14:54 / 03.01.2023
13959

Insofi yo‘q “teploset”, befarq hokimiyat – sovuqda qolgan angrenliklar isitish tizimidan norozi

Angren shahridagi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi salkam 2 oydan beri sovuq xonadonlarda yashashga majbur bo‘lmoqda. Shahar hokimi holatdan shaxsan xabardor bo‘lishiga qaramay, odamlar bayram kunlarini ham muzlagan “otopleniya”lar bilan o‘tkazishyapti. 

Foto: KUN.UZ

Angren shahri Toshkent viloyatining yirik shaharlaridan biri hisoblanadi. Shaharning Dorilfunun mahallasi 45-uyda yashovchi ayol Malohat Amanqulovaning aytishicha, 2 noyabrdan beri mahalladagi ko‘p qavatli uylar yaxshi isitilmaydi.

“Necha yillardan beri shunaqa sovuq uylarda yashaymiz. Bizda oktyabrdan boshlab xonadonlar sovib ketadi, shu bilan maygacha davom etadi.

Boshqaruv servis kompaniyasi (BSK), “Issiqlik manbai”, IESga murojaat qilganmiz. Hammasi: “Biz hech narsa qilolmaymiz, nosozlik tufayli shunday bo‘lyapti”, deyishdan nariga o‘tmaydi.

Mahallada hokim yordamchilari bor, shularga ham murojaat qildik. Hokimiyatdan vakil kelib, aholi murojaatlarini o‘rgangandayam arzimizni aytdik”, – deydi Malohat Amanqulova. 

Shuningdek, shu mahallaning 5/5 kvartali 47-uyida yashovchi yana bir fuqaro ham xonadonlari sovuqligini, isitilmagan kun uchun ham to‘lov qilishni so‘rashganini aytdi.

“Xonadonlar dahshatli darajada sovuq. 4-5 qavat kiyinib, qalin paypoqlarda uxlayapmiz. Noyabr oyida 20 kun “otopleniya” bo‘lmagandi, bir IESda avariya bo‘ladi, yana boshqa yerda nosozlik. Dekabrda ham 20 kundan beri issiqliksiz o‘tiribmiz, bularning hammasini men qayd qilib qo‘yganman”, – deydi Nadejda Lebedova.

“Bu yil Angrenda isitish tizimi nol bo‘ldi, tayyorgarlikni yozda ko‘rish kerak edi. Endi hozir to‘g‘rilashdan nima foyda? Hozir BSKlar, shirkatlar qo‘lidan kelgancha yordam beryapti, issiqlik kelayotgan manbaning o‘zi betayin bo‘lsa, bular qanday qilib tayinli uzatsin?

IESdagi nosozliklar – bahona. Men o‘zim yangi Angren IESda injyener bo‘lib ishlaganman, bitta blokning me’yorida ishlashi uchun 2-3 oy oldin tayyorgarlik ko‘riladi. Buning uchun ketadigan mablag‘ ham oldinroq tayyorlanishi kerak. Ayni qish mavsumida qanday qilib muammoni o‘z-o‘zidan hal qilishmoqchi? Mablag‘ni qayerdan olmoqchi? Hozir mana shuni deb qancha odam zarar ko‘ryapti, sarf-xarajat qilib yotibdi”, – dedi u.

Angrenning Mustaqillik mahallasida yashovchi Islom Oripov bu tizimdan voz kechib, kotyolga o‘tish kerakligini taklif qilmoqda.

“Isitish muammosidan anchadan beri qiynalib kelamiz. Issiqlik bir bor, bir iliq, bir umuman yo‘q. Yarim kechasi ham o‘chirib qo‘yishadi, uyda yosh bolalar ham bor. Bolalar sovuqda shamollab yotishibdi. Kattalar-ku mayli, chidayapmiz. Buning ustiga 2 soatdan ortiq chiroqni ham o‘chiradi, ikkala muammo birdaniga to‘g‘ri kelib qoladi. “Otopleniya”ni bekor qilib, ikki konturli kotyol qilib, uyni isitgan yaxshi edi, shunga ham qo‘ymaydi bular. Bu xizmatdan umuman noroziman. Menimcha, bu tizimni bekor qilish kerak yoki har bir uyga moslama qo‘yishsin, daraja o‘lchaydigan qurilma o‘rnatishsin. Bu suv nechadir gradusda kelishi kerak, lekin shuni ham ololmaymiz. Doim avariya… Xohlasa o‘chiradi, xohlasa yoqadi”, – deya shikoyat qilmoqda Islom Oripov.

Holatdan shahar hokimi xabardor

24 dekabr kuni Angren shahar hokimiyati axborot xizmatining Telegramʼdagi rasmiy kanaliga bir video joylangan. Unga ko‘ra, o‘sha kuni Angren IESning 10-sonli energoblokida avariya yuzaga kelgan, vaziyatni shahar hokimi Alisher Rayimov shaxsan o‘rgangan.

Video davomida korxona direktori v.v.b. Abdunabi Nurmatov intervyu berib, muammolar yuzasidan aholidan uzr so‘ragan.

“Hurmatli hamshaharlar, Angren IES sizlardan uzr so‘raydi. Sababi bizda energoblokda nosozlik paydo bo‘ldi, shuning uchun blokni tizimdan o‘chirib, buni bartaraf qilish ishlari ketyapti. Buning oqibatida shaharga berilayotgan issiq suv harorati pasayishi kutilmoqda. Kamchiliklarni bartaraf qilish uchun grafiklar tuzildi.

Ertadan (25 dekabrdan) issiqlik haroratini me’yoriga ko‘tarishni boshlaymiz, 27 dekabrda to‘liq stabil haroratga chiqamiz”, – degan mas’ul xodim.

Ammo aholi murojaatlariga qaraganda, bu “o‘rganishlar” xuddi ko‘rgazma uchun qilingandek. Odamlar yangi yil kechasini ham sovuq uylarda, qavat-qavat kiyimlar bilan o‘tkazishayotgani joylardagi mas’ullar ishiga baho desak adashmagan bo‘lamiz.

Dilshoda Shomirzayeva

Kun.uz muxbiri

Top