11:20 / 05.01.2023
32305

Urushda olinmagan kadrlar. 2022 yil suratlarda

Ukrainadagi urush nafaqat axboriy jihatdan, balki vizual jihatdan ham 2022 yilning asosiy kun tartibida bo‘ldi. Yilning asosiy kadrlari — qochqinlar, qurbonlar va yarador bo‘lganlar suratlari, qo‘rqinchli janglar, o‘lim keltiruvchi bombardimonlar va Rossiya tajovuzining boshqa oqibatlari bo‘ldi. Bunday kadrlardan fotojamlanma avvalroq taqdim etilgandi. O‘tgan yilda  fotograflar dunyoda sodir bo‘lgan boshqa muhim voqealarni ham tasvirga olishda davom etishdi. Quyida «Meduza» fotomuharrirlari tomonidan saralangan yil suratlari.

Olmaotada qurollangan politsiyachi namoyishchilardan birini qo‘lga olmoqda, 2022 yil 8 yanvar. Yil boshida Qozog‘istonda iqtisodiy talablar bilan boshlangan namoyishlar tartibsizliklar va huquq-tartibot organlari bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketgandi. Namoyishchilar hukumat iste’foga chiqishiga, yonilg‘i narxlari ko‘tarilmasligiga va sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning siyosiy maqomi pasaytirilishiga erishdi. O‘shanda namoyishlarni bostirishda yordam berish uchun Qozog‘istonga KXShT tinchlikparvar missiyasi ham kiritilgandi. Ko‘chalardagi to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi halok bo‘lgandi.
Vasiliy Krestyaninov / AP / Scanpix / LETA
Kaliforniyaning San-Klemente shahridagi plyajdagi qutqaruvchi AQSh Mustaqilligi kunidagi salyutni tomosha qilmoqda, 2022 yil 4 iyul.
Jae C. Hong / AP / Scanpix / LETA
Sovetlarning ilk atom suvosti kemasi, 1957 yilda suvga tushirilgan K-3 «Leninskiy komsomol» Kronshtadt ko‘chalari bo‘ylab maxsus platformada olib o‘tilmoqda, 2022 yil 12 oktyabr. 2023 yilda suvosti kemasi Kronshtadtdagi Harbiy-dengiz shuhrati muzeyidagi asosiy eksponatga aylanadi.
Dmitriy Lovetskiy / AP / Scanpix / LETA
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi keng ko‘lamli urush boshlanishidan ikki yarim hafta oldin, 2022 yil 7 fevralida Kremlda — mashhur oq stolida (uzunligi olti metr) Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni qabul qilmoqda — bu stol Rossiya davlat rahbarining hatto o‘z yaqin kishilaridan ham ijtimoiy uzoqlashuvi ramziga aylangandi. Makron urushdan oldin va urushning ilk haftalarida Putin bilan muzokaralar o‘tkazish tarafdori edi, ammo u fransuzlar rahbari hatto jami 100 soatlik muloqotlardan keyin ham uni Rossiya qo‘shinlarini Ukraina hududidan olib ketishga ko‘ndira olmadi.
AFP / Scanpix / LETA
Kiyevdagi tashlandiq zavod hududida harbiy instruktor faollarni o‘qotar qurol bilan (aniqrog‘i — AK-47) muomila qilishga o‘rgatmoqda, 2022 yil 30 yanvar. Keng ko‘lamli bosqin boshlanishiga hali bir oycha vaqt bor edi — ammo Ukraina poytaxti aholisi harbiy tahdidlarni qaytarishga tayyorlana boshlagandi. Mashg‘ulotlar «Azov» polkiga yaqin bo‘lgan «Milliy korpus» siyosiy partiyasi tomonidan tashkillashtirilgan.
Sergei Supinsky / AFP / Scanpix / LETA
2021 yil dekabrida «Habbl» teleskopi o‘rniga ishga tushirilgan «Jyeyms Uebb» kosmik teleskopi koinot ichkarisidan tarixdagi eng aniq va batafsil infraqizil tasvirlarni uzatdi, NASA bu tasvirlarni 2022 yil 11 iyulida e’lon qildi. Tasvirlar SMACS 0723 galaktikalar to‘plami «4,6 milliard yil muqaddam qanday bo‘lgani»ni ko‘rsatadi va «osmonni qum zarrasidek o‘lchamda jamlaydi».
