14:26 / 22.03.2023
19718

“Tehron jamiyatining panoramik manzarasi haqida asar” – kitobxon – “Yolg‘onlar shahri” romani haqida

Foto: KUN.UZ

Reallikka qiziqish inson zotiga xos. Haqiqiy, bo‘lib o‘tgan va bo‘lib turgan voqealar barchani qiziqtiradi. Afsonalarga boy katta romandan ko‘ra real hayotga asoslangan hikoyachaning o‘quvchisi ko‘p. Shunday ekan, Ramita Navaining yaqindagina o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etilgan “Yolg‘onlar shahri” asari e’tiborni tortmay qolmaydi. Undagi har bir qahramon va ularning hayotida sodir bo‘lgan voqealar hayotda mavjud. Asarda Tehron hayoti tasvirlanib, yozuvchi o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, qo‘li bilan ushlagan, gaplashgan, kuzatgan odamlar va hodisalarni qalamga olgan.

Muallif haqida

Ramita Navai britaniyalik-eronlik tashqi ishlar jurnalisti bo‘lib, Janubiy Sudan, Afg‘oniston, Misr, Nigeriya, Salvador va Zimbabve kabi o‘ttizdan ortiq mamlakatlardan xabarlar tayyorlagan. U Channel 4s Unreported World seriali uchun yigirmata hujjatli film suratga oldi va PBS Frontline uchun Suriyadan yashirin reportaji uchun Emmi mukofoti bilan taqdirlandi.

Tahlil

Avvaliga betaraf, keyin esa balandparvoz, soxta, keraksiz va hojati bo‘lmagan rejalar-u maqsadlarga aldanib, arosatda qolib ketgan Dariush; bo‘g‘ilgan, ig‘volarga to‘la, xurofotlar-u g‘iybatlarga to‘lib-toshgan muhitda yashab, shu muhitga bo‘ysunib, pand yegandan so‘ng jasorat qilib botqoqlikdan chiqolgan, dimiqqan jamiyatga o‘z qarori ila toza havo kiritgan Sumayya; zamona zulmidan jabr ko‘rgan, go‘daklik chog‘i bir vaqtning o‘zida ham otasidan, ham onasidan ayrilish alamidan murg‘ak qalbi jarohatlanib, qasos o‘tida yillab azoblangan Amir; Tehron ko‘chalarida tentirab, chorasizlik girdobida o‘rnini fohishalar orasidan topgan Laylo; o‘z ota-onasi tomonidan bir-ikki doza afyun puliga sotilgan Pari – bu taqdirlarning hammasi bor va bir joyda, bir ko‘chada yashayapti – Vali Asr ko‘chasida. Har xil tana a’zolari birlashib, butun bir organizmni tashkil qiladi. Vali Asrni tana deb olsak, “Yolg‘onlar shahri” qahramonlari turli xil organlardir.

Yolg‘onlar shahrida hech kim aldamay turolmaydi. Yolg‘on odamlarning qon-qoniga singib ketgan. Bu shaharda davlat va din o‘rtasidagi munosabat shunchalar chalkashki, oqibatda tuzum, qonunlar, fuqarolar haq-huquqlarida tartib yo‘qolgan. Bu shaharda “Menga mumkin, boshqalarga yo‘q” tushunchasi mavjud. Fohishalik taqiqlariga mas’ul shaxsning o‘zi ishratboz bo‘lsa odamlar qayerga borsin? Zino qilish gunoh deya amru ma’ruf qilgan mullalar yosh go‘daklarni zo‘rlab tursa, xalq dodini kimga aytsin. Qo‘shtirnoq ichidagi dindorlar o‘zlarini Xudo bilib, vaqtinchalik nikohdan o‘tilgan bo‘lsa, gunohi yo‘q deya fohishalar qo‘liga hujjat tutqazsa, bandalar gunoh botqog‘iga botmay nima qilsin.

Bu shaharning u boshi bilan bu boshidagi tartiblar, qadriyatlar o‘rtasida osmon bilan yercha farq bor. Unisi bunisiga to‘g‘ri kelmaydi. Tehronda hammaning bir-biridan berkitgan chirkin sirlari yetarlicha. Ular bolalikdan og‘uga, fahshga qanday o‘rgangan bo‘lsa yolg‘onga ham shunday ruju qo‘ygan. Ayrim mullalari hukumatga litsenziyali islovatxonalar tashkil qilish taklifi bilan chiqar darajada kaltafahm. Bu shahar xuddi usti tiniq suvdan iborat botqoqlikka o‘xshaydi: tartib-qoidalar qat’iy, jazolar tayin va og‘ir. Arzimas xato ham mumkin emas. Ammo kuniga kattadan kichik shunday xatolar sodir bo‘ladiki, ko‘rmaslikka olinadi. Chunki baliq boshidan sasiydi. Hukumat tepasidagilarning so‘zi amaliga to‘g‘ri kelmasa, quyidagilardan nima kutish mumkin. Cho‘pon nahs bosgan bo‘lsa, ekinzorga o‘tib ketgan podada nima ayb.

