O‘zbekiston | 13:57 / 12.02.2023
15826
9 daqiqa o‘qiladi

“Ilgari imtihonlarni topshirish uchun faqat bitta imkoniyat berilardi” - maktab ta’limida yengillashgan malaka oshirish

2021 yildan qat’iy rejim va qog‘ozbozlikka asoslangan malaka oshirish kurslari davriylikdan uzluksizga o‘tkazildi. O‘qituvchilar istagan vaqtida kasbiy rivojlanishiga sharoit yaratildi, kirish-chiqish testlari hamda malaka ishlari bekor qilindi. “Malaka oshirishga o‘qituvchilar qo‘rqib emas, xursand bo‘lib, ehtiyojiga qarab kelishi lozim”, – deydi Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyev Kun.uz'ga bergan intervyusida.

Avval qanday edi?

Maktab ta’limi tizimida o‘qituvchilarning malaka oshirishi 2021 yilgacha davriylikka asoslangan edi. Ya’ni bunda ustozlarimiz 5 yilda, maktab direktorlari esa 3 yilda bir marotaba o‘qishga yuborilardi. Boshqacharoq tushuntirsak, pedagoglarimizga "bir marta borasan, bir oy o‘qiysan va senga 4 yil-u 11 oy tegilmaydi", deyilardi. Avvalgi 3 dekadalik, ya’ni 30 yillik davr uchun bu amaliyot aktual bo‘lgan. Ammo 1 oygina olingan bilim, o‘qituvchilarga 5 yilga yetarli bo‘ladimi? Hozirgi davr uchun bu yetarli emas, albatta. Chunki ta’lim beruvchilar doimiy tarzda o‘z bilimlarini yangilab borishi jarayonda muhim rol o‘ynaydi.

Mana shularni hisobga olgan holda prezidentning tegishli qarori bilan 2021 yildan boshlab uzluksiz tarzda malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu bo‘yicha keyinroq yana bir qaror asosida nizom ham tasdiqlandi. O‘sha yildan boshlab o‘qituvchilar istagan vaqtida istagan joyida kasbiy bilimini oshiradigan bo‘ldi. Kun.uz'ga bu yengilliklar haqida batafsil gapirib bergan Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyevning aytishicha, ayni vaqt o‘qituvchilarning malaka oshirishi 3 xil shaklda olib borilmoqda:

“Yangi tizimni joriy etish jarayonida o‘qituvchilarga malaka oshirishning turli xil shakllariga, ya’ni masofaviy, mustaqil hamda an’anaviy tarzda o‘qishga ruxsat berildi. Ustozlarimiz ehtiyojlaridan kelib chiqib, qay tartibda kasbiy bilimini oshirishni o‘zi tanlaydi. Ilgari metodistlar, tuman bo‘limlari pedagoglarning qachon, qayerga borishini belgilab berar edi. Endilikda ustozlarimizda tanlash huquqi bor, “sharoitimdan kelib chiqib, qachon va qayerda malaka oshirishni bilaman”, – degan qarorni o‘zlari qabul qiladigan zamonga keldik. Ilgari malaka oshirish imtihonlarini topshirish uchun faqat bitta imkoniyat berilardi.

Uyi mana shu imtihon topshiriladigan markazdan 250-300 km uzoqlikda joylashgan ustozlarimiz ham bor. Chekka hududlarda dars berib kelayotgan ustozlar haqida gap ketyapti-da. Ular ham markaz atrofidan qatnaydigan o‘qituvchilar bilan birdek kurslarga borishga majbur edi. Yo‘lkira, vaqt, ayniqsa pedagoglarning aksariyat qismi ayollar ekanini hisobga olsak, issiq yoki sovuq mavsumlarda qatnash ham muammo keltirib chiqargan. Shuningdek, o‘qituvchi 1 oy davomida malaka oshirishga ketsa, bu ustozning darsini boshqasi olib o‘tardi va ta’lim sifatiga ham salbiy ta’sir qilardi.

Shuning uchun bunda ishdan ajralgan va ajralmagan shakllariga ruxsat berildi. O‘sha chekka hududlardagi ustozlarimiz malaka oshirishi kerak bo‘lsa, majburan borishi shart emas. Mustaqil ta’lim olish bilan ham ko‘nikmalarini yangilab borishlari mumkin bo‘ldi. Buning uchun biz rivojlangan davlatlar foydalanib kelayotgan LMS (Learning Management System)ni o‘rganib, O‘zbekiston uchun maxsus platformani yaratdik”, – deydi Ayubxon Radjiyev.

Onlayn o‘qish uchun yangi platforma

“Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasi... Bu platforma orqali maktab o‘qituvchilari ishdan ajralmagan holda, istagan vaqtida onlayn tarzda kasbiy malakalarini oshirishi mumkin. Buning uchun kerakli qurilma va internet bo‘lsa kifoya.

Platformaga onlinedu.uz manzilidan kirib ro‘yxatdan o‘tiladi. Ro‘yxatdan o‘tib o‘z shaxsiy kabinetiga ega bo‘lgan xodim diagnostikadan o‘tkaziladi, ya’ni uning ko‘nikmalarida qay darajada bo‘shliqlar mavjudligi aniqlanib, platforma unga shu bo‘shliqlarni to‘ldirishi uchun kurslar taqdim etadi.

15 daqiqali bu videodarslarda pedagoglarning o‘quvchi bilan qanday qilib samarali muloqotga kirishishi, ta’lim berishga yondashuv kabi mavzularda malakasi oshiriladi. Shundan keyin har dars yakunida taqdimot va test topshiriqlari beriladi. Xodim shu mavzuni to‘liq o‘zlashtirib, savollarga to‘g‘ri javob bersa, keyingi darslarga o‘tib o‘rganishda davom etaveradi. Mabodo, bu testdan yiqilgan taqdirda ham unga qayta tayyorlanish uchun istagancha imkoniyat beriladi, har bir imkoniyat vaqti 40 daqiqadan oshmaydi. Qisqacha tushuntirganda, onlayn malaka oshirish mana shunday tarzda olib boriladi.

Xo‘p, darslarga qatnash jarayoni ancha yengillashtirildi. Ammo kurslardan keyin tayyorlanadigan malaka ishlari-chi? Avvalgi tizimda majburan kelib, 1 oy o‘qish bilan birga kurslar tugagach 40-50 betlik diplom ishiga o‘xshash bir malaka ishi yozilar edi. Amalda buni qilishni xohlamaganlar tayyor malaka ishlarini sotib olishardi.

“Amalda hisobotlarda “imtihon o‘tkazdik, kirish va chiqish testlari bo‘ldi, farqi mana muncha bo‘ldi, shuncha odam malaka ishlarini yozdi”– deb hisobot berilardi. Lekin u foyda beryaptimi yoki yo‘q, bu borada hech kimda tahliliy bir xulosa bo‘lmasdi. Malaka oshirish bu – bilim va ko‘nikmani oshirish, bu – diplom ishi emas, kurslarga bakalavr yoki ta’lim darajasini olish uchun borilmaydi. Shuning uchun u yerdagi malaka ishini yozish – absurd masala. Imtihon olish esa ikkinchi kulgili masala. Xohlagan rivojlangan mamlakat pedagogik ta’limidagi malaka oshirish tizimini oladigan bo‘lsangiz, ularda imtihon olish degan narsa yo‘q. Lekin boshqacha tushuncha bor, ya’ni siz borib olgan bilimingizni qanchalik darajada o‘zlashtirganingizni bilish uchun baholanadigan bir mexanizm qilingan. Biz ham mana shu narsani o‘rganib, qabul qildik va malaka ishi, imtihonlarni tubdan bekor qildik. Malaka oshirishga o‘qituvchilar qo‘rqib emas, o‘z xohishi bilan ehtiyojiga qarab kelishi lozim”.

O‘qituvchilar uchun qo‘shimcha onlayn qo‘llanmalar

Shunday qilib, malaka oshirish tizimini yangilashda birinchi bosqichda o‘qituvchilarga tanlash huquqi berildi, ikkinchi bosqichda esa malaka ishlar, bir imkoniyatli kirish va chiqish testlari bekor qilindi. Xo‘sh, shu bilan ishlar tugadi hisobmi? Yo‘q, yuqorida sanalgan yengilliklar 30 yil bir xil tizimda ishlab kelayotganlar uchun yangi, bu jarayonda muammolarga duch kelinishi tabiiy. Bularni hal qilish uchun nimalar qilinyapti?

“Bu borada ham ko‘p ishlar qilinyapti. 2 yildan beri joylarda 60-70 ming nafar o‘qituvchini qamrab olgan holda to‘g‘ridan to‘g‘ri treninglar o‘tkazdik. Lekin shular ham yetarli emas, chunki 500 ming o‘qituvchi haqida gap ketyapti. 70 mingini qamrab olib, xotirjam bo‘lolmaymiz. Shuning uchun unga parallel ravishda malaka oshirish platformasini batafsil o‘rgatadigan videoyo‘riqnomalarni ishlab chiqdik, buning uchun telegramlarda botlar yaratdik. Hozirgi 12 ta video to‘plamimiz shu kunga kelib, 764 ming marotaba ko‘rilganini telegram statistikasi ko‘rsatib turibdi. Deylik, har bir inson 5-6 marta qayta-qayta kirsa, shu videolarni ko‘rganida deyarli 100 ming ustoz ko‘rgan deb bilishimiz mumkin.

Bu ham yetarlimi? Yo‘q, yetarli emas. Agarda yuqoridagi 2 ta yo‘nalishni birlashtiradigan bo‘lsak, 50-60 yoki nari borsa 70 foiz auditoriyani qamrab olgan bo‘lamiz. “Qolgan 30 foizi bilan qanday ishlaysiz?”– degan savol tug‘iladi. Uchinchi bosqichda yechim sifatida texnik ko‘mak beroladigan telegram kanalini yaratdik. Ertalabdan kechgacha, soat 8:00dan kechki 00:00ga qadar faoliyat yuritadi. Unda 4 nafar mutaxassisimiz navbat bilan kelib tushgan savollarga maksimal ravishda javob beradi.

Kanalning yo‘lga qo‘yilganiga 1 yil bo‘lsa, 670 ming marotaba yozuvlar almashilgan, ya’ni muloqot bo‘lgan. Buning natijasida esa 250 ming nafar ustozga yordam ko‘rsatilgan, muammolari bartaraf etilib, tushunmagan joylarini tushuntirganmiz. Hozirga kelib, 2 yil ichida 90 foiz auditoriyani qamrab oldik. Ammo hanuzgacha yetib borishimiz kerak bo‘lgan qatlam ochiq qolmoqda. Biz bu borada ishlarimizni davom ettiryapmiz”, – deya ta’kidlaydi Ayubxon Radjiyev.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi Asror Almurodov.

Mavzuga oid