NASA / ESA / CSA / SscI
Havayidagi Maui orolida joylashgan Xaleakala observatoriyasida Daniel Inoui nomidagi quyosh teleskopi to‘liq ishga tushirilgan vaqtdagi Quyoshning ko‘rinadigan yuzasi surati. Tasvir 2022 yil 7 sentabrida namoyish etilgan. U 82 ming kilometrlik yuzani aks ettiradi — bu Yer diametridan ikki barobar katta (tasvirdagi bir piksel 18 kilometrga to‘g‘ri keladi).
NSO / AURA / NSF
Kaliforniyaning Maripoza okrugidagi uylardan birida alanga ichida qolgan mebellar, 2022 yil 23 iyul. Okrugda o‘rmon yong‘inlari avgust oyi o‘rtalariga qadar tinmadi. Bu vaqt davomida olov sakkiz ming gektar maydonga tarqaldi va 200 ga yaqin turar joylar va xo‘jalik binolarini yo‘q qildi. Ofatga qarshi kurash uchun mahalliy hukumat 93 million dollar sarfladi.
Noah Berger / AP / Scanpix / LETA
Budda monaxi Tailand hukumati siyosati va Bangkokdagi forum chog‘ida Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi davlatlari sammitiga qarshi namoyishga chiqqanlarga kuch ishlatmaslikni ko‘rab politsiyaga murojaat qilmoqda, 2022 yil 16 noyabr.
Vichan Poti / Pacific Press / SIPA / Scanpix / LETA
Sankt-Peterburgda Fontanka daryosidan o‘tgan ko‘prikda osilgan «Net voyne» banneri, 2022 yil 23 fevral. RFning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin arafasidagi aksiya anonim faollar tomonidan uyushtirilgan, ular telegram-kanallardan biri orqali shu tariqa «oddiy fuqarolarga urushning haqiqiy yuzi — qon rangida bo‘lishi»ni yetkazmoqchi bo‘lishganini bildirishgan.
David Frenkel / «Mediazona»
Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqiniga qarshi namoyish ishtirokilari, 2022 yil 24 fevral. «Gostinyy Dvor» metro bekati yaqinidagi maydonda urushning ilk kuni kechqurun ikki mingga yaqin kishi to‘planadi. Yig‘ilganlarning 500 nafarga yaqini qo‘lga olinadi.
Anton Vaganov / Reuters / Scanpix / LETA
Moskva shahridagi Lefortovo rayon sudining Vladimir oblasti Pokrov shahridagi 2-sonli axloq tuzatish koloniyasida o‘tkazilgan sayyor sud majlisidan teletranslatsiya vaqtida olingan foto, o‘shanda, 2022 yil 15 fevralida shu yerda jazoni o‘tayotgan Aleksey Navalniyga nisbatan firibgarlik va sudni haqorat qilish holatlari bo‘yicha ish ko‘rib chiqilgandi. Suddagi tanaffus vaqtida siyosatchi rafiqasi Yuliya bilan gaplashmoqda. Mart oyi oxirida sud uni jazoni qattiq rejimdagi koloniyada o‘tash sharti bilan 9 yil qamoq jazosiga hukm qiladi. Navalniy jazoni xuddi shu Vladimir oblastidagi IK-6 koloniyasida o‘tamoqda. Qamoqxona ma’muriyati so‘nggi oylar davomida mayda qoidabuzarliklarni bahona qilib, muxolifatchiga qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llab kelmoqda.
Aleksandr Nemenov / AFP / Scanpix / LETA
Jyenevadagi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi majlisi chog‘ida RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov videoaloqa orqali so‘zga chiqqanida diplomatlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuziga norozilik sifatida zalni tark etishmoqda, 2022 yil 1 mart. Rossiya TIV rahbari sanksiyalar tufayli Shveytsariyaga shaxsan tashrif buyura olmagandi. Bunday demarsh keyinchalik Lavrovning BMTning Qurolsizlanish bo‘yicha konferensiyasi chog‘idagi chiqishida ham takrorlanadi.
Salvatore Di Nolfi / Keystone / AP / Scanpix / LETA
Polshaning Poznan shahridagi «Arena» sport-ko‘ngilochar kompleksi hududida tashkil etilgan vaqtincha punktga joylashtirilgan ukrainalik qochqinlar, 2022 yil 18 mart. Polsha Yevroittifoqda urushdan qochgan ukrainlarni eng ko‘p miqdorda qabul qilgan davlat bo‘ladi: mamlakatda rasman 1,4 million kishi boshpana olgan.