Tehronni qo‘yib, atrofimizga qaraylik, butun umr majburlikda, sevgisiz, hissiz turmush kechirgan, erimning jahli chiqmasin, shubhalanmasin, noto‘g‘ri o‘ylamasin deya kundalik hayotdagi, hatto to‘shakdagi istaklarini jilovlab yashagan Fotimalar; o‘zini dindor ko‘rsatib, ayolini aldab, aslida bir oyog‘i islovotxonada bo‘lgan Hoji og‘alar; balog‘at yoshigacha pok yurib, ne-ne orzular bilan turmushga chiqqach baxti toptalgan guldek Sumayyalar, bokiraligini jar solib, aslida o‘z “ishi”ni qilib yurgan qizlar, qo‘li muqaddas kitobda-yu, ko‘zi “olma-kesak terayotgan” mullalar o‘zimizning jamiyatimizda yo‘qmi? Yoki qiz bolani har tomonlama cheklovchi, biror yigit bilan turganini ko‘rib buzuqqa chiqaruvchi, shaharda o‘qisa, yengiltak deb atovchi qishloqdoshlar, qiz bolaga shartmas deya qizining orzusini bo‘g‘uvchi otalar, ayolining fikri bilan hisoblashmaydigan, istaklari bilan qiziqmaydigan, xotinini faqat xizmatkor va hirsini qondirish uchun vosita deb bilguvchi hayvondan farqi yo‘q erlar uchramaydimi? Bu og‘riqli nuqtalar butun dunyo bo‘ylab bor. Chunki nafs degan narsa odam bolasi bilan qo‘shilib tug‘iladi. Odamlar, jamiyatlar bir-biridan shu nafsni qanchalik jilovlay olgani bilan farqlanib turadi.

Asar alohida 7 qismdan iborat bo‘lib, bir ko‘chada yashovchi 7 olam, 7 xil qadriyat, 7 tur taqdirni hikoya qiladi. Har bir qismni alohida sharhlab, tahlil qilinsa arziydi. Qahramonlardan nimanidir o‘rganasiz. Voqealar rivoji uzoq vaqtlar xayolingizda aylanib yurishi, sizni hayajonga solishi, asardagi qaysidir obraz qo‘shningiz, yo qarindoshingiz, do‘stingiz, balki qizingiz, umuman har kimingiz bo‘lishi mumkin.

Asarni ingliz tilidan o‘zbek tiliga Ziyodaxon G‘ulomova tarjima qilgan.

Kitob haqida OAV va mashhurlar fikri:

«Yolg‘onlar shahri — bu G‘arb deyarli tanimaydigan va ko‘pincha qo‘rqadigan mamlakat haqida g‘ayrioddiy tushuncha.»

– «Vogue»

«Chiroyli yozilgan profillar to‘plami.»

– «Publishers Weekly»

«Navaining hikoyalariga aql bovar qilmaydi. Ular ijtimoiy, siyosiy, jinsiy va diniy qarama-qarshiliklarga to‘la Tehronni ochib beradiki, kimdir kundalik hayotning og‘ir labirintidan qanday o‘tishini tasavvur qilish qiyin. Navai tafsilotlarga e’tibor qaratishi bilan kitobxonni hayratda qoldiradi.»

– «Sunday Telegraph (London)»

«Navai, britaniyalik-eronlik jurnalist, o‘quvchilarni xiyobon bo‘ylab yuqoriga va pastga, shimoliy nuqtalarning ulug‘vorligidan, fransuz mustamlaka davridagi bezakli uylar va odamlar gavjum savdo markazlariga sayohatga olib boradi, janubdagi ishchilar sinfi va qashshoqroq hududlar...Navai musht bilan yozadi, bu sahifalarni zudlik bilan varaqlashga majburlaydi.»

– «Booklist»

«Kitobning har biri turli eronliklarga qaratilgan sakkizta bobni birlashtirib, shaharning dahshatli portreti tasvirlangan... Kitobxonlarga Tehron jamiyatining panoramik manzarasi taqdim etiladi: yangi boyliklar joylashgan soxta yunon qasrlaridan shaharning shimoliga, so‘ng talabalar, savdogarlar va yosh ayollar bilan gavjum shahar markazidan Tehron janubidagi qashshoqlikkacha.»

– «Uoll-strit jurnali»

Gulasal Qodirova, kitobxon

Mavzu
Mutolaa zavqi
Kitob mutolaasi inson ruhiyatida ajib hissiyot, o‘zgacha quvvat va ichki xotirjamlik beradi. Bu sahifadagi maqolalar sizni ana shunday mutolaa zavqini his qilishga undaydi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top