09:43 / 07.04.2023
6368

Yevrokomissiya rahbari Xitoyni Rossiyaga qurol yetkazib bermaslik haqida ogohlantirdi

Ursula fon der Lyayyenning ta’kidlashicha, Moskvaga qurol yetkazib berish xalqaro huquqni buzishdir. U Xitoyni Ukrainaga qarshi urush olib borayotgan Rossiyaga ta’sir o‘tkazishga chaqirdi.

Foto: Xinhua

Yevrokomissiya (YeK) raisi Ursula fon der Lyayyen Xitoyni Rossiyaga qurol yetkazib bermaslik haqida ogohlantirdi. Pekinda Xitoy rahbari Si Jinping bilan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham ishtirok etgan muzokaralardan so‘ng fon der Lyayyen Xitoy Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita hech qanday harbiy texnika bermasligiga umid bildirdi. «Bosqinchiga qurol yetkazib berish xalqaro huquq normalarini buzish hisoblanadi va munosabatlarimizga jiddiy putur yetkazadi», dedi Yevrokomissiya rahbari 6 aprel, payshanba kuni Pekinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi sifatida Xitoy zimmasiga katta mas’uliyat yuklangan, dedi fon der Lyayyen. «Biz Xitoydan o‘z vazifasini bajarishini va Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qiluvchi adolatli tinchlikni qo‘llab-quvvatlashini kutamiz», - dedi u.

Ursula fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, Pekindagi muzokaralarda u Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning tinchlik rejasiga qat’iy sodiqligini ta’kidlagan. «Xitoy Rossiyaga o‘z ta’siridan foydalanishi uchun katta mas’uliyatga ega. Biz Xitoyning yordamiga umid qilamiz», - dedi u.

Yevrokomissiya rahbari Si Jinpingning Zelenskiy bilan muzokaralar olib borishga tayyorligini olqishladi. «Rais Si Zelenskiy bilan to‘g‘ri sharoitda va kerakli vaqtda gaplashishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaganini eshitish qiziq bo‘ldi. Menimcha, bu ijobiy omil», - dedi u.

Mavzuga oid
Top