23:24 / 28.12.2022
30690

MIB Kun.uz’dagi aliment haqida maqolaga munosabat bildirdi

27 dekabr kuni Kun.uz’da qonuniy nikohdan o‘tmay aldanib qolgan ayolning aliment undirolmayotgani haqidagi maqola e’lon qilingandi. Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi ushbu maqola yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

“Joriy yilning 27 dekabr kuni Kun.uz rasmiy saytida e’lon qilingan “Buyragimni bersam ham roziman, bolalarim bag‘rimda bo‘lsa bas!” — aliment undirolmayotgan ona bolalari uchun har narsaga tayyor” nomli maqoladagi vajlar o‘rganib chiqildi.

Fuqaro Sharofat Xasanovaning sobiq turmush o‘rtog‘i aliment pulini to‘lab bermayotgani yuzasidan yo‘llagan murojaati Byuroning viloyat boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.

Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 22.10.2013 yildagi qaroriga asosan qarzdor Bahrom Rahmonovdan undiruvchi Sharofat Xasanovaning foydasiga voyaga yetmagan ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.

Aliment to‘lovchi qarzdor ota 2021 yil mart oyiga qadar 13 million 622 ming so‘m aliment pulini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgani sababli Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudining 02.03.2021 yildagi qarori bilan qarzdor Bahrom Rahmonovga nisbatan 15 (o‘n besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Ushbu qo‘llangan ma’muriy jazodan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagan Bahrom Rahmonovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 19.08.2021 yildagi JIB Qiziriq tumani sudining hukmiga asosan axloq tuzatish jazosi tayinlangan.

Qarzdor Bahrom Rahmonovning joriy yil 1 noyabr holatiga 22 million 407 ming so‘m aliment qarzdorligi mavjud.

Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor Bahrom Rahmonovdan 26.08.2022 yilda 3 million 322 ming so‘m, 02.11.2022 yilda qarzdorning yaqin qarindoshlari tomonidan 1 million so‘m aliment puli Sharofat Xasanovaning foydasiga to‘lab berilgan.

Ijro harakatlari davomida qarzdor Bahrom Rahmonovning yashash manzilida yo‘qligi va qayerda ekani noma’lum bo‘lgani yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, qarzdor otaga nisbatan 01.11.2022 yilda qidiruv e’lon qilingan hamda qidiruv harakatlari davomida qarzdor Bahrom Rahmonov 21.11.2022 yilda topilib, 15.11.2022 yildan buyon Termiz shahar “TA’MIRLASh FAROVON SeRVIS” MChJda ishlab kelayotgani to‘g‘risida ma’lumot taqdim qilgan.

Shu sababli qarzdor Bahrom Rahmonovning aliment qarzdorligini undirish maqsadida 21.11.2022 yilda ish haqining 50 foiz miqdorida ushlab qolinishi to‘g‘risida Termiz shahar “TA’MIRLASh FAROVON SeRVIS” MChJga talabnoma yuborilgan.

Qarzdor Bahrom Rahmonovning 01.06.2022 yildan 01.12.2022 yilda qayta hisob-kitob qilinganda aliment qarzi 23.585.697 so‘mni tashkil qiladi. Aliment to‘lovlarini kechiktirgan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid
Top