dollar haqida gaplashsak. Bu pul biror shartnomada ko‘rsatilganmidi yoki qo‘shimcha shartnomalar ham bormidi?

Muhabbat Otaqulova: Investitsion shartnomalarda bizning kompaniya o‘z bo‘yniga olgan majburiyatlari bor. Bu birgina loyiha uchun emas: biz o‘sha yili (2019 yil haqida gap ketyapti – tahr.) ikkita kelishuvga erishganmiz. Birinchisi – Bektemir tumanida joylashgan (Lake city, sobiq Baxt ko‘li) bo‘lsa, ikkinchisi hozirgi Yangihayot tumanida joylashgan 100 gektarlik maydonda Minerva city nomli chiroyli shaharcha qurish.

Bu oddiy shaharcha emas albatta, kompaniyamiz eng kam miqdori 500 mln dollar bo‘lgan shaharchani qurish majburiyatini o‘z bo‘yniga olgan. Lekin bizning kelishuvimizda investor 100 mln, 200 mln yoki 500 mln dollar mablag‘ni bir paytning o‘zida olib kelib qo‘yaman, degan majburiyatni olmagan. Bu uning majburiyatiga kirmaydi.

Ana shu loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinayotgan bir vaqtda, to‘satdan mart oyida Toshkent shahar hokimligida o‘sha intervyuda aytilgan uchrashuv bo‘ldi. Uchrashuvda investorga Rohatdagi yerni qaytarib berish sharti qo‘yildi. Buning evaziga “Minerva city”ning rivojlanishida ko‘mak berishlarini aytishdi. Murari Lal Jalan bu narsaga rozi bo‘lmadi. Chunki uning fikri bo‘yicha noto‘g‘ri yoki noqonuiy ish qilmagan bo‘lsa ham, o‘z-o‘zidan “loyihani men bajara olmadim” deyish, ya’ni qila oladigan ishini qila olmayman deb ommaga olib chiqishi yaxshi emas edi. “Yo‘q, men ikkala loyihamni ham o‘z vaqtida bajaraman, qo‘l qo‘yib bo‘ynimga olgan majburiyatlarning hammasini bajarishga imkonim va qobiliyatim yetadi”, degan ma’noda javob bergan edi o‘shanda.

100 mln dollar haqida gapiradigan bo‘lsak. Rohat ko‘li bo‘yicha kelishuv imzolanishidan oldin adashmasam 4 yoki 5 mln dollarni loyiha uchun ko‘chirib qo‘yish talab qilingan edi. Bu talabni to‘g‘ri tushungan investor o‘sha zahoti 4 mln dollarni [Lake city loyihasini amalga oshiruvchi] kompaniya hisobraqamiga o‘tkazib qo‘ydi. Mart oyidagi uchrashuvda esa 100 mln dollar o‘tkazish haqida gap ketgan. Albatta, investor bunga norozi bo‘lgan. “Kelishuvdan tashqari hech narsa qilmayman; Investitsiyalar vazirligi, shahar hokimiyati va Minerva World of Knowledge kompaniyasi o‘rtasida nimaga kelishib qo‘l qo‘ygan bo‘lsak, shu bo‘yicha ish ishlaymiz, bundan tashqari hech nimani bo‘ynimga olmayman”, degan gapni aytgan.

MJ kompaniyasi vakili Muhabbat Otaqulova

Kun.uz: 100 mln dollarni qaysi hisobraqamga qo‘yish so‘ralgan edi? Ko‘pchilik hokim pulni o‘zi uchun so‘radi degan tushunchaga ham boryapti.

Muhabbat Otqulova: Bu mablag‘ni hokim hech qanaqa o‘z hisobraqamiga so‘ragani yo‘q, kompaniyaning hisobraqamiga qo‘yishni so‘ragan. Investorning o‘zi ham bunaqa talqin bo‘lganidan hayron bo‘ldi. Bu mablag‘ni Rohatda joylashgan “Lake city Township” MChJ hisobraqamiga tushirish so‘ralgan edi.

Barnogul Sanaqulova: Biz bu yerga xolis ekspert sifatida taklif qilinganmiz. Ikki yuridik shaxsning o‘rtasidagi ziddiyatga aralashishimizdan maqsad shuki, bu masala xalqaro shov-shuvga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat bo‘lib ko‘rinyapti va biz xalq, jamiyat manfaatlari nuqtayi nazaridan xolis ekspert sifatida ushbu suhbat jarayonida ishtirok etyapmiz. Intervyuda keltirilgan faktlar biroz boshqacha mazmunda talqin qilinib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jamiyat a’zolarida bu borada hech qanday savolga o‘rin qolmasligi kerak. Xolis tahlil qilish uchun sizga bir nechta savollar berishimiz kerak bo‘ladi.

Abdulla Abduqodirov: Investitsiya shartnomalarida homiylik ko‘rsatish yoki hokimlik hisobiga qandaydir pul o‘tkazish kabi bo‘limlar bormidi?

Muhabbat Otaqulova: Albatta, investor “Minerva city” yoki “Lake city” loyihalari uchun Toshkent shahar hokimligining hisobraqamiga valutada pul o‘tkazishni o‘z bo‘yniga olgani shartnomada ko‘rsatilgan, bu homiylik uchun deb yozilgan.

“Minerva city” yoki “Lake city”ni qurishimiz uchun bizga tashqi kommunikatsiyalar zarur bo‘ladi, ya’ni suv tortib kelish, kanalizatsiya, gaz – to‘g‘ri, bular davlat tarafidan tekinga qilib berilishi kerak bo‘lgan narsalar, lekin shu vazifalar sabab bo‘lib qiyinchiliklar kelib chiqmasligi, loyiha to‘xtab qolmasdan o‘z vaqtida borishi uchun, ya’ni loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida homiylik uchun pul o‘tkazib turiladi (kimningdir cho‘ntagiga emas).

Bu homiylik mablag‘ini to‘lab berish loyihalarning bosh rejasi tasdiqdan o‘tganidan keyin boshlanadi. Loyihaning tasdiqdan o‘tgani investorga loyiha davom etishiga ishonch beradi. Lekin afsuski haligacha “Minerva city”ning ham, “Lake city”ning ham bosh rejalari tasdiqdan o‘tmagan.

Barnogul Sanaqulova: “Minerva City” uchun 100 gektar yer bilan bog‘liq bo‘lgan investitsion shartnomada homiylik qancha summani tashkil qilgan, u qanday tartibda va qayerga o‘tkazilishi kerak edi?

Muhabbat Otaqulova: Jami 10 mln dollarga yaqin mablag‘ 2 yil davomida oyiga 400 ming dollardan oshmagan miqdorda berib borilishi ko‘zda tutilgan. Ammo buning 100 mln dollar bilan hech qanday aloqasi yo‘q.

Homiylikdan ko‘zda tutilgan maqsad shuki, loyiha uchun kommikatsiyalar o‘tkazish, ball bonitetni hisoblash, agrofirmaga kompensatsiya yoki shunga o‘xshagan davlat xarajatlari paydo bo‘lganida, investorni o‘z ishidan chalg‘itmaslik, ish shu muammolarga bog‘lanib to‘xtab qolmasligi uchun bu homiylik mablag‘i shu yo‘nalishlarga ishlatilishi kerak.

Abdulla Abduqodirov: Hozir aytilishicha, hokimiyat hisobraqamiga ma’lum miqdorda pul o‘tkazib berilishi kerak bo‘lgan. Bu pul loyiha uchun kommunikatsiyalar yetkazib berishga sarflanadi deyildi. Keyinroq esa, o‘sha yerlarda boshqalarning ham haqqi borligi, bu pullar o‘shalarga kompensatsiya tarzida to‘lanishi mumkinligi aytildi. Bundan ko‘rinib turibdiki, ikkala tomon ham o‘z ishini puxta bajarmagan.

Meni hayron qoldirgan yana bir jihat shuki, biror loyiha bajarilayotganda hokimliklarda maxsus hisobraqamlar ochilsa va unga pullar tashlansa, bunday holatlardan Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining xabari bormi? Bu hisobraqamlar qaysi qonunlar asosida ochilyapti, ulardagi pullarning sarflanishi qaysi qonunlar bilan reglamentatsiya qilingan, ular ustidan kim nazorat olib boradi?

