O‘zbekiston | 15:14 / 15.03.2023
10164
14 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus bilan uch yil: O‘zbekistonning pandemiyaga qarshi kurash tajribasi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurash xronologiyasini keltirdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«So‘nggi yillarda insoniyat qator global muammo va ofatlar bilan ro‘baro‘ kelmoqda. Ulardan biri bundan uch yil oldin e’lon qilingan va hanuz asoratlari sezilib turgan koronavirus pandemiyasidir.

Odamlar hayoti, dunyo iqtisodiyoti va tibbiyotiga misli ko‘rilmagan talafot yetkazgan COVID-19 virusi koinotni zabt etayotgan bani basharning faqatgina mikroskop orqali ko‘rish mumkin bo‘lgan zarra qoshida ojiz ekanini yana bir bor eslatib qo‘ydi.

Shu bilan birga, yillar davomida yig‘ilib borgan qator ijtimoiy, tibbiy, ekologik muammolar Yer shari aholisining qarshisida birlashib bo‘y ko‘rsatdi. Xitoyning Uhan shahridan boshlangan «ko‘rshapalak parvozi» qisqa davrda butun sayyorani qamrab oldi. Global dunyoning bir bo‘lagi sifatida O‘zbekiston ham bu ofatdan chetda qolmadi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ilk bemor

2020 yil 15 mart.

Roppa-rosa uch yil muqaddam ayni shu kuni Respublika virusologiya ilmiy-tekshirish instituti laboratoriyasida O‘zbekistonda koronavirus bilan zararlangan ilk bemor aniqlandi.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhayyo Asilova o‘sha kunlarni shunday eslaydi:

Muhayyo Asilova

«15 mart kuni soat uchda menga qo‘ng‘iroq qilishdi, fuqarolardan birida COVID-19 aniqlandi, deb. Shundan so‘ng ertalab soat oltigacha uxlolmadim, «endi nima bo‘ladi, nima qilamiz», degan savollar tinchlik bermagan. Ertalab, soat oltida uydan chiqib ketayotganimda bolalarim uxlayotgandi, dam olish kuni edi. Xayolimga ham kelmaganki, shu ketgancha ishxonada besh yarim oy qolib ketaman, deb. 2020 yil aprelida nabiralarimdan biri 9 yoshga kirdi, bora olmadim. Nega ishga kelayotgan kunim to‘yib bag‘rimga bosmadim, erkalamadim, deb afsuslanganman. Ishxonamiz qattiq qo‘riqlanardi, tashqaridan hech kim kiritilmasdi, 5 metr naridan yaqinlarimni ko‘raman, qo‘l silkiyman, aniq ko‘ra olmayman, faqat telefonda gaplashamiz.

Boshida tashkiliy masalada ancha qiyinchiliklar bo‘ldi. Bir kun ichida vazirlik yordamida kerakli apparatlar olib kelingan. Uch soat ichida klinikada davolanayotgan boshqa bemorlarni uyiga jo‘natganmiz.

O‘sha kunning o‘zida yana boshqalarda ham virus aniqlana boshladi, ya’ni soat 14:00 larda Angliyadan kelgan ikki nafar fuqaroda infeksiya tasdiqlandi. Keyin Turkiyadan qaytgan bemorda, so‘ng boshqasida, qarabsizki, xastalik aniqlanganlar soni orta boshladi».

O‘zbekiston hukumati, xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘sha paytda ko‘rilgan chora-tadbirlar vaziyatni o‘z vaqtida jilovlashga juda katta yordam berdi. Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o‘tkazildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada ta’minlandi. Buning uchun budjetdan zarur mablag‘lar ajratildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekiston va kovid

Koronavirus infeksiyasining O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida izchil chora-tadbirlar ko‘rildi. Avvalo, Respublika maxsus komissiyasi tuzilib, unga xalqaro ekspertlar jalb etildi. Ular shtab mutaxassislari bilan birgalikda mamlakatda ushbu sohaga ixtisoslashgan davolash muassasalaridagi tibbiyot xodimlariga ham konsultativ yordam ko‘rsatdi.

Davlat chegaralaridagi 53 ta sanitariya-karantin punktiga qo‘shimcha vrachlar, teplovizor va kontaksiz termometrlar, shaxsiy himoya vositalari ajratildi. Ushbu punktlardan o‘tayotgan har bir fuqaroning yashash joyi bo‘yicha ma’lumotlar olinib, birlamchi tibbiyot muassasalari tomonidan ular ustidan 14 kunlik tibbiy kuzatuv yo‘lga qo‘yildi.

Mamlakatga kirib kelayotgan minglab fuqarolar tibbiy kuzatuvga olinib, kasallik alomatlari yo‘qligiga ishonch hosil qilingachgina nazoratdan chiqarildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tunu kun ishlovchi 1003 qisqa raqamli Call-markaz ishga tushirildi. U orqali koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq savollarga mutaxassislardan tibbiy asoslangan javoblar va tavsiyalar berib borildi.

Tibbiyot xodimlari uchun tarixiy sanaga aylangan 18 mart

2020 yil 18 mart kuni prezident koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha xalqimizga murojaat bilan chiqdi.

«Bu hayotning ko‘p og‘ir sinovlarini va yaxshi-yomon kunlarini boshidan kechirgan xalqimiz hammasini to‘g‘ri tushunib, masalaga ongli yondashmoqda… Millati, tili va dinidan qat’i nazar, hammamiz yakdilmiz va, ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, o‘tib ketadi.

Buning uchun birinchi navbatda shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga har birimiz o‘z oilamiz, bolalarimiz bilan uyimizda, ishxonamizda va boradigan joylarimizda qat’iy amal qilishimiz zarur. Kasallikni yashirmasdan, o‘z vaqtida murojaat qilish uning oldini olishda eng samarali choradir...», degan edi o‘z murojaatida davlat rahbari.

Ushbu murojaatdan ikki yil o‘tib, koronavirus tahdidlari kamayib, tibbiyotni yanada rivojlantirish bo‘yicha asosiy masalalar kun tartibiga chiqqan pallada, Prezident ayni 18 mart kuni yangi O‘zbekiston tarixida muhim voqea – ilk bor tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Ushbu uchrashuv sog‘liqni saqlash sohasida yillar davomida yig‘ilib qolgan qator muammolar tilga olinib, ularni hal etish bo‘yicha oqilona yechimlar ko‘rsatib berilgani bilan ham ahamiyatli.

Murojaatdan bir kun o‘tib, 2020 yil 19 mart kuni koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish masalalariga bag‘ishlangan prezident boshchiligidagi videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi.

Karantindagi O‘zbekiston

O‘zbekiston hududida 2020 yil 24 mart soat 00:01 dan boshlab koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib (karantin) joriy etildi.

Xorijiy davlatlardan 20 ta charter reys orqali 6 ming, temiryo‘l va chegara postlari orqali 10 ming nafar fuqaromiz olib kelingani haqida xabar berildi.

Ularning barchasi 160 ta manzilga joylashtirilib, karantinga olindi. Tajribali shifokorlardan iborat maxsus shtab tuzilib, har bir bemorni davolashda 24 soatlik onlayn maslahat berish yo‘lga qo‘yildi. Xitoy va Janubiy Koreyadan virusologlar taklif qilindi. Rossiya, AQSh, Germaniya, Yaponiya, Turkiya kabi qator davlatlar mutaxassislari bilan ham doimiy telemeditsina aloqalari o‘rnatildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda «COVID-19 bo‘yicha milliy qo‘llanma» yaratilishi o‘zbek shifokorlari uchun kasallikka qarshi kurashda dasturilamal bo‘lib xizmat qildi. 

Koronavirusning «xonakilashishi»

Kasallikning rivojlanish dinamikasiga qarab karantin cheklovlari goh yumshatilib, goh kuchaytirib borildi. Shu munosabat bilan moddiy daromad manbaini yo‘qotgan, ishsiz va ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar belgilandi.

Iyul oyida kasallanish haddan ortiq kuchayishi sabab shifoxonalarga juda og‘ir bosim bo‘ldi. Ammo virusning yuqish darajasi hammada har xil edi. Shu sababdan ham ayrim bemorlarni uy sharoitida davolashga o‘tkazish orqali tibbiyot muassasalaridagi yuklamani ancha yengillashtirish mumkin edi.

Ammo bemorlarni uyda davolash uchun biror yo‘riqnomaga ehtiyoj sezilardi. Shu sababdan ham Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i asosida kovidning alomatsiz shakli bilan kasallanganlarni uy sharoitida davolash va epidemiologik surishtiruv o‘tkazish tartibi belgilandi.

Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishida uyida muolaja olayotgan koronavirusga chalingan bemorlarni bepul dori-darmonlar bilan ta’minlash yuzasidan qaror qabul qilinib, ularga yetkazib beriladigan preparatlar ro‘yxati tasdiqlandi. Shuningdek, yurtimizda nodavlat tibbiyot tashkilotlariga pulli asosda COVID-19 infeksiyasini aniqlash hamda o‘z shifoxonasida davolashga rasmiy ruxsat berildi.

Shu tarzda butun O‘zbekiston tibbiyoti «tojdor ofat»ga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib kurashga kirdi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli tibbiyot klinikasi xodimi Fotima Husanova bir oy davomida uzluksiz himoya kombinezonida bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatgan. (2020 yil, may).

Qahramonlik e’tirofi

Prezident «Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi. 

Ushbu hujjat orqali pandemiya davrida qasamyodiga sodiq qolib, millat salomatligi uchun kurashgan tibbiyot xodimlarining bir guruhi yuksak mukofotlar bilan taqdirlandi. Ular orasida virusga qarshi jangda qurbon bo‘lgan fidoyi shifokor va hamshiralarimiz ham bor edi. 

Koronavirus bilan qarshi olingan ilk yangi yil

O‘zbekistonda pandemiya boshlangandan beri koronavirusga qarshi kurashish uchun hududlardagi tibbiyot muassasalari umumiy qiymati 85 049,3 ming AQSh dollariga teng tibbiyot jihozlari bilan ta’minlandi. Shuningdek, bemorlarni davolashga ixtisoslashgan maxsus shifoxona va karantin majmualari hamda zamonaviy laboratoriyalarni bunyod etish uchun 965 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab, qisqa muddatda Toshkent shahri va hududlarda barcha sharoitlarga ega bo‘lgan qariyb 30 ming o‘rinli davolash maskanlari tashkil etilib, ular zarur dori-darmon, himoya, eng zamonaviy diagnostika va davolash vositalari bilan ta’minlandi. Qayd etish joizki, pandemiyaga qarshi kurashish uchun 200 ming nafardan ziyod tibbiyot xodimi, jumladan, 150 nafar chet ellik yuqori malakali mutaxassis jalb qilindi.

Pandemiyaga qarshi kurash ishlari uchun 2021 yilgi davlat budjetidan 3 trillion so‘mlik zaxira shakllantirilib, ushbu mablag‘lar hisobidan emlash tadbirlari ham amalga oshirildi.

O‘zbekistonning koronavirusga qarshi kurashdagi tajribasi

COVID-19’ga qarshi kurashda tibbiyoti rivojlangan ayrim davlatlar ham bemorlar uchun o‘rin-joy yetishmasligidan bir muddat sarosimada qolganini ko‘rdik. O‘zbekiston bu paytda o‘ziga xos alohida muassasa qurishni boshlab yuborgan edi. Zangiota tumanidagi maxsus shifoxona loyihasining umumiy qiymati 504 milliard so‘m bo‘lib, 33 gektarda 2 ta zamonaviy kompleks qad ko‘tardi. Bunda yuqumli kasalliklar xususiyati va eng so‘nggi tibbiyot talablari inobatga olindi. Muassasa 2 ming o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, uni 4 ming o‘ringacha transformatsiya qilish imkoniyati bor edi.

Aytish lozimki, pandemiya davomida mazkur tibbiyot muassasalari xalqimiz salomatligini asrash, xususan, COVID-19 ga chalingan og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolash, ularga tezkor va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, bu orqali infeksiyaning aholi orasida keng tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yurtimizdagi asosiy shifo maskanlariga aylandi, — deydi Zangiota tumanidagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov. — Markazimiz to‘liq quvvatda ishga tushgach, qator tibbiyot muassasalari o‘z yo‘nalishi bo‘yicha odatiy tartibda faoliyatini davom ettira boshladi.  
Anvar Husanov

Shunday qilib, koronavirus faqat maxsus shifoxonalarda davolanadigan bo‘ldi.

Vaksinatsiya 

Virusga qarshi kurashda eng asosiy omil, shubhasiz, vaksinatsiyadir. Pandemiya avj olgan davrlarda O‘zbekiston aholisi uchun vaksina yetkazib berilishi katta muammolardan biri bo‘lib turgan edi. Keyinchalik xalqaro tashkilotlar ko‘magi, hukumatimizning bu masalaga jiddiy e’tibori natijasida yurtimizga olib kelinadigan koronavirusga qarshi vaksinalar turi va dozasi ortib bordi. Hatto Xitoyda yaratilgan yangi turdagi preparat sinovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgani uchun O‘zbekiston ushbu vositaning hammuallifiga aylandi.

Keyinchalik bir necha turdagi emdorilar yurtimizda ishlab chiqarilishiga ham erishildi.

  • Shu paytgacha mamlakatimizda COVID-19 ga qarshi AstraZeneca, ZF-UZ-VAC2001, Sputnik-V, Moderna, Pfizer-BioNTech, Sinovac, Sputnik Light, Johnson&Johnson vaksinalaridan foydalanildi.

Albatta, bu natijalarga osonlik bilan erishilmagani aniq. Bugungacha O‘zbekiston fuqarolari 75 million doza vaksina bilan emlandi. Ayni paytda birinchi dozani olish ko‘rsatkichi emlanishi rejalashtirilgan qatlamga nisbatan 100 foizni tashkil qilmoqda. Bundan tashqari, yurtdoshlarimiz 24 milliondan ortiq buster doza qabul qilgan. 

Xulosa

«COVID-19 virusi hali ham oramizda. Bunday infeksiyalarga dunyomizni topshirib qo‘ymaslik uchun insoniyat tabiat bilan murosa qilib yashashga, o‘z salomatligiga befarq bo‘lmaslikka, ilm-fandan faqat odamlar salomatligini saqlashda foydalanishga, tibbiyotni to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlantirishga majbur.

Koronavirusni «beton to‘siqlar» bilan to‘xtatib bo‘lmasligini achchiq saboqlar orqali angladik. Shunga qaramay, Prezidentimizning tibbiyot sohasidagi oqilona siyosati, davlat tomonidan favqulodda vaziyatlarda ehtiyot choralari samarali tashkil etilgani, shifokorlar fidoyiligi, vaksinatsiya tadbirlari o‘z vaqtida yo‘lga qo‘yilgani, odamlarning sog‘lom turmush tarziga amal qilishi orqaligina bunday infeksiyalarga g‘ov bo‘lish mumkinligiga ishonch hosil qildik!» deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid