08:47 / 21.03.2023
47534

“Non hamma narsaning boshidir” – sovetlar davridan qolgan odat haqida

Sobiq ittifoq respublikalarida non deyarli hamma ovqat bilan iste’mol qilingan. Hatto bu mustaqillikdan keyin ham ko‘p davlatlarda saqlanib qolgan. O‘zbekistonda xamirli ovqatlarni ham non bilan yeydiganlar topiladi. Buning sababi nimada?

Foto: Kun.uz

Sobiq ittifoq hali parchalanmagan yillarda deyarli barcha respublikalardagi oshxonalar peshtaxtasiga “Non hamma narsaning boshidir (Xleb — vsemu golova!)” degan ibora ilib qo‘yilgan. Non har qanday ovqat bilan iste’mol qilingan. Hattoki uni turli xil xamirli ovqatlar bilan ham yeyishgan. Bu odat hozirgacha davom etib keladi. Buni O‘zbekistonda 3-4 kun turib ketgan mehmon ham sezishi qiyin emas. Ittifoq davrida nonning bunchalik e’zozlanishiga sabab ota-bobolardan qolgan odat bo‘lganimi yoki arzonligimi? Yoki bunga ocharchilik qoldirgan jarohatlar sababmi?

Tanqislik sezilmagan yagona mahsulot

Sovet davrida yashagan odamlar qahatchilik so‘zini tez-tez tilga olishadi. Do‘konlarda kiyim-kechak yoki oziq-ovqat uchun navbatga turishlar, do‘konga kelgan narsalarning tez-tez tugab qolgani haqida aytilgan hikoyalar kam bo‘lmasa kerak. Yetishmovchilik kitobdan to ichkiyimlargacha sezilganini aytishadi. Bunday tanqislik, albatta oziq-ovqat mahsulotlari uchun ham bo‘lgan. Lekin non haqida bunday deb bo‘lmaydi. Aksincha, yetishmovchilik sezilmagan yagona mahsulot non deyish mumkin.

Nonning narxi boshqa birlamchi mahsulotlar kabi davlat tomonidan belgilangan. Bundan tashqari, davlat aholining barcha qatlamlari qurbi yetadigan bo‘lishi uchun non ustidan doimiy nazorat qilgan. Masalan, 1960-yillarda oq bo‘lka non 14 tiyin turgan. Bu narx ittifoqning so‘nggi 10 yilligida ham saqlanib qolgan.

SSCR tarqalib keta boshlagach non narxi ko‘tarildi. Lekin bu ko‘tarilish yaxshi tomonga bo‘ldi. Oldin non arzon edi, lekin sifati haqida bunday deb bo‘lmaydi. Sekin-sekin novvoyxonalarning paydo bo‘lishi bilan nonning turli xillari paydo bo‘ldi. Va hatto bu nonlar oldingilaridan ancha yaxshi ham edi.

30-yillardagi ocharchilik

Nonning juda e’zozlanib va hatto sevib iste’mol qilinishining yana bir sababi ocharchilik deyish mumkin. Sovet ittifoqi 2 ta yirik ocharchilik davrini boshdan kechirgan. Birinchisi – 1930-1933-yillarda davom etgan bo‘lsa, keyingisi 1946-1947-yillarda edi.

1930–1933-yillardagi ocharchilikda 5,7 milliondan 8,7 milliongacha odam qurbon bo‘lgani aytiladi. O‘sha yillari sovet ittifoqida birinchi besh yillik reja doirasida qishloq xo‘jaligini majburiy kollektivlashtirishga kirishildi. Tez sanoatlashtirishga o‘tish maqsadida qishloq xo‘jaligida ishchi kuchi kamaydi. Natijada ittifoqning asosiy don yetishtiruvchi hududlari bo‘lgan Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Volgabo‘yi, Qozog‘iston, Janubiy Ural va G‘arbiy Sibirda odamlar ochlik qurboni bo‘ldilar.

Bu paytda Stalinning quloqlashtirish siyosati ham avj olgandi. Bundan aziyat chekkan odamlar chorva mollarini o‘ldirib, ekinlarni yoqib yuborishgan. Bu harakatlar ham ma’lum ma’noda ocharchilikning kuchayishiga sabab bo‘lgan.

Non va navbatdagi ocharchilik

Keyingi ocharchilik davri 1946 yilning o‘rtalaridan to 1948 yillarga to‘g‘ri keladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu ocharchilik sabab 1 millionga yaqin kishi vafot etgan bo‘lishi mumkin. Ukrainaning o‘zida 300 ming, Moldovada 100 ming odam o‘lgani aytilsa, SSSRning qolgan respublikalari va Belarusda 500 ming kishi o‘lgani qayd etilgan.

Tarixchilar 40-yillardagi ocharchilikka bir nechta omilni sabab qilib ko‘rsatishadi.

  • II Jahon urushi SSSR infrastrukturasiga juda katta zarar yetkazgan. 25 million odamidan ajralgan davlatning ayniqsa qishloq xo‘jaligi xarob holga kelgandi. 1945 yilning avgustidan 1946 yilning yozigacha oziq-ovqat tanqisligi kuchaya boshladi.
  • Boz ustiga askarlarning urushdan qaytishi tug‘ilishni ko‘paytirib yubordi. Bunga tizim hali tayyor emas edi.
  • Ocharchilikka 1946 yildagi qurg‘oqchilik ham ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Hosil 1945 yildagidan past bo‘ldi. O‘sha yilgi qurg‘oqchilik 1891 yildan beri kuzatilgan eng og‘iri bo‘lgani aytiladi.
  • Hukumat dunyoga zaif ko‘rinishni istamagani uchun oziq-ovqat eksportini davom ettirdi va xalqaro yordam olishdan bosh tortdi.

1948 yilda yig‘ib olingan mo‘l hosilgina odamlarni ochlikdan qutqargan. Bunday ocharchiliklarni eslash sobiq ittifoq rahbarlariga doim ham yoqmagan, tezroq unutilishini istashgan. Ammo bu dahshatlarni odamlar xotirasidan butunlay o‘chirib tashlashning iloji yo‘q. Hozirgacha bu haqda bobo va buvilar nevaralariga, ota-onalar farzandlariga, ular esa keyingi avlodlariga gapirib berishadi. Balki, shuning uchun ham nonni isrof qilmaslik, uni e’zozlash haqida ko‘p gapirishadi.

Mavzuga oid
Top