Agar bu pullar hokimlikka hisobraqamiga tushib, hokimlik o‘zi markazlashtirilgan yoki boshqa manbalar hisobiga qilishi kerak bo‘lgan boshqa ishlarga sarflanayotgan bo‘lsa, ertaga biz... Ba’zi bir hokimlarning gaplari bor: “Men o‘z hisobimdan uni qildim, buni qildim...” Kechirasiz, bu nima deganingiz, cho‘ntagingizdan sarfladingizmi?

Hokimlarning bunaqa gaplarini tushunmayman. Lekin agar bunaqa qing‘ir yo‘llar bilan – men bunga qing‘irdan boshqa so‘z topolmayman – maxsus hisobraqamlar tuzilgan bo‘lsa, bu hisoblarda nazoratsiz pullar turgan bo‘lsa, albatta ko‘kragiga uradi: “Men o‘z hisobimdan qildim!” Ko‘rib turibmiz bu hisob qayerdan kelyapti.

Oxir-oqibatda umumxalq boyligi bo‘lgan yer va yerosti boyliklarining talon-toron qilishdan yoki huquqli yo yarim huquqli asosda qayta taqsimlashdan kelib tushayotgan mablag‘lar bu. Ya’ni bu – xalq mablag‘i.

Barnogul Sanaqulova: Ajratilgan 100 gektar yer investorga berilishidan avval sug‘oriladigan yer bo‘lgan, shundaymi?

Muhabbat Otaqulova: Qo‘limda Toshkent viloyati Zangiota tumani kadastr organi bergan ma’lumotnoma bor. Bu ma’lumotnomaga ko‘ra (men raqamlarda kichik hajmda adashayotgan bo‘lishim mumkin), bu yer maydonining 45 gektari qishloq xo‘jaligi yeri bo‘lgan. Yana 2 gektarga yaqin yerda “zapravka” bo‘lgan. Yana 2 gektardan ortiqrog‘ida kanalizatsiya kanali bo‘lgan. Qolgani qurilish uchun bizdan avvalroq boshqaga ajratib berilgan yer maydoni bo‘lgan.

Barnogul Sanaqulova: Demak, o‘sha sug‘oriladigan 45 gektar yer qaysidir agrofirmaga tegishli bo‘lgan. Bu maydonlarning ball boniteti o‘rtacha necha bo‘lgan?

Muhabbat Otaqulova: Ball bonitetini o‘lchash va umuman yerni investorga ajratib berishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarning investorga aloqasi yo‘q.

Barnogul Sanaqulova: Bu yer maydoni tekinga, auksionsiz olingan, to‘g‘ri tushundimmi?

Muhabbat Otaqulova: To‘g‘ri. 2019 yildagi qonunchilikka asosan, agar investitsion loyiha qiymati 10 mln dollardan ortiqni tashkil qilsa, auksion tashkil qilinmasdan, o‘zaro taklif kiritish asosida berilishi ko‘zda tutilgan.

Barnogul Sanaqulova

Barnogul Sanaqulova: Ko‘rinib turibdiki, umumxalq boyligi bo‘lgan sug‘oriladigan, qishloq xo‘jaligida ishlatilishi mumkin bo‘lgan 100 gektar yer Toshkent viloyati va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tekinga, auksionsiz, hech qanday investitsiya qilmasdan turib, berib yuborilyapti. Qonunchilik bo‘yicha bunday yerlar davlat muhofazasida turadi. Bunday yerlarni sug‘orilmaydigan yerlarga aylantirish jarayoni juda uzoq muddatga cho‘ziladi va katta sarmoyani talab qiladi.

Toshkent viloyati va shahar hokimligi o‘rtacha ball boniteti 55 bo‘lgan yerni investorga berishidan oldin unumdor yerning tuprog‘i qazib olinib, qayergadir olib borib tashlanishi kerak edi. Bu holat akt bilan rasmiylashtirilishi lozim. Chunki bu – unumdor yer. Butun dunyoda unumdor yerni asrab qolish bo‘yicha qattiq kurash ketyapti. U katta boylik hisoblanadi.

Barnogul Sanaqulova: Investitsion loyiha doirasidagi qurilishlar davriyligi qanaqa bo‘lgan?

Muhabbat Otaqulova: Kelishuvimizda ko‘rsatilgan muddatlarga ko‘ra, universitet 2 yil davomida, kasalxona 3 yil davomida, mehmonxona kabi turizmga bag‘ishlangan obektlar 3 yil davomida, turar joylar esa loyihani amalga oshirishning butun davri – 7 yil ichida qurilishi kerak.

Barnogul Sanaqulova: Universitet 2 yilda qurib bitkazilishi kerak bo‘lsa, hozir u bitish arafasida bo‘lishi kerak. Lekin hali qurilishi ham boshlanmagan, shundaymi?

Muhabbat Otaqulova: Universitet qurilishi boshlangan, qurilish tili bilan aytganda nol va undan keyingi qavatiga qurilish boshlanganda davlatimiz tomonidan qurilish to‘xtatilgan. Avval bosh rejani tasdiqlatib, keyin qurilishni davom ettirasizlar deyishdi. Hammasi shunga – bosh rejaning tasdiqlanmayotganiga borib taqalyapti.

2020 yilda boshlangan qurilish, kovidga qaramay to‘xtab qolmagan. 2021 yilga kelib hamma qurilishlarimizga to‘siq boshlandi. Haligacha bosh reja tasdiqdan o‘tmadi.

Barnogul Sanaqulova: Umumiy loyihadan necha gektari universitet qurilishi uchun mo‘ljallangan?

Muhabbat Otaqulova: Universitetning bitta binosi 9 gektar, ikkinchisi 6 gektarga. Har biri 1,5 gektardan ikkita maktab. Universitet va maktablar hammasi 18 gektarga qurilishi kerak edi.

Barnogul Sanaqulova: Minerva City loyihasi doirasida qurilishi kerak bo‘lgan turar joylar yoki boshqa majmualarning qanchadir qismi Toshkent shahar hokimligiga tekinga berilishi yo berilmasligi masalasi shartnomada bormi?

Muhabbat Otaqulova: Yo‘q. Bunday takliflar kelib tushmagan, shuning uchun bu haqda o‘ylab ham ko‘rmaganmiz.

Barnogul Sanaqulova: Demak, universitetlar qurilishi kerak bo‘lgan yer 20 foizni ham tashkil qilmaydi. Demak, bu – 100 foiz biznes loyiha. Maslahatchining gapiga qaraganda investorga boshqa hech qanday ijtimoiy yuk yuklanmayapti. Ya’ni loyihani amalga oshirish natijasida jamiyat ko‘rishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy samaradorlik masalasi juda katta savol ostida qolyapti. Bu juda muhim, chunki investorlarga auksionsiz tekionga berilayotgan yer – xalqning mulki, bu Konstitutsiyada qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Loyihani ijtimoiy deb bo‘lmaydi. Birinchi bo‘lib uy qurish emas, 2 yil ichida Minerva universiteti qurilishi kerak bo‘lgan (loyihaga ham shu nom berilgan). Turar joylar esa 7 yil davomida qurilishi kerak bo‘lgan. Lekin investor negadir asosiy urg‘u berishi kerak bo‘lgan, loyihani amalga oshirish uchun ham asosiy stavka qilingan universitetlar qurilishiga ham asosiy pul sarflanmagan, hozir ularning nolinchi qavati haqida ketyapti. Nega nazorat qiluvchi organlar bunga e’tibor qilmayapti?

Abdulla Abduqodirov: Odatda bunday katta loyihalarga doir shartnomalarni tuzishda o‘z obro‘siga ega xalqaro yuridik kompaniyalar jalb qilinadi. Shartnomalarni tuzishda xalqaro yuristlar jalb qilinganmi?

Abdulla Abduqodirov

Muhabbat Otaqulova: Chet ellik nufuzli yuristlarni jalb qilishni o‘sha paytda loyiq topmaganmiz, bu O‘zbekistondagi, Toshkent shahar hokimligi, Investitsiya vazirligida ishlayotgan yuristlarning malakasiga shubha bilan qarash bo‘ladi deb hisoblangan edi. Uchala tomon kelishuvni birgalikda ishlab chiqqan.

Abdulla Abduqodirov: Shartnomada nizolarni hal qilish uchun qaysi davlat yurisprudensiyasi tanlangan?

Muhabbat Otaqulova: Investitsion kelishuvning 6-bandida agar nizolar chiqsa, o‘zaro kelishuvlarni amalga oshirish, o‘zaro xatlar jo‘natish orqali yechim topish hamda O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi orqali tomonlar kelishuvi amalga oshirilishi belgilangan.

Abdulla Abduqodirov: “Minerva City” 500 mln dollarlik, “Lake city” esa 200 million dollarlik loyiha bo‘lgani aytilyapti, demak bular – juda katta loyihalar. Umumiy holatda 750 mln dollar haqida gap ketyapti, bu kichik pul emas. Bunday katta loyihalarni amalga oshirayotganda har qanday investor bu loyiha o‘zi uchun qanchalik daromad keltiradi, qanday to‘siq va imkoniyatlar borligini tahlil qiladi. Bunda tabiatga yetkaziladigan zarar, huquqiy normalar, iqtisodiy sharoitlar (soliqlar, daromad va xarajatlar) ko‘rib chiqiladi. Infrastrukturaga ketadigan xarajatlar alohida ko‘rib chiqiladi. Ya’ni hamma tavakkallar, risklar, imkoniyatlar va bo‘lajak tahdidlar hammasi inobatga olinadi.

Bunaqa katta loyihalar 1-2 yillik narsa emas. Tajribamdan bilamanki, bunday loyihalarga investor tomonidan juda yirik yuridik kompaniyalar, xususan katta to‘rtlik audit tashkilotlari jalb qilinadi. Nazarimda, eng katta xato mana shu – “due diligence” yetarlicha sifatli bo‘lmagan. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflar to‘liq hisobga olinmagan. Kim nima uchun va nega aynan shu tomon javob beradi degan masala ham ochiq qolgan.

Barnogul Sanaqulova: Birinchi bo‘lib 2019 yil fevral oyida Toshkent viloyati hokimining qarori, keyin Zangiota tuman hokimligi hamda 2020 yil aprel oyida Toshkent shahar hokimining qarori chiqyapti. Kechirib qo‘yasizlar, 2017 yilda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Toshkent viloyatiga qarashli ayrim tumanlarda yer bilan bog‘liq masalalarda Toshkent viloyati tumanlarining hokimlari va viloyat hokimiga cheklov qo‘yilgan. Toshkent viloyatining ro‘yxatda keltirilgan tumanlar hokimlari va viloyat hokimining yerlarni sotishga, auksionga qo‘yishga va umuman yer bilan bog‘liq huquqlarni o‘zgartirishga bo‘lgan huquqlari cheklangan. Qanday, qaysi asoslarga ko‘ra Zangiota tumani hokimi, Toshkent viloyati hokimi yer ajratish borasida qaror chiqargani qiziq holat bo‘lyapti. Bunga ham alohida huquqiy baho berilishi kerak.

Toshkent shahar hokimining qarori 2020 yil aprel oyida chiqqan deyapti. Qiziq-da, bu paytda bu yerlar Toshkent shahriga qaramagan. Ya’ni bu paytda hokimning bu yerlarga yuridik huquqi bo‘lmagan. Chunki Toshkent shahar hokimining bu yerlarga yuridik huquqi 2020 yil sentabr oyidagi Senat qarori bilan vujudga kelgan. Demak, hali yerga nisbatan huquqi bo‘lmagan Toshkent shahar hokimi o‘zida yo‘q bo‘lgan huquqdan foydalanyapti. Balki u yerlar o‘tishini bilgandir, ammo biz qonun bilan ishlashimiz kerak.

Abdulla Abduqodirov: Nega bunday shartnomalar umumxalq ommaga taqdim etilmaydi? Mayli, qilishga qilibsizlar, nega buni na qilishdan oldin, na qilgandan keyin ekspertlar ko‘rib chiqmadi?

Agar o‘sha payt ommadan yashirilmaganda iqtisodchilar, siyosatchi va boshqalar o‘z fikrini aytardi. Balki bo‘ladigan nizolarning oldi olinardi. Hozir esa, mening tushunishimcha, investorning oldiga shartnomada ko‘zda tutilmagan shartlar qo‘yilyapti. Investor shunday sharoitga keltirilganki, nizolar O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha ko‘rib chiqiladi, ya’ni investor tomondan bu nizolarni yutib chiqish imkoni juda kam. Bunda o‘zining ham aybi bor. U agar pul kiritsa va pulini [ikkinchi tomonning shartnoma shartlarini bajarmasligi oqibatida] qaytarib ololmasa, xalqaro arbitrajga murojaat qila olishi, tomonlar xalqaro arbitraj qarorini so‘zsiz qabul qilishini shartnomaga kiritishi kerak edi.

Hozir esa ikki tomon ham yutqazadigan sharoitni ko‘rib turibmiz. Hokimiyat ham loyihani umidlar bilan amalga oshirgan, odamlar uylari bitishini kutib turibdi, investor norozi. Bu bo‘lajak investorlarga juda katta dars bo‘lib, boshqa investorlar ham O‘zbekistonga kirishdan oldin ming marta o‘ylab ko‘radi... O‘ylamaydi ham, to‘g‘risini aytsam, boshini qotirib nima qiladi? Shuncha qiyinchilik, shuncha azob kimga kerak, shaffof sharoitlari bor boshqa mamlakatlar ko‘p, bemalol kirib, auksiondan yerni olib, qurilish qilasan, hech qanaqa muammo yo‘q, tomonlarning kelishuvi shaffof, kim nima qilishi aniq.

Bola emasmiz endi, 30 yil bo‘ldi mustaqil bo‘lganimizga. Hamma muammomiz shundaki, biz qonunchilik, tizim yaratib, unga amal qilish o‘rniga, doim o‘zimizdagi tushunchalar bilan, ma’naviy kategoriyalar bilan ish olib borishga harakat qilamiz. Aytilgan gaplardan xulosa qilsam, shartnomaning sifati bir tiyinga qimmat. Demak bu shartnoma bilan bitadigan ish ham juda katta savol tug‘diradi.

Barnogul Sanaqulova: To‘g‘risi, investorning vakili investitsion shartnoma satrlarini o‘qib berayotgan payti bunchalik darajada arzon, bunchalik yuridik lazeykalarga ega shartnomani birinchi marta ko‘rib turishim. Loyiha esa juda katta. Bunaqa paytda haqiqiy investorlar nima qiladi? Birinchi bo‘lib “o‘zining quloqlari”, ya’ni nufuzli yuridik kompaniyalarni jalb qiladi. Masala yer ajratish haqida bo‘lsa, ular O‘zbekistonga kelib, yer qonunchiligini yaxshilab o‘rganib chiqadi, xususiylashtirish bilan bog‘liq masalalar jiddiy o‘rganiladi va investorning manfaatlaridan kelib chiqib, investitsion loyiha tuzish haqida o‘ylaydi.

Abdulla Abduqodirov: Loyihalarning bosh rejasi tasdiqlanmayotgani aytildi. Tasdiqlanmagan bo‘lsa, qurilishni boshlab nima qilasan? Bizda har doim shunaqa, smetasi noma’lum, loyihasi oxiriga yetmagan, tasdiqlanmagan, lekin qurilish ketaveradi.

Men boshida aytganimdek, uchala taraf ham “uy vazifasi”ni bajarmagan.

Barnogul Sanaqulova: Hamma tomonda ayb bo‘lib chiqyapti. Albatta, bunga biz baho bera olmaymiz. Bunga mutasaddi tashkilotlarning batafsil huquqiy bahosi berilishi va bu baho ommaga e’lon qilinishini talab qilib qolgan bo‘lardim.

Abdulla Abduqodirov: Maqsad – kelajakda bunaqa xatolar takrorlanmasin. Va bunaqa ommani junbishga keltiradigan ishlar bo‘lmasin. 100 mln dollar kimdir kimdirga... Yo‘q! Bu yerda juda katta muammolar bor. Shu jumladan, O‘zbekistonning imiji ham.

Madina Ochilova,
Abduqodir To‘lqinov,
Abdusalim Abduvohidov,
Kun.uz

Mavzuga oid