09:07 / 24.03.2023
5559

YeIda boshpana so‘rab murojaat qilganlar soni bir yil ichida 64 foizga oshdi

2022 yilda Yevropa Ittifoqining 27 davlatida 900 mingga yaqin boshpana so‘rab murojaat qilingan, bunda asosan, Suriya va Afg‘oniston fuqarolari boshpana so‘ragan. Shuningdek, Yevropa Ittifoqida Ukrainadan kelgan 4,3 milliondan ortiq qochqin bor.

Foto: Shutterstock

Yevropa Ittifoqida boshpana so‘rab murojaat qilganlar sonining sezilarli o‘sishi qayd etildi. Lyuksemburgdagi Yevropa statistika boshqarmasi (Yevrostat) 23 mart, payshanba kuni ma’lum qilishicha, 2022 yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlatda 881 200 ta dastlabki boshpana so‘rab murojaat qilingan. Bu bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 64 foizga ko‘p: 2021 yilda bu ko‘rsatkich 537,4 mingga yaqin arizani tashkil etgan.

Shu bilan birga, Yevrostat 2015-2016 yillardagi keng ko‘lamli qochqinlar to‘lqinini esga oldi, o‘shanda yiliga 1 milliondan ortiq boshpana so‘rovi berilgan.

2013 yildan buyon barcha yillardagidek, arizalarning aksariyati Suriya fuqarolari tomonidan yuborilgan. Suriyaliklarning dastlabki arizalari soni deyarli 132 000 tani tashkil etdi, bu Yevropa Ittifoqidagi boshpana so‘rab murojaatlarning 15 foiziga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi o‘rinda Afg‘oniston (13 foiz), uchinchi o‘rinda Venesuela va Turkiya (har biri 6 foiz).

Barcha arizalarning chorak qismi (217 735 ta) Germaniyada, 16 foizi Fransiyada, 13 foizi Ispaniyada, 12 foizi Avstriyada va 9 foizi Italiyada topshirilgan. Arizalar va aholi soni bo‘yicha nisbatda eng katta ko‘rsatkich Kiprda, keyin - Avstriya va Lyuksemburg.

Bundan tashqari, Yevrostat Yevropa Ittifoqi davlatlari 2022 yil fevralidan beri o‘zini Rossiya bosqinidan himoya qilib kelayotgan Ukrainadan 4,3 milliondan ortiq kishini qabul qilganini ta’kidladi. Ukraina fuqarolari boshpana so‘rash uchun ariza berishi shart emas.

Mavzuga oid
Top