O‘zbekiston | 07:34 / 25.01.2023
8326
3 daqiqa o‘qiladi

IHTga raislik O‘zbekistondan Ozarboyjonga o‘tmoqda 

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 26-yig‘ilishida a’zo davlatlar tashqi siyosat idoralari rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalar ishtirok etgani tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu haqda IHT Bosh kotibi Xusrav Noziriy yig‘ilish yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan brifing chog‘ida aytib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.

Foto: Dunyo AA

“Bu har doim ham bo‘lavermaydi. Men buni tashkilotimizni yanada rivojlantirish, uning samaradorligi va xalqaro platformada e’tirof etilishiga mamlakatlarning katta qiziqish bildirayotgani, shuningdek, O‘zbekistonning IHT faoliyatidagi roli ortib borayotganining e’tirofi, deb bilaman”, dedi Xusrav Noziriy.

Shuningdek, u O‘zbekiston Prezidenti taklifiga binoan, 2022 yil IHT mintaqasida “O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash yili” deb e’lon qilinganini e’tirof etar ekan, Tashqi ishlar vazirlari kengashi tomonidan bu tashabbusga yuksak baho berilganini ta’kidladi.

2023 yilda IHTga raislik Ozarboyjonga o‘tadi va joriy yilni “Yashil» o‘tish va o‘zaro bog‘liqlik yili”, deb e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Uning doirasida atrof-muhit va energetika sohasidagi sa’y-harakatlar va hamkorlikni faollashtirishga e’tiborni kuchaytirish rejalashtirilgan.

26-yig‘ilish yakunida O‘zbekiston rahbarining 2021 yil 28 noyabr kuni Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan IHT 15-sammitida ilgari surgan tashabbusi ijrosi doirasida yaqinda tashkil qilingan Yuqori darajadagi qo‘mitaning IHT mintaqasida hamkorlik istiqbollari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish maqsadiga qaratilgan yig‘ilishlarini muntazam tarzda o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ashxoboddagi IHT sammitida xalqaro ekolog olimlar va ekspertlar ishtirokida yuqori darajadagi doimiy Muloqot kengashini tuzishni taklif etgan edi. Yig‘ilish yakunida ushbu muloqot platformasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Tashkilot doirasida yangi tuzilma – IHT tabiiy ofatlar xavfini boshqarish bo‘yicha mintaqaviy markazi tashkil etildi. Qarorgohi Eronda joylashadigan mazkur tuzilma tabiiy ofatlar xavfini pasaytirish yo‘lidagi mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi.

Bundan tashqari, energetika xavfsizligi va barqaror energetika bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda Bokuda IHT Toza energiya markazi ochiladi.

Mavzuga oid