Jamiyat | 22:07 / 11.02.2023
38858
25 daqiqa o‘qiladi

“Sahnaga har gal tahorat va tilovat bilan chiqaman” - Erkin Komilov bilan suhbat

O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilovning O‘zbek milliy akademik drama teatridagi faoliyatiga bu yil 56 yil to‘ladi. Yarim asrdan ortiq vaqt davomida nafaqat teatrda, balki kinoda ham yuzlab rollar ijro etgan aktyor hali ham sahnada ijod bilan band. U istagan rollarini ijro eta oldimi, bugungi ijodiy jarayonlardan ko‘ngli to‘ladimi? Kun.uz mahoratli aktyor bilan shular haqida suhbatlashdi.

— Qariyb 60 yillik ijodiy faoliyatingiz davomida siz haqingizda tayyorlangan yoki siz ishtirok etgan ko‘rsatuvlar, intervyular soni ham yuzdan oshgandir. Xuddi berilmagan savol ham qolmaganday tuyuladi. Lekin sizday xazinaga aylanayotgan odamlar bilan suhbat qilarkanmiz, biz uchun ham asrab qo‘ygan javohiri bor, hech kimga aytmagan bitta gapini bizga aytadi, degan umidimiz yo‘q emas, albatta. Ayni paytda ijodkor sifatida nimalar bilan bandsiz?

— Yaqinda «Sudya» degan serialda rol ijro etdim. Yaqin kunlarda tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi. Pandemiya va yana boshqa sabablar bilan teatrda ko‘p asarlar qolib ketdi. «Alisher Navoiy», «Mirzo Ulug‘bek» kabi ommaviy sahnalari bor asarlar qo‘yilmadi. «Mirzo Ulug‘bek»da Abdulatif rolini ijro etadigan Fathulla Ma’sudov vafot etdi, Gavharshodbegim rolini o‘ynaydigan Yayra Abdullayeva ham olamdan o‘tdi. O‘ylab qarasam, bu spektakl ikki yildan beri qo‘yilmayapti ekan. Teatrdagilarga aytdim, endi «Mirzo Ulug‘bek» spektaklini tiklaymiz. Qo‘chqor Norqobilning «Taqdir sinovlari» degan asari bor, uni ham qayta tiklaymiz. Hozircha rejalarim shu.

— Hayot va ijod yo‘lingiz bilan tanishar ekanman, bitta ma’lumot meni hayratga soldi. Ya’ni Erkin Komilov 22 nafar farzandning o‘n to‘qqizinchisi. Yoki bu ma’lumotda mubolag‘a bormi?

— Mubolag‘a yo‘q. Rostdan 19-farzandman. Mendan keyin ikkita singlim, bitta ukam bor – 22 farzandmiz. Lekin birorta akam ham, opam ham yo‘q. Mengacha bo‘lgan aka-opalarim o‘tib ketgan, tibbiyot rivojlanmagan davr bo‘lgani uchun har xil kasalliklar sabab o‘tib ketishgan. Ismimni Tangriberdi deb qo‘yishgan, lekin qishloqda qisqartirib aytishadi, deb Erkin qo‘yishgan keyin.

Otam juda ziyoli, ilmli odam bo‘lgan. Komil qori deyishgan, Qur’onni yod bilganlar.

— Bolaligingiz urushdan keyingi qiyin davrlarga to‘g‘ri keladi. Andijonning Kurfa qishlog‘ida katta bo‘layotgan kichkinagina Erkin. U maktabda qanday o‘qirdi? Qanday bola edi? Sho‘xmi, jiddiymi yoki qitmirroq?

— O‘sha davrlarda qishloq bolalarga rahm-shafqat qilmas edi, yo‘q! Dadam rahmatli yer chop, derdi – chopardim, keyin kesagini maydalab qo‘y, derdi – kesagini maydalardim. So‘ng kartoshka, sabzi, yana boshqa narsalar ekardik. Suv qo‘yardik. Molga o‘t olib kelardik. Ishlardan keyin dars qilardik.

