Jahon | 11:24 / 07.04.2023
4289
2 daqiqa o‘qiladi

JSST Xitoyni kovid kelib chiqishini tekshirishga to‘sqinlik qilgani uchun tanqid ostiga oldi

COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan uch yil o‘tib, Xitoy hali ham Uhandan virus namunasi ma’lumotlarini taqdim etmadi. JSST Xitoy rasmiylarining xatti-harakatlarini oqlab bo‘lmaydigan holat, deb atadi.

Foto: AFP

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) vakili Xitoy hukumatini SARS-CoV-2 koronavirusi manbalarini o‘rganishda hamkorlik qilishga chaqirdi. JSSTning COVID-19 qo‘zg‘atuvchisi bo‘yicha bosh eksperti Mariya van Kerkxove 6 aprel, payshanba kuni Amerikaning nufuzli Science ilmiy jurnalida chop etilgan sharhida xitoylik olimlar Uhandagi bozordan virus namunalari haqida ma’lumot bermaganligini ta’kidladi

JSST epidemiologi Xitoy rasmiylarining xatti-harakatlarini oqlab bo‘lmaydigan holat, deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Uhandagi ba’zi genetik ma’lumotlar haqida faqat mart oyining o‘rtalarida xalqaro ma’lumotlar bankida qisqacha paydo bo‘lganidan keyin bilib oldi. JSST ekspertining ta’kidlashicha, bu ma’lumotlar koronavirus tarqalishi dastlabki bosqichida Uhan bozorining muhim rolidan dalolat beradi. Shu bilan birga, JSST ushbu bozordagi ishchilarning qon tekshiruvi natijalari va u yerda sotilgan hayvonlar qaysi fermer xo‘jaliklaridan bozorga kelgani haqidagi ma’lumotga haligacha ega emas.

JSST eksperti Xitoyni zudlik bilan tegishli ma’lumotlarni taqdim etishga chaqirdi. «Vaqt qancha ko‘p o‘tsa, olimlar uchun yangi epidemiyalarning oldini oladigan tadqiqotlar o‘tkazish shunchalik qiyin bo‘ladi. Vaqt tugayapti», - deya ogohlantirdi van Kerkxove.

Mart oyi boshida FTB direktori Kristofer Rey AQShda laboratoriyadan virus sizib chiqishi sababli pandemiya ehtimoli haqidagi munozaralarni jonlantirgan bayonot bilan chiqdi. Van Kerkxovening so‘zlariga ko‘ra, zarur ma’lumotlar yo‘qligi sababli koronavirus kelib chiqishi haqidagi barcha farazlar o‘z kuchini saqlab qolmoqda. Uning ta’kidlashicha, Xitoy hali Uhandagi laboratoriya tekshiruvi natijalarini taqdim etmagan. Bundan tashqari, JSST hali ham Xitoyda koronavirusning birinchi holatlari bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarga ega emas.

Mavzuga oid