11:15 / 11.01.2023
41376

Rossiya Ukrainaga qarshi Su-57 samolyotlaridan ehtiyotkorlik bilan foydalangan. Bu qanday qurol?

Britaniya razvedkasi Rossiya Ukraina bilan urushda o‘zining eng ilg‘or beshinchi avlod Su-57 qiruvchi samolyotlaridan foydalanayotganini ma’lum qildi. Biroq bu samolyotlarning jangovar parvozlari katta ehtimol bilan faqatgina Rossiya havo hududida amalga oshirilmoqda. Bunga rossiyalik harbiylarning Ukraina kuchlari samolyotni urib tushirgan taqdirda maxfiy texnologiyalarni dushmanga berib qo‘yishdan qo‘rqishi sabab bo‘lishi mumkin.

Foto: AFP

Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Su-57 Ukrainadagi jangovar harakatlarda yarim yildan buyon qatnashayotgan bo‘lishi mumkin. Bu uchoq Rossiyaning eng ilg‘or beshinchi avlod, tovushdan tez uchuvchi jangovar samolyoti bo‘lib, u yashirin texnologiya va zamonaviy avionikaga ega. Uchoq Suxovo tajribaviy-konstruktorlik byurosi tomonidan ishlab chiqilgan.

Rossiyaning bunday zamonaviy qurolni ishlab chiqishi haqidagi gaplar 2000-yillar boshlarida boshlangan bo‘lsa ham, Su-57’ning birinchi parvozi 2010 yil yanvar oyida, Komsomolsk-na-Amur shahrida amalga oshirilgan.

2017 yil dekabrida qiruvchi samolyot yangi dvigatellar bilan osmonga ko‘tarilgan, 2018 yil yanvar oyi oxirida esa Su-57 qurollangan holda ucha boshlagani ma’lum bo‘ldi.

Qiruvchi samolyot uzoq va yaqin masofadagi janglarda barcha turdagi havo nishonlarini yo‘q qilish, dushmanning havo mudofaa tizimlarini yengib o‘tgan holda yer va yer usti nishonlarini o‘qqa tutish, shu bilan birga bazadan turib katta masofadagi havo bo‘shlig‘ini kuzatish uchun mo‘ljallangan, deb yozadi «Interfaks» nashri.

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 2018 yilda yangi Su-57 qiruvchi samolyotlari Suriyada sinov dasturidan o‘tganini aytgandi. Bir necha oy o‘tib, Shoyguning aniqlik kiritishicha, sinovlar fevral oyida bo‘lib o‘tgan va sinovlar davomida samolyotlardan qanotli raketalarning amaliy uchirilishi bajarilgan.

Oradan bir yil o‘tib, prezident Vladimir Putin yaqin kelajakda 76 ta Su-57 qiruvchi samolyotlarini kompleks yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolanishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2028 yilga borib aero-kosmik kuchlarning uchta aviatsiya polki Su-57 bilan to‘liq qayta jihozlanadi.

Hozirda Rossiyada bunday qiruvchilardan nechta borligi noma’lum. Britaniya razvedkasi Axtubinsk aviabazasidagi beshta Su-57 samolyotining sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini e’lon qildi.

«Bu samolyotlar katta ehtimol bilan Ukrainaga qarshi operatsiyalarda ishtirok etgan», deydi Britaniya harbiylari.

Britaniya razvedkasiga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga qarshi harakatlarda bu qiruvchilardan juda ehtiyotkorlik bilan foydalanadi. Ulardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Su-57 bilan operatsiyalar Rossiya osmonida uchish va Ukraina hududiga uzoq masofaga uchuvchi «havo-yer» yoki «havo-havo» raketalarini otish bilan cheklangan.

Ukrainaga qarshi urushda Su-57 qiruvchilaridan foydalanish nimani anglatadi?

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Rossiya Ukraina bilan urushda Su-57 qiruvchi samolyotlaridan foydalanayotgani haqida 2022 yil 21 avgust kuni ma’lum qilgandi. Ammo Britaniya Mudofaa vazirligi harbiy razvedkasi o‘zining kundalik hisobotida rossiyaliklar bu samolyotlardan kamida iyun oyidan beri foydalanayotganini yozgan.

Foto: ANADOLU AGENCY

Razvedka xabariga ko‘ra, Rossiya Aerokosmik kuchlari Su-57 samolyotlaridan ehtiyotkorlik bilan foydalanmoqda. Samolyotlar Ukraina aviatsiyasi yoki havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan to‘qnashishining oldini olish uchun Rossiya uchoqlarni o‘zi hududi ustida uchirmoqda va ulardagi uzoq masofaga harakatlanuvchi raketalarni uchirmoqda.

Ukraina va Rossiyaning Yevropa qismidagi havo holati NATO davlatlarining havo radarlari tomonidan nazorat qilinadi. Shu sababli, radarlardan qochish texnologiyasidan foydalanadigan eng yangi rus samolyotlarining Ukraina osmonida paydo bo‘lishi G‘arb mamlakatlari uchun juda ko‘p muhim ma’lumotlarni taqdim etishi mumkin. Jumladan, qiruvchining imzosi, ya’ni uning radar ekranlarida qanday ko‘rinishini bilib olish mumkin bo‘ladi.

To‘g‘ri, G‘arb bu samolyotni 2018 yilda, Rossiya uni Suriyada ishlatganda ham havoda o‘rganishi mumkin edi. Biroq bu kabi ma’lumotlar doim ham ko‘p bo‘lmaydi.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi o‘z hisobotida havo radarlari razvedkasi ma’lumotlariga emas, balki ushbu qiruvchi samolyotlar joylashgan Axtubinsk aerodromining sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlariga havola bergan. Biroq bayonotda bu samolyotlar iyun oyidan beri parvoz qilayotgani aytilgan, demak samolyotlarning parvozlari ham kuzatilgan.

Samolyotning osmonda «ko‘rinishi» xavfini Rossiya, uchoqni jangovar samolyotlar va havo hujumidan mudofaa tizimlariga ega dushmanga qarshi sinovdan o‘tkazish imkoniyati orqali qoplashi mumkin.

Bunday sinovlar qiruvchi samolyotning turli tizimlarni sinab ko‘rishga yordam beradi. Masalan, radiolokatsiya majmuasi, radioelektron kurash uskunalari, aloqa vositalari, qurollarni boshqarish tizimi hamda uning boshqa samolyotlar bilan o‘zaro hamkorligi qobiliyatini ishlab chiqish kabi. Su-57’ning hozirda ehtiyotkorlik bilan qo‘llanishi va Rossiya hududidan turib zarbalar berishi, uning kelajakda yanada dadilroq vazifalarda qo‘llanmasligini anglatmaydi.

Bundan tashqari, yangi samolyotni haqiqiy urushda qo‘llash orqali Rossiya uning bozordagi maqomini ham oshiradi. Haqiqiy janglarda ishlatilgan qurollar faqat poligon sharoitida sinovdan o‘tkazilgan qurollardan yuqoriroq baholanadi.

Rossiya beshinchi avlod qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqish dasturini ommaviy ishlab chiqarishga tatbiq qilgan kam sonli davlatlardan biri. Garchi, hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirgacha Rossiyada bunday qiruvchi samolyotlarning atigi 15 tasi qurilgan bo‘lsa-da (taqqoslash uchun, AQShda 195 dona ikki dvigatelli beshinchi avlod F-22 qiruvchi samolyotlari ishlab chiqarilgan).

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top