11:54 / 27.12.2022
4661

Turonbank yana bir “Team building” loyihasini muvaffaqiyatli o‘tkazdi!

Bugungi globallashuv va yangi avlod texnologiyalari soniya sayin taraqqiy etib borayotgan tezkor davrda, zamonaviy fikrlaydigan va intellekti charxlangan kadrlarni tayyorlashga bo‘lgan e’tibor oshmoqda. Jahon mehnat bozoridagi tendensiyalar esa bu boradagi eng to‘g‘ri yechim inson tafakkuri ya’ni “IQ” darajasini rivojlantirishga investitsiya kiritish ekanini ishbotlayapti.

Ayni shu ma’noda so‘nggi yillarda mamlakatimizdagi ta’lim dasturlarini yangilash, yoshlarni kasbga tayyorlash uslublarini o‘zgartirish va ularning mantiqiy bilimlarini yanada oshirishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, ayni vaqtda shaxsan Davlatimiz rahbarining e’tiborida trendga chiqib borayotgan intellektual o‘yinlar so‘zimizga isbotdir. U nafaqat talabalar balki korxona va tashkilotlar xodimlari o‘rtasida ham keng ommalashyapti.

Ahamiyatlisi shundaki, mazkur yo‘nalishni huquqiy jihatdan qo‘llab–quvvatlash bo‘yicha Prezidentning “Zakovat intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilindi.

Zamonaviy “HR” tizimini qo‘llagan holda xodimlarning aqliy ko‘nikmalarini “Team building” metodlari orqali rivojlantirib kelayotgan “Turonbank” ATB “Turonbank – intellekt” o‘yinlarini o‘tkazdi. Unda moliya muassasasining Respublika miqyosidagi barcha markaz va ofislaridan qariyb mingga yaqin xodimlar 6 kishidan iborat jamoalarga bo‘lingan holda o‘zaro bahs olib borishdi.

Intellektul o‘yinlar “Quiz” formatida 8 raund va 60ga yaqin savollardan iborat bo‘ldi. Hududlarda yig‘ilgan jamoalar sonidan kelib chiqqan holda eng kuchli uchlikni egallaganlar final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Joriy yilning 26 dekabr sanasida esa qariyb bir oy davom etgan tafakkur bellashuvlarining yakuniy bosqichi, eng bilimdon, eng zakovatli va intellektual jihatdan eng kuchlilar aniqlandi. Tadbirni “Zakovat” o‘yinlarining bir necha karra chempioni Saidkamol Abdurazzoqov jamoasi olib bordi.

Qariyb 2 soat yuqori emotsional ruhda, qiziqarli savollarning jo‘shqin muhokamasi bilan o‘tgan final o‘yinining yakunida “Qarshi” bank xizmatlari markazining “Nasaf” jamoasi birinchi, “Yashnobod” bank xizmatlari markazining “Good luck” jamoasi ikkinchi va Bosh bankning “Aktivlar” jamoasi vakillari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.

Albatta bu kabi tashabbuslar xodimlarda ilm olishga qiziqish, o‘z ustida doimiy shug‘ullanish, kitob mutolaasini yanada kuchaytirish, jamoaviy ishlash kabi ko‘nikmalarni rivojlantirishda qo‘l keladi. Zero, muqaddas hadislarda keltirilganidek “Ilm olishga intilish har bir muslim va muslima uchun farzdir”. 

Reklama

Mavzuga oid
Top