Bolalik Xudoga yaqin payt bo‘ladi. Qachon katta bo‘lamiz, derdik. Katta ham bo‘ldik, shahargayam keldik. Otam doim: «Yomondan yiroq bo‘l. Birovning haqini cho‘ntagingga solmagin, o‘z haqingni talab qiladigan yigit bo‘lgin, deb o‘qityapman, Erkinboy» derdi. Lekin shaharga kelib, o‘qib yurganimda o‘sha bolalikka qaytgim kelardi. Shahardagi mayda-chuyda g‘uborlar menga yuqmasmikan, deb qo‘rqqanman. Baribir yuqqan... Hozir o‘zimni pok deb bilmayman. Umuman, bizning yoshdagilarning hammasi gunohkor bandalar. Beayb – Parvardigor.

Yoshligimda haddan tashqari baquvvat yigit edim. Temirlarni bukib qo‘yardim... Bir voqeani aytib bermasam bo‘lmas. O‘sh shahri bizga juda yaqin edi. Andijon markazi 34 chaqirim bo‘lsa, O‘sh markazi 4 chaqirim edi, piyoda ham borib kelardik. Shuning uchun bayram-hayitlarda faqat O‘shga borardik. Birinchi kursni bitirib, ta’tilga borgach, ammamning o‘g‘li, katta opamning o‘g‘li, men – uchalamiz O‘shga bordik. Daryo bor edi, sohilida bog‘, o‘sha yerda choyxonalar bo‘lardi. Kiraverishda, o‘ng qo‘l tarafda polvonlar kurashadigan maydon bor edi. Tomosha qilardik. O‘shanda nomi chiqqan, marhamatlik mashhur bir polvonni aytib, falonchi polvon bilan kim kurashadi, dedi. Men kurashaman, dedim. Ammamning o‘g‘li – Ismoil akamning to‘xtang deyishiga qaramay, maydonga chiqqanman.

Kurashib, marhamatlik polvonni aylantirib yerga urganman. Tomoshabinlar qiyqirib yuborgan. Choponni qayirib aylanadigan odat bor edi, odamlar pul tashlardi. Rosa pulga to‘lib ketdim. Puldan Ismoil akamgayam berganman, jiyanimgayam berganman. O‘zimdagi pulni qayerga qo‘yishni bilmayman hech. Ota-onamga ko‘rsatsam, qayerdan olding, deb urishadi. Ko‘rpaning qatiga tiqib qo‘yganman oxiri. Dadam hech menga kattiq gapirgan emas. Bir kuni yoniga chaqirdi-da, to‘nining yengi bilan bir urdi. «O‘shga borib kurashibsan. Mayib bo‘lib qolsang nima bo‘ladi? Endi bunaqa qilmagin», dedilar, xo‘p dedim. Demoqchimanki, shunaqa baquvvat yigit bo‘lganman. Institutga kelganimda ham kimdir meni haqorat qilsa, jim turmasdim, hamma mendan cho‘chib turardi.

— Poytaxtga kelayotganda o‘sha paytda Toshkent davlat teatr va rassomlik institutiga kiraman, deb qat’iy qaror bilan kelganmisiz? Yoki boshqa rejalar bo‘lganmi?

— O‘qishga kirish uchun kelganman faqat. 1950-51 yillarda onam meni O‘shga olib borgan. Bir joyga kirganmiz, o‘sha yerda «Ravshan va Zulxumor» degan spektakl bo‘layotgan ekan – bilmaganman men nima ekanini. Uyga kelib onamdan qayerga olib bordingiz, deb so‘raganman. Keyin onam teatrga olib bordim, deganlar. Teatr degan so‘zni ilk bor onamning og‘zidan eshitganman. Qayta-qayta aytib yodlab olganman shu so‘zni. Teatrga boraman deb yig‘laganlarim ham esimda. Hozir o‘ylasam, onam rahmatli yuragimga uchqun tashlagan ekan. Bu uchqun alanga olib ketishini xayolimga ham keltirmaganman. U paytlar aktyorlardan faqat Shukur Burhonovni bilardim. Keyin Olim Xo‘jayevni, Nabi Rahimov, Sora Eshonto‘rayevalarni eshitganman. Qanaqa odamlar ekan bular, deb o‘ylab yurardim.

