10:04 / 08.04.2023
8954

Ukraina: rossiyaliklar Zaporijjya va Xersonda Rossiya pasporti bo‘lmagan aholiga tahdid qilmoqda

Rossiya kuchlari Ukrainaning Zaporