Jamiyat | 12:08 / 09.12.2022
13685
9 daqiqa o‘qiladi

 “O‘rtoqlari yakkalab qo‘ydi. Bu kasallik yuqumli emas!” - bolasiga dalda berib, o‘zi daldaga muhtoj onalar

Ona har qanday vaziyatda ham bolasiga dalda bo‘lishga o‘zida kuch topa oladi. Garchi o‘zi daldaga muhtoj bo‘lsa-da. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ichi yig‘lab, ustida tabassum qiladi. Chunki ko‘z yoshlari bilan bolasining dardiga malham bo‘lolmasligini biladi.

Farzandiga shifo istab bor-budini, uy-joyi-yu, mol-mulkini sotadi. Yeyishga noni qolmasa birovdan so‘rashga uyaladigan insonlar ham farzandi uchun og‘ir damda saxovatpeshalardan ko‘mak istaydi. 

“Erim mendan yashirib ko‘p yig‘laydi”

Dilorom opaning katta o‘g‘li ayni shijoati ichiga sig‘maydigan, maktabni tamomlab, mustaqil hayotga ilk qadamlarni bosadigan yoshda og‘ir dardga chalindi.

Sinfdosh o‘rtoqlari bilan jismoniy tarbiya institutiga o‘qishga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan Fozil darslarga borishga ham o‘zida kuch topolmay qoldi.

“Bolam oqqonning og‘ir varianti bilan og‘rigan ekan. Dadasi Rossiyada edilar. Xavotir olmasinlar deb avvaliga ularga aytmadik. Uchinchi marta ximiya olayotganda jim bo‘lib qoldi. Ahvoli og‘irlashdi. Qo‘rqib ketdim.

Tashqarida amakisi bor edi. Chiqib aytdim. Gapirmayapti, endi nima qilamiz, deb yig‘lab yubordim. Bormagan joyimiz, qilmagan ishimiz qolmadi. Doktorlar dadasini chaqiring, ko‘rib zora ahvoli yaxshilansa, deyishdi. Keyin dadasini chaqirib oldik.

Ilik ko‘chirish kerak, deyishyapti. Doktorlar juda bemalolsizlar, bolani tezroq operatsiya qildirish kerak, deb urishishadi. Nima qilaylik, pulimiz bo‘lsa qildirmasmidik?! Dadasi kunlik ishlarga chiqib keladilar.

Olib kelgan pullarini qay biriga yetkazishni bilmaymiz. Kvartiragami, yeb-ichishgami, bolamning dori-darmonlarigami... Erim mendan yashirib yig‘laydi. Bolam ichiga yutadi. Hammasini bilaman, lekin nima qilay, ularning ko‘nglidan o‘tayotganini men ham his qilib turibman” - deydi Dilorom opa xo‘rsinib.

Fozil Nazarovga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 3501 0955 4039 onasi Dilorom Ashurova nomida

Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani, “Mang‘it” MFY, 11-uy.

“Tuni bilan nafasiga quloq tutib chiqaman”

Taqdir sabab Ziroat opa uch farzandi bilan turmushidan ajraldi. Kenjatoyi oqqon kasalining og‘ir formasiga chalinganini bilganidan so‘ng dunyo ko‘zlariga qorong‘i ko‘rindi. Farzandiga qo‘shilib tushkunlikka tushdi.

Ona ekan, o‘zini qo‘lga olishi kerakligini tushunib, kuchli bo‘lishga tirishdi. Ichi yig‘lab tursa ham, farzandi uchun kulishni o‘rgandi. Chunki tushkunlikka tushganida bolasining ahvoli og‘irlashishini tushundi.

“Bolamning ahvoli og‘irlashib qoldi. Xuddi komaga tushgandek, yurmadi, turmadi, xonasidan chiqmadi. 24 soat faqat “osma ukol” olardi. Kechqurunlari shu darajada qo‘rqqanimdan nafas olyaptimi deb nafasiga quloq tutib chiqardim.

Bog‘chasi uyimizga yaqin. Har kuni bolalarning bog‘chaga borishini derazadan kuzatib turadi. Men ham qachon yana o‘rtoqlarim bilan bog‘chaga boraman, deganida yuraklarim o‘rtanib ketadi.

Hamma ketganidan so‘ng qorovuldan iltimos qilib, bolamni bog‘chaga olib kirib aylantirib chiqaman. Do‘konlarga kirgisi keladi, o‘rtoqlari bilan o‘ynagisi keladi, lekin o‘zi ham qo‘rqib qolgani uchun hech kim yo‘q paytlarigina ko‘chaga olib chiqing, deydi. Boshqa vaqtda o‘zi ham qo‘rqadi.

Chet elda operatsiya qildirishimiz kerak. Lekin o‘zim aliment bilan kun ko‘raman. Ota-onam ham pensiyalarini menga tutishadi. Bolamning dorilari uchun urvoq ham bo‘lmasa-da, shu pulni olayotganimdan ich-ichimdan xafa bo‘lib ketaman”, - deydi Ziroat opa.

Abduljamil Abduqayumovga oid ma’lumotlar:

Uzsard: 8600 0610 6803 5517 onasi Ziroat Abdumajidova nomida

Manzil: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Qorasaroy 1-uy.

“Men ham tuzalishni istayman!”

Bolalarda sut tishlarining tushishi odatiy hol. Ammo tish tushganidan so‘ng qon to‘xtamasligi tabiiy holat emas. Bundan xavotirlangan Sabohat opa o‘g‘lini doktorga olib bordi. Lekin bu stomatologik kasallik emas edi...

Tushgan tishi o‘rnidan oqayotgan qonni to‘xtatishganidan so‘ng, Javlonning burni qonay boshladi. Ikki kun davomida qon to‘xtamadi. Shifokorlar bolakayning burniga tampon qo‘yishdi.

“Gematologiyaga olib kelganimizda bolamning burni yiringlab ketgan ekan. Zudlik bilan reanimatsiyaga yotqizishdi. Analiz natijalarida oqqon ekanligi aniqlandi.

Kuragi, beli, kaftlariga yaralar toshib ketdi. Kuragidagi va kaftlaridagi yaralar dori-darmon bilan ketdi. Lekin belidagini kesishdi. Bechora bolam kechalari uxlolmay yig‘lab, yotib yotolmay, turib turolmay qiynalib chiqardi”, - deydi Sabohat opa ko‘z yoshlarini tiyolmay.

Javlon endigina yetti yoshga to‘lganiga qaramay, gaplari kattalarnikidek. Xuddiki dard bolakayning bolaligini olib qo‘ygandek ...

“Shunday og‘rib chiqardi, kechasi bilan yotolmas edim. Yiringlamagan ekan, qo‘limdagi yaralarni kesishmadi. Men tezroq tuzalishni xohlayman. O‘rtoqlarim bilan maktabga borgim kelyapti”, deydi bolakay.

Javlonga ilik ko‘chirib o‘tkazish kerak. Taksichilikdan ro‘zg‘or tebratayotgan otasi bolasini davolatish uchun mashinasini, bor-budini sotgan. Yiqqan-terganlarining barchasi shu kungacha bo‘lgan muolajalar uchun sarflangan.

Endi farzandining hayotini saqlab qolish uchun qayerdan mablag‘ topishni bilmay, chorasiz qolgan ota-ona yaxshilar ko‘magiga muhtoj.

“Aya, menam qachon ko‘chaga chiqib o‘rtoqlarim bilan o‘ynayman, deydi. Savollarini eshitib, derazadan bolalarga havas va hasrat bilan termulib turganini ko‘rib, yurak-bag‘rim ezilib ketadi”, - deydi onaizor.

Javlon Xo‘jayorovga oid ma’lumotlar:

Uzsard: 8600 0609 0695 7528 onasi Sabohat Murodova nomida

Humo: 4073 4200 1084 3104 otasi Umidjon Nomozov nomida

Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumani, Olmazor ko‘chasi 16-uy.

“Kasallik sabab bolam yakkalanib qoldi”

Bu bolakay ham oqqon kasalligining og‘ir turi bilan kurashib kelyapti. Unga ham bemor o‘rtoqlari qatori yordam kerak. Lekin otasi odamlardan yordam so‘rashga qattiq istihola qildi. Nima bo‘lgan taqdirda ham bolakayni operatsiya qildirish kerak. Shu sabab bemorning onasi anonim tarzda, yuzini yashirib saxovatpesha odamlardan yordam so‘rashga qaror qildi.

“Qaniydi o‘zimni chimchilab olsam-u, tush ko‘rayotgan bo‘lsam, uyg‘onib ketsam. Bolam oqqon kasaliga chalinmagan bo‘lsa. O‘rtoqlari bilan avvalgidek o‘ynab-kulib yursa.

Oldinlari qishloqqa borganimizda o‘rtoqlari yugurib kelardi. Birga o‘ynab yurishardi. Endi borsak hamma o‘zini olib qochadi. Xuddi bolamning kasali yuqumlidek.

Bechora bolam o‘rtoqlari ichida yakkalanib qoldi. Buning azoblarini ko‘rib otasi bilan battar ezilamiz. Bolamda kasallikning qaytalanuvchi og‘ir varianti aniqlangan. Ilik ko‘chirish kerak ekan. Tomoq limfoblastlari shishib ketib, umuman gapirolmay qolgandi.

Dadasi ishlab turganlarida dori-ukollarini bir amallayotgan edik. Pensiyaga chiqqanlaridan beri qiynalib qoldik. O‘zim maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlardim. Endi faqat bolamning yonidaman.

Shunda ham odamlardan yordam so‘rashni, qiynalayotganimizni birov bilishini istamaydilar. Lekin bolamning ahvoli kundan kunga og‘irlashyapti. Ximiyalar natijasida o‘ng qulog‘ida umuman eshitish yo‘q. Hozir davolatishning foydasi ham yo‘q ekan.

Bu kasalligini tuzatib olganimizdan keyin qulog‘ini davolatsak bo‘ladi. Doktorlar chap qulog‘ini ehtiyot qilinglar deyishdi. Baxt nima desa, bolalarimning sog‘lig‘i, deb javob bergan bo‘lardim. Aslida ham farzandning salomatligidan ortiqroq baxt yo‘q ekan”, - deydi bemorning onasi.

Bemorga oid ma’lumotlar: kartalar bemorning qarindoshi Feruza Rasuljonova nomida

O‘zsard: 8600 0304 4259 8995

Humo: 9860 0825 3572 8685

Mavzuga oid