O‘qishga 244 kishi hujjat topshirganmiz, shundan 11 kishini olishgan. Gulchehra Jamilova, Guliya Muhammedova, Hojiakbar Nurmatov, Ne’matulla Egamberdiyev – hammasi go‘zal yigit-qizlar, men esa qishloqdan kelganman. Shunda Prem Chandning «Nirmala» romanidan monolog yodlab o‘qib berganman, hamma hayron qolgan. Imtihonning birinchi bosqichida 244 kishidan 33 kishi qolgan. Familiyamni ko‘rib yig‘lab yuborganman. Ikkinchi bosqichda esa 11 kishi ichida 7-o‘rin bilan o‘qishga kirganman.

Nina Ivanovna Timofeyeva dars bergan bizga. Assistentlari Tursunboy Isroilov, Iza Isayeva, Nazira Aliyevalar edi. Buyuk ustozlar qo‘lida ta’lim olganmiz. Hamza teatri direktori Tojxo‘ja Xo‘jayev meni, Gulchehra Jamilovani, Hojiakbar Nurmatovni teatrga olib kelgan. 3-kursda o‘qirdik u payt. O‘qishni bitirganimdan keyin Komil Yashinning «Yo‘lchi yulduz» dramasidan Avaz rolini berishgan. «Agar shu rolni yaxshi o‘ynasangiz, teatrda olib qolaman. Yomon o‘ynasangiz, Andijonga ketaverasiz», degan Toshxo‘ja aka, hech esimdan chiqmaydi. Zikir Muhammadjonov bilan dublyor bo‘lganman. Rolim turkman yigit edi. Institutimizdagi turkman yigitlardan 17 kun turkmancha talaffuzni o‘rganganman. Shunday qilib, 1966 yilda meni teatrga qabul qilishgan.

— Teatrga mehr qo‘yishingizga onangiz sababchi bo‘lgan ekan. Ular o‘zlari bilan sizni bir necha bor teatrga olib borganda uyg‘ongan havas sizni yillar o‘tib aktyor qildi. Yutuqlaringizni onangiz ko‘rishga ulgurdilarmi? Ota-onangiz sahnada rollar ijro etganingizni ko‘rib quvonishganmi?

— Otam ko‘rolmadi, ammo onamga nasib qildi. Onam kelib ko‘p spektakllarni ko‘rgan. 1979-80 yillarda O‘ktam Usmonovning «Girdob» degan videofilmida Aziz Qosimov rolini o‘ynaganman. Film juda katta shov-shuv bo‘lib ketgan. O‘sha shov-shuvlarni onam ko‘rgan. Juda xursand bo‘lardi. «Butunlay boshqachasiz-da sahnada, bolam. O‘zingizdan chiqib ketasiz. Yuragingizni ehtiyot qiling, bolam» der edi.

Otam rahmatlikka odamlar o‘g‘lingizni televizorda ko‘rdik, deyishar ekan (bizning uyda televizor yo‘q edi). «Televizorlarga chiqayotgan emishsan, qishloq odamlaridan eshityapman...» derdi otam. U paytlar kichik-kichik rollarni o‘ynab yurardim.

Bizning baxtimiz shunda ediki, biz buyuk ustoz san’atkorlarning qo‘liga tushganmiz. Shukur Burhonovdek buyuk san’atkor meni shogirdim deb qabul qilgan. Biz kelgandan keyin mana 44 ta buyuk san’atkor o‘tib ketibdi. Ular bizga bir so‘z aytmagan bo‘lsa ham, sahnada o‘zini tutishini ko‘rib, ko‘p narsalarni o‘rganganmiz.

— Teatr darg‘alaridan biri Shukur Burhonovning shogirdisiz. Bu baxt o‘zbek teatr tarixida hammaga ham nasib etmagan. Ijodiy muvaffaqiyatlaringiz zamirida shu omil yotibdi qaysidir ma’noda. Shukur Burhonov sahnada ustozmidi sizga yoki ulardan o‘rganganlaringiz hayotda ham asqatganmi?

— Hayotdayam ko‘p narsani o‘rganganman. Shukur akam juda hokisor odam edi. Xarakterli rollarda ustozim Obid Yunusov bo‘lgan. «Oltin devor»dagi rolimni Obid akam tayyorlab o‘ynatgan menga. U kishi ham juda bir hokisor odam edi. Shukur akamning bir xarakteri bor edi: kattaroq lavozimdagi odam kelsa, «anavi kelibdi-da» deb o‘tib ketaverardi. Agar oddiyroq, hokisor odam bo‘lsa, borib ko‘rishib, so‘rashardi.

«Qiyomat qarz» spektakli chiqishidan avvalroq edi: bozorga tushdik. Bir ayol tilanib o‘tirgan ekan. Anavi ayol nima qilib o‘tiribdi, deb so‘radilar mendan, tilanib o‘tiribdi, Shukur aka, dedim. Cho‘ntagidan 25 so‘m pul olib, olib borib ber, dedi. 75 so‘m oylik olamiz o‘zimiz, choy 5 tiyin, non 10 tiyin paytlar. O‘n daqiqacha Shukur akamni duo qilgan.

Meni 3 yillik armiyadan olib qolgan Shukur akam. U paytlar armiyadan olib qolish mumkin emasdi o‘zi. «Shoh Edip»da rolim bor edi. Tayyorlanib endi ketayotganimda, Shukur akam ko‘rib, «Edip» nima bo‘ladi, degan-da, Iskandar Musapeyevichning oldiga olib kirib: «Bu bolani armiyaga olib ketishyapti ekan, 3 yil bekorga o‘tib ketadi, olib qoling» degan. Iskandar aka bunaqa masalalarga aralasha olmayman, degach, qaysi rayondansan, deb so‘radi. Oktyabr rayonidanman, dedim menam. «General-mayor Botir Boboyevdamisan? Botirni it tishlayotganda men ajratib olganman, yur bu yoqqa» dedi Shukur akam. Bir og‘iz gapi bilan olib qolgan. U payt bunday qilish «utopiya» edi. Uylanishimgayam yordam bergan.

Shukur akamning menga qilgan yaxshiliklari – bitta kitob. Shunday odamlar hozir bormikan... Masalan, mening qo‘limdan keladimi Shukur aka qilgan ishlar? Yo‘q. Qilolmayman, qo‘limdan kelsa ham, erinaman.

— 56 yildan beri bitta teatrdasiz. Vaholanki, bu teatrdan ham ko‘plar vaqtida ketgan. Ba’zilarining ketishi ziddiyatlar bilan bog‘liq, og‘riqli bo‘lgan. Milliy teatr sahnasida qolish ham oson ish emas deb eshitganmiz... Sizning ham hech ketishingizga to‘g‘ri kelgan paytlar bo‘lganmi?

— Ko‘plari kinoda omadi kelganda, teatrni tashlab ketgan. Teatr biz uchun boylik. Bu yerda olganlarimizni borib kinoda sarflaymiz. Bir oy sahnaga chiqmasangiz, sahna sizni yutib yuboradi. Kamida bir oyda ikki-uch marta sahnaga chiqib turish kerak.

Birim ikki bo‘ldi bu yerda. Qayerga ketaman? Odamlar hurmat qilayotgan bo‘lsa, shu teatrning changini yalaganimdan. 40 sotixlik bog‘im bor.

— Shaxsiy hayotda juda ko‘p sinovlarni boshingizdan o‘tkazgansiz. Erkin aka, kasbingizning oilaviy hayotingizga salbiy ta’siri bo‘lganmi, ya’ni turmushdagi og‘riqlaringizning ijodingizga bog‘liq tomonlari bormi? Balki faoliyatingiz tufayli yaqinlaringizga kamroq vaqt ajratgandirsiz? Bu borada afsuslanadigan tomonlaringiz bormi?

— Ba’zida aktyorlikka yetimxonadan chiqqan bo‘lish kerak ekan deyman. Alloh suygan bandalariga g‘amlar, anduhlar yuborib turadi. Bandamiz-da, ichimizga yutamiz, uyda yig‘lasak ham, ko‘chada kulib turamiz. Uyda biror yumush chiqsa, s’yomkada yo gastrolda bo‘laman. Uyda bir kun bo‘lib qolsam ham, asarlardagi she’riy matnlarni yodlayman. Shukur aka «Yodlagan so‘zni gapirmagin. O‘sha so‘zning tagidagi ma’noni, falsafani gapir, undan keyin tomoshabin qaraydi senga. Ko‘chib ketgan hovliga o‘xshab chiqma sahnaga. Shunday mahorat bilan o‘ynaginki, har daqiqada yo‘talib turadigan kasal odam seni ko‘rib, yo‘tali esidan chiqib qolsin» der edi. Maykl Jyekson aylanib shlyapa kiyish harakatini ming martalab repetitsiya qilgan ekan. Hozirgi aktyor-aktrisalar ming marta repetitsiya qiladimi? Qaytarsa 10-11 marta qaytaradi.

El-yurtga shunchaki tanilmaysiz. Fidoyilik qilganingiz uchun tanilasiz. Demak, mehnat qilish, o‘qish kerak. Agar shu mehnatlaringiz shaxsiy hayotga ta’sir qilsa, shaxsiy hayotni bir chetga surib qo‘yishga majbursiz. Chunki biz xalqning oldida turamiz. Bir marta nazardan qoldingizmi, keyinam qolib ketaverasiz.

— Sahnada yuzdan ortiq rollaringiz bor. Ular orasida boshqacha tilga olinadigani – Mirzo Ulug‘bek obrazi. Vaqtida Shukur Burhon ijro etgan, keyin Turg‘un Azizov. Ustozlardan keyin o‘z talqiningizni yaratish sizni cho‘chitmaganmi o‘shanda?

— Shukur aka telefon qilib, uyga kel, derdi. Ishim bormi-yo‘qmi, farqi yo‘q edi, chaqirardi – borardim. Oybek, Abdulla Qahhor, G‘ofur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Nazir Safarov, Sharof Rashidovlarni Shukur akaning uyida ko‘rganman. Bir kuni Shukur aka Maqsud Shayxzodaga: «Maqsudjon, Ulug‘bekning onasiga aytgan «Siz onasiz, emassiz hokima» degan joyini o‘zgartirib berasiz. Ulug‘ astronom olim onasini bunday siltab tashlamaydi» dedilar. Maqsud Shayxzoda ancha jim turdi-da: «Yozib bermayman, siz buyuk aktyorsiz, yo‘lini toping» dedi. Oradan o‘n kun o‘tgach, spektakl qo‘yilayotganda, lojaga chiqib qarab tur, dedilar. Shukur akam o‘sha so‘zlarni aytayotganda yig‘lab yubordi, tomoshabinlar duv qarsak chaldi. Spektakl tugagach: «Qalay, ko‘rdingmi?» dedi Shukur akam. «Ha, dahshat, qarsaklarni qarang» dedim. «Haa, Maqsud ham balo-da. Agar shu sahnani qayta yozib berganda, mana shu qarsaklar bo‘lmasdi» deb kulib qo‘ydilar.

Nasib qilsa, shu Ulug‘bekni senga o‘ynataman, deb qoldi bir kuni. Shukur akaning rolini qanday men o‘ynayman, deb hayron bo‘lganman. Shukur aka davrida Abbos rolini o‘ynardim. Ulug‘bekka xanjar uradigan joyida qo‘lim titragan birinchi marta.

—  Mirzo Ulug‘bek rolini ijro etishga qiynalganingizni aytgansiz. Qabriga borib Qur’on tilovat qilgan ekansiz. Barcha tarixiy obrazlarni yaratishdan avval shunday yo‘l tutasizmi yoki faqat Mirzo Ulug‘bek rolida shunday bo‘lganmi?

— Samarqandda yuqoridagilar bu yerda Ulug‘bek siymosi bormi, deb so‘ragan. Yo‘q deyishgach, qo‘yilsin deyishgan. Olimjon Salimovni yuborishgan Samarqandga. U yerda Ulug‘bekni o‘ynaydigan aktyor yo‘q deb qaytib kelgan, eshitishimcha. Keyin meni aytishgan va o‘sha yerda o‘ynasin deb jo‘natishgan. Samarqandga borganimdan keyin uch kun uyqu bo‘lmadi. Repetitsiya bo‘ladi – qulog‘imga hech narsa kirmaydi, shok bo‘lib qolganman. Ayolimga telefon qilib, Toshkentga qaytyapman, teatrda ishlamayman, deganman. Yig‘laganman. Jon dadasi, bunday qilmang, degan ayolim... Sahar tongda derazadan Go‘ri Amir maqbarasining gumbazi ko‘rinib turgan ekan, bordim. Uch kun qatnadim. Uchinchi kuni Amriddin degan yigit shunaqa yurganimni bilib, meni pastga qabr oldiga olib tushdi. Qabrni ushlab, o‘zimni bosolmay qattiq yig‘ladim. Yarim soatdan oshiq qolib ketdim. Uch kun qatnadim yana. Keyin rejissyorning gaplariyam qulog‘imga kira boshladi, so‘zlar ham. 20 kunda 44 varaq she’riy matnni yodlab, beshta premera o‘ynab qaytganman.

O‘shanda Ulug‘bek ruhiyati meni ushlab turgan ekan. Bir odatim bor: qaysi rolni o‘ynamay, sahnaga chiqish oldi ustozlar ruhiga bag‘ishlab Qur’on tilovat qilaman. Sahna poklikni yaxshi ko‘radi, faqat tahorat bilan chiqamiz. Agar shunchaki bepisand bo‘lganimda, Erkin Komilov bo‘lmasdim.

— Siz fojiaviy, dramatik, komik rollarniyam mahorat bilan ijro eta olasiz. Bu tomondan o‘zingiz orzu qilgan rol, obrazni yaratish imkoniyati ko‘proq boshqalarga nisbatan. Shundan kelib chiqqan holda bugungi kungacha o‘zingiz istagan, mana bu mening tashrif qog‘ozim deb faxrlanib aytadigan rolingizni yaratib ulgurdingizmi? Xoh kinoda, xoh teatrda.

— Yo‘q, yaratmadim. Moskvaga borganimda Mixail Ulyanovning «Richard»ini ko‘rganman. Toshkentga qaytib menam o‘ynayman, bundan yaxshiroq bo‘ladi, deganman. Ammo rejissyor topolmadim. Ellik yoshdan oshganimda bir rejissyor «Richard» qo‘yaman deb qoldi. Endi Richard emasman, dedim. U 24 yoshli yigit. Hozirgi kunda esa haqiqiy o‘zbek, ketmonda qo‘llari metin bo‘lgan, iymoni but – yukli rol o‘ynamoqchiman. Kinodami, teatrdami – farqi yo‘q. Ammo unaqasi yo‘q. Aktyorda yuk, dard bo‘lishi kerak sahnada. Tomoshabinlar nafas ololmay o‘tirishi kerak. Qani dramaturglar? Nima qilishyapti?

Dramaturglar kelib sabr bilan bizning pesalarni ko‘rishi kerak. Teatrni ko‘rmay pesa yozish mumkin emas! Kelib, hammasini ko‘rib, undan keyin qo‘l urish kerak.

— Siz rol ijro etgan «Shaytanat» videofilmi bir nechta telekanalda namoyish etilgandi, ammo shunday davr bo‘ldiki, ushbu film 20 yil mobaynida TVda namoyish etilmadi. Avval bergan intervyularingizdan birida «Shaytanat»ni kim taqiq qilganini bilamiz degansiz. Bugun o‘sha shaxs kim ekanini ochiqlay olasizmi?

Umuman, sizningcha, bu film nima uchun «zapret»ga tushgan? Bu ayrim amaldorlarning shaxsiy ambitsiyasi natijasi bo‘lganmi yoki yuqoridagilarning topshirig‘i?

— Yo‘q, aytib bo‘lmaydi. Buni Yodgor bilan men bilaman faqat. Yuqoridan emas, shaxsiy g‘araz bo‘lgan. Bilishimcha, bu g‘araz Tohir Malikka nisbatan bo‘lgan.

— Yodgor Sa’diyev 2019 yilda bergan intervyusida «Shaytanat»ning 21-qismi yakuniy qism bo‘lishini ma’lum qilgan edi. Aytishlaricha, so‘nggi qismda Nozim To‘laxo‘jayev va Ulug‘bek Qodirov kabi aktyorlar ham rol ijro etishgan. «Shaytanat» serialining shu paytgacha namoyish etilmagan qismlari 2020 yili «Zo‘r TV» telekanalida efirga uzatilishi rejalashtirilgandi. Ammo premera qoldirildi. Nima sabab bo‘lgandi bunga?

— Olindi, lekin o‘tmadi.

Buyam bir «kasallik» ekan. Xudo asrasin bundan. Shunday insonlar bor ekan, bu «zapret» qo‘yish degan narsalar yo‘qolmaydi. Uni yo‘qotsa, o‘rniga boshqasi keladi.

— Oxirgi marta kino va teatrda mazza qilib o‘ynagan rolingiz qaysi?

— «Barakasini bersin» degan kinoda maza qilib o‘ynadim. Hech qanday siyosatga aloqasi yo‘q, faqat vijdon masalasi bor unda. Keyin Erkin A’zamning «Suv yoqalab» asari asosida Jahongir Qosimov ishlagan kinoda ham maza qilib o‘ynadim. O‘sha rol uchun Nyu-Yorkda Robert De-Niro klubida «Eng yaxshi erkak roli» nominatsiyasini oldim 34 mamlakat ichida.

Jamiyatni kuzatar ekanmiz, odamlar ikki toifaga bo‘linib qolganini ko‘ramiz. Hayoti va turmushidan rozilar va norozilar. Hayotning har qanday achchiq-chuchugini totgan, ko‘p qiyinchiliklarni boshidan kechirgan odam sifatida hayotidan, umuman, tuzumdan norozi odamlarga nimalarni maslahat bergan bo‘lar edingiz?

— Shariatga rioya qilish, tariqat odobini saqlash, sabrli bo‘lishni maslahat berardim. Hammaning tashvishi bor o‘ziga yarasha. Zamon – Xudoning oti. Zamonni yomonlash noto‘g‘ri. Urushdan keyingi yillarda qornimiz nonga to‘ymagan paytlarda ham nolimaganmiz, ota-onam noliganini ham eslolmayman. Otam ocharchilik davrida omborchi bo‘lganda, onam ozroq un olib chiqing, bolalarga atala qilaylik, deb aytganiga ko‘nmagan ekan.

Hozir nimaga noliymiz, tushunmayman. Qishloqlarda yurdim. Nurab ketgan devorini suvab qo‘ymagan odamlarni ham ko‘rdim. Mablag‘ yo‘q deydi, loy bilan somonga mablag‘ ketmaydi-ku. Shunchalikka borib qoldikmi, deb qo‘yaman. Hozir o‘g‘irlikdan, birovning haqqidan qo‘rqmaydigan odamlar ko‘payyapti.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyeyov haqida nimalar deya olasiz? Ijodkor sifatida u kishining faoliyatini qanday baholagan bo‘lar edingiz?

— Islom Karimov davrida 13 yil vazir bo‘lib ishladi. U payt ham nopok odamlar bo‘lgan prokuraturada, sudda. Lekin gapirolmagan u payt, mana, vaqti keldi, gapiryapti. Birovning haqini yeganlarning tanobini tortyapti sekin-sekin. Shavkat Miromonovichning siyosatini qo‘llab-quvvatlayman men. Boshqasi kelganda, yaxshi bo‘lib ketarmidi? Shunga shukr qilmaymizmi. Iymonni yo‘qotish yomon. Mo‘min kishi sabr qiladi. Haromga, birovning haqiga qaramaymiz biz, chunki shunday tarbiya olganmiz.

— Erkin Komilov. O‘zbekiston xalq artisti. «Mehnat shuhrati», «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari sohibi. Ijodda ma’lum bir cho‘qqini zabt etishga erishgan inson bundan keyin sahnada va hayotda nimaning orzusi bilan yashayapti?

— Orzu boshqa, hayot boshqa. Niyatlar, umidlar bor. Qachonki inson yer yuzidan ketar ekan, umid ham o‘zi bilan ketadi. Siz tirikmisiz, demak, hayotdan umidingiz bor. Xudo umr bersa, sog‘liq bersa, qiladigan ishlarimiz ko‘p. El nazaridan qolmasdan, yaxshi-yaxshi rollar bilan xalqimizning tilidan, dilidan joy olishga harakat qilamiz.

Maqsuda Abduqayumova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid