O‘zbekiston | 08:38 / 04.01.2023
4278
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Pokiston 500 mln dollarlik loyihalar bo‘yicha kelishuvga erishdi

O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining joriy yil Pokistonga tashrifi doirasida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ushbu mamlakatning asosiy vazirliklari va idoralari hamda ishbilarmon doiralar vakillari rahbarlari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuvlarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha Qo‘shma dasturni qabul qilish va kelgusida amalga oshirish, Imtiyozli savdo bitimi yuzasidan kelishish ishlarini yakunlash va uni kuchga kirishini ta’minlash, Tranzit savdosi to‘g‘risidagi bitim imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish kabi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi

To‘qimachilik sanoati, qurilish materiallari, mineral o‘g‘itlar, maishiy texnika ishlab chiqarish, uy-joy qurilishi, fan-texnika, turizm sohalarida umumiy qiymati 500 million dollardan ortiq bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rish, kimyoviy mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishga kelishildi.

Tomonlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish, shakar va sut mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish va ishlab chiqarilishini tashkil qilish, qo‘shma sholi yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va echki fermalarini tashkil etish masalalarini nazarda tutgan holda, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik istiqbollarini alohida tahlil qildi.

Pokiston tomoni muhokama qilingan tashabbuslarga har tomonlama yordam ko‘rsatishga, fitosanitariya nazorati bo‘yicha yagona qoidalarni joriy etishga, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoniga texnik va maslahat yordamini kengaytirishga hamda mintaqaviy transport-logistika loyihalarini amalga oshirish doirasida hamkorlikni kuchaytirish va mintaqadagi manfaatdor davlatlarni ham ushbu jarayonga jalb etish yuzasidan munosabatlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Muloqot yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston tomoni qo‘shma sarmoyaviy loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Mavzuga oid