Piotr Skornicki / Agencja Wyborcza.pl / Reuters / Scanpix / LETA
Siyosiy faollar 2022 yil 9 may kuni sovet askarlarining mavzoleyiga kelgan RFning Varshavadagi elchisi Sergey Andreyevning yuziga qonni ifodalovchi qizil bo‘yoq sepishdi. Aksiya ishtirokchilari shu tariqa Rossiya Ukrainada boshlagan urushga e’tirozlarini bildirishgan.
Maciek Luczniewski / AP / Scanpix / LETA
Filippinning San-Ildefonso munitsipalitetida yashovchi aholi «Noru» to‘foni keltirib chiqargan suv toshqinidan keyin shahar ko‘chalari bo‘ylab faqat suzgan holatda harakatlanishi mumkin edi, 2022 yil 26 sentabr. O‘shanda Janubiy-Sharqiy Osiyodagi tabiiy ofat qurbonlari soni 40 nafarni tashkil etadi, undan ko‘rilgan zarar miqdori esa 100 million dollardan ortiqqa baholanadi.
Eloisa Lopez / Reuters / Scanpix / LETA
Luvr xavfsizlik xizmati xodimi muzeyning asosiy eksponatlaridan biri —Leonardo da Vinchining «Mona Liza» kartinasini himoya qiluvchi oynadan ekofaollardan biri sepgan kremni artib tashlamoqda, 2022 yil 29 may. Kolyaskadagi keksa ayol qiyofasida kelgan ekofaol polotnoga tort bo‘lagini otgan, shu vaqtning o‘zida atrof-muhit muhofazasi muhimligi haqidagi shiorni aytib hayqirgan. Ekovandalizm 2022 yilning haqiqiy trendiga aylandi: keyinroq faollar Vinsent Van Gog, Klod Mone, Gustav Klimt va boshqa taniqli rassomlarning asarlariga hujum uyushtirishdi.
@Klevisl007 / AP / Scanpix / LETA
Marokash shimolidagi Igran qishlog‘ida 32 metrli quduqqa qulab tushgan Rayyan ismli bolani qutqarish uchun parallel qazilgan quduqda turgan favqulodda xizmatlar xodimlari va ko‘ngillilar, 2022 yil 4 fevral. Bu holat butun dunyo diqqat markazida bo‘ldi, qutqaruv amaliyoti mahalliy televideniyeda jonli translatsiya qilindi. Ammo bolani saqlab olishning imkoni bo‘lmadi.
Mosaʼab Elshamy / AP / Scanpix / LETA
Mahalliy aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari aniqlangach, lokdaunga yopilgan kvartalni o‘rab turgan devor tirqishidan mo‘ralayotgan kishi, Shanhay, 2022 yil 7 iyun. Faqat yil oxiriga kelib, yirik shaharlardagi davomli norozilik namoyishlar tufayli Xitoy hukumati COVID-19 ga qarshi «nol bardoshlilik» siyosatini yumshatishga majbur bo‘ldi. Hozirda mamlakatda ushbu «liberallashtirish» tufayli kasallanishning kuchli to‘lqini kechmoqda.
Aly Song / Reuters / Scanpix / LETA
Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sindzo Abe Nara shahridagi mitingda chiqish qilayotganida suiqasd qurboniga aylanadi, 2022 yil 8 iyul. Gumonlanuvchi o‘z harakatini qandaydir diniy tashkilotdan qasd olish motivi bilan izohlaydi, uning fikricha, ushbu nufuzli siyosatchi bu tashkilot faoliyatiga aloqador bo‘lgan.
Kyodo / Reuters / Scanpix / LETA
Rossiya va Gruziya chegarasidagi «Verxniy Lars» nazorat-o‘tkazish punktida yuzaga kelgan tirbandlikning sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasviri, 2022 yil 27 sentabr. Safarbarlikdan qochgan rossiyaliklar chegarani kesib o‘tish uchun kunlab navbatda turishgan.
Maxar Technologies / AP / Scanpix / LETA
Safarbar qilinganlarni Ukrainadagi urushga tayyorlanish uchun poligonga jo‘nash oldidan kuzatib chiqqan yaqinlari va oila a’zolari, Tomsk, 2022 yil 28 sentabr. Rossiyada safarbarlik amalda yakunlanmagan.
Vanya Russkiy / Kommersant’ / Sipa USA / Vida Press
Dunyodagi eng yirik ikkinchi baliq ovlovchi kema, Niderlandiyaning «Margiris» trauleri Fransiya sohillari yaqinida Atlantika okeaniga 100 mingdan ortiq o‘lik baliqlarni tashlab yuboradi. Hodisa tarmoqdagi shikastlanish tufayli ro‘y bergandi va amaldorlar hamda ekofaollarning shovqinli reaksiyasini keltirib chiqaradi: Fransiya dengiz vaziri Annik Jirarden, tabiatni muhofaza etuvchi organlarni ushbu holatni sinchiklab tekshirishga chaqiradi, ekologlar esa yana bir bor dunyoning turli chekkalaridagi baliq zaxiralarini yo‘q qilib yuboruvchi bunday kemalarda baliq ovlashga qarshi chiqishadi.
Sea Shepherd
Boltiq dengizida «Shimoliy oqim» gaz quvuridan gaz chiqib chiqqan joyning ko‘rinishi, 2022 yil 30 sentabr. Bu yilning eng jumboqli diversiyasi bo‘ldi — «Shimoliy oqim» quvuridagi portlashlar seriyasi —RF va Yevropa o‘rtasidagi gaz mojarosi avjiga chiqqanida ro‘y berdi va ko‘p vaqtgacha ularning energetik hamkorligi «urushga qadar» bo‘lgan davrdagi masshtabda tiklanishi imkoniyatlarini so‘roq ostida qoldirdi. Bu hodisa ortida kimlar turganini aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar davom etmoqda.
Danish Defence Command / Reuters / Scanpix / LETA
Moskvada safarbarlikka qarshi aksiya ishtirokchisining qo‘lga olinishi, 2022 yil 24 sentabr. Shu kuni poytaxt bo‘ylab jami 400 dan ortiq namoyishchi politsiya bo‘limlariga yetkaziladi.
Mixail Tereshchenko / TASS
Xerson va Zaporijjya oblastlarining annexia qilingan hududlari rahbarlari Vladimir Saldo va Yevgeniy Balitskiy, RF prezidenti Vladimir Putin, annexia qilingan «DXR» va «LXR» rahbarlari Denis Pushilin hamda Leonid Pasechnik (chapdan o‘ngga) «Rossiya tarkibiga qo‘shilish» bo‘yicha kelishuvni imzolash chog‘ida, Kreml, 2022 yil 30 sentabr. Bu mamlakat qonunchiligiga zid bo‘lishiga qaramay, 5 oktyabrda annexia jarayoni yuridik jihatdan yakunlanadi. Ammo bu vaqtda ukrainlar annexia qilingan hududlarni qaytarib ola boshladi.
Getty Images
Qirolicha Yelizaveta II jasadi ortilgan katafalk Vindzor qal’asi tomon ketmoqda, u shu yerda dafn etilgan, 2022 yil 19 sentabr. Qirolichaning vafotidan keyin Buyuk Britaniyada umummilliy motam e’lon qilingan, monarxning dafn marosimiga esa xorijiy davlatlardan 500 ga yaqin yuqori martabali rasmiylar kelgan (ammo RF va Belarusdan emas — ular taklif etilmagan).
Yevgeniy Feldman / «Meduza»
Gretsiyaning Kitira oroli sohillari yaqinida kema halokatga uchrashi oqibatida halok bo‘lgan migrantlar jasadlari, 2022 yil 6 oktyabr. Eron, Iroq va Afg‘onistondan kelayotgan migrantlar bo‘lgan va Turkiyadan Gretsiya tomon harakatlangan ikkita parus qayiq po‘rtana vaqtida qoyali sohilga urilgan. 22 kishi halok bo‘lgan, yana o‘ndan ortiq kishi bedarak yo‘qolgan, 80 dan ortiq jabrlanuvchi qutqarib qolingan.
Thanassis Stavrakis / AP / Scanpix / LETA
Yana bir qutqaruv amaliyoti: Italiya sohil qo‘riqlash xizmati xodimlari qayiqda Lampeduza oroli tomon suzib kelgan bangladeshlik va misrlik migrantlarni kemaga olmoqda, 2022 yil 25 yanvar. Kamida yetti kishini qutqarishning imkoni bo‘lmagan — ular muzlab qolish oqibatida vafot etishgan. Lampeduza —  Afrika va Osiyo mamlakatlaridan keluvchi noqonuniy migrantlar marshrutidagi yakuniy nuqtalardan biri hisoblanadi: orolga har oyda yangi hayot izlab Yevropaga yo‘l olgan yuzlab kishilar qabul qilinadi.
Pau de la Calle / AP / Scanpix / LETA
Isroillik politsiyachilar hamda «Al-Jazira» telekanali jurnalisti Shirin abu Aklening dafn marosimiga kelgan kishilar o‘rtasidagi to‘qnashuv, 2022 yil 13 may. Chorak asrdan ortiq vaqt mobaynida Yaqin Sharqdagi mojaroni yoritish bilan shug‘ullanib kelgan Abu Akle isroillik harbiylar G‘arbiy sohildagi Jyenin shahrida falastinlik qochqinlar lageriga uyushtirgan reyd vaqtida o‘qqa uchib halok bo‘lgandi.
Maya Levin / AP / Scanpix / LETA
Janubiy Afrikaning Kryugersdorp shahri atrofidagi aholi noqonuniy oltin izlovchilar guruhini yechintirib, ularni qiynoqqa solmoqda, 2022 yil 4 avgust. Bu mojaro ushbu shaxslar mazkur hududda sakkiz ayolni zo‘rlaganlikda gumon qilingani tufayli kelib chiqqandi.
Denis Farrell / AP / Scanpix / LETA
Mixail Gorbachyov bilan vidolashuv marosimi o‘tkazilgan Ittifoqchilar uyidagi zal devorida ilingan portret, 2022 yil 3 sentabr. SSSRning birinchi va oxirgi prezidentiga hurmat bajo keltirish uchun bu yerga yuzlab kishilar tashrif buyuradi. Vladimir Putin tig‘iz grafikni sabab qilib ko‘rsatgan holda, marosimga kelmaydi.
Yevgeniya Novojyenina / Reuters / Scanpix / LETA
Kobuldagi turar joylardan birida faoliyat ko‘rsatayotgan yashirin maktablardan birining o‘quvchisi, 2022 yil 30 iyul. «Tolibon» harakati vakillari bergan va’dalarga qaramay, Afg‘onistonda o‘tgan yili o‘rta va katta sinf o‘quvchilari maktabda o‘qishiga ruxsat berilmadi. Bundan tashqari, yil oxirida ayollarning oliy ta’lim olishiga ham taqiq qo‘yildi — mamlakat ayollari endi universitetlarda o‘qishi mumkin emas.
Ebrahim Noroozi / AP / Scanpix / LETA
AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris va Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning AQSh kongressidagi chiqishi chog‘ida Baxmut atrofida jang qilayotgan Ukraina harbiylari imzolari chekilgan bayroqni tutib turishibdi, 2022 yil 21 dekabr. Vashingtonga tashrif ukrainlar yetakchisining 24 fevraldan buyon ilk bor xorijga chiqishi edi. Zelenskiy AQSh prezidenti Jo Baydendan qo‘llab-quvvatlov davom ettirilishi bo‘yicha kafolat oldi.
Carolyn Kaster / AP / Scanpix / LETA
Mahsa Aminiyning o‘ldirilishiga 40 kun bo‘lgan kunda u dafn etilgan qabriston tomon harakatlangan namoyishchilar avtokolonnasi. Mashinalardan birida boshi hijob bilan o‘ralmagan ayol turibdi, bu surat 2022 yil 22 oktyabrida olingan. 22 yoshli Aminiy hijobni to‘g‘ri o‘ramagani uchun qo‘lga olinib, politsiya mahkamasiga olib ketilganida boshidan olingan og‘ir jarohatlardan vafot etgandi. U Eronda namoyishlarning yangi to‘lqini ramziga aylandi, uning ishtirokchilari amaldagi rejim tomonidan qatag‘on etilmoqda — faollardan bir necha nafari qatl etildi, yana o‘nlab mahbuslar o‘lim hukmi ijro etilishini kutmoqda.
AFP / Scanpix / LETA
Urush vaqtida Moskva shahri va uning atrofidagi ko‘chalarni suratga olgan fotograf Aleksandr Gronskiyning so‘zlariga ko‘ra, shaharda «mohiyatan hech narsa o‘zgarmagan, ammo amalda barchasi o‘zgargan».
Aleksandr Gronskiy
20 dekabr kuni Argentina poytaxti Buenos-Ayresda Qatardagi jahon chempionatidan qaytgan futbol bo‘yicha milliy jamoani shunday kutib olishdi. Argentina ushbu turnirda g‘alaba qozondi — bu 36 yil ichidagi ilk chempionlik bo‘ldi. Futbolchilar qaytgan kun mamlakatda dam olish kuni deb e’lon qilindi, Buenos-Ayres ko‘chalariga to‘rt milliondan ortiq kishi chiqdi.
Tomas Cuesta / AFP / Scanpix / LETA
Mavzuga oid
Top