10:36 / 11.01.2023
3043

«Argentina, 1985» filmi «Oltin globus»ni qo‘lga kiritdi

«Oltin globus» mukofoti favoritlaridan biri bo‘lgan germaniyalik Edvard Bergerning urushga qarshi mavzuda suratga olingan «G‘arbiy frontda o‘zgarishsiz» filmi mukofotsiz qoldi.

Foto: NBC

11 yanvar, chorshanba kuni kechqurun Los-Anjyeles va Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan 80-«Oltin globus» kinomukofoti marosimida Argentinaning «Argentina, 1985» filmi «Chet tilidagi eng yaxshi film» nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.

«Oltin globus» mukofoti favoritlaridan biri bo‘lgan nemis rejissyori Edvard Bergerning urushga qarshi «G‘arbiy frontda o‘zgarishsiz» filmi mukofotsiz qoldi. Shunga qaramay, u 12 mart kuni taqdim etiladigan Amerika kinosan’ati akademiyasining «Oskar» mukofotida hali ham imkoniyatga ega.

Amerikalik Stiven Spilberg «Fabelmanlar» filmi uchun eng yaxshi rejissyor sifatida mukofotni oldi.

Ostin Batler xuddi shu nomdagi filmda Elvis Presli roli uchun eng yaxshi dramatik aktyor nominatsiyasida g‘olib chiqdi. Kolin Farrell «Banshi Inisherina» uchun eng yaxshi komedik aktyor deb topildi. Keyt Blanshett «Tar» filmidagi bosh roli uchun «Drama yo‘nalishidagi eng yaxshi aktrisa» deb tan olindi.

Zendaya «Eyforiya» filmidagi roli uchun «Drama serialidagi eng yaxshi aktrisa» nominatsiyasida «Oltin globus»ni qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi animatsion film uchun mukofot «Pinokkio Gilermo del Toro»ga berildi.

Amerikaning «Oltin globus» kinomukofoti Hollivud xorijiy matbuot assotsiatsiyasi tomonidan 1944 yildan beri har yili yanvar oyida 90 ga yaqin xalqaro jurnalistlar ovozi asosida topshiriladi.

Mavzuga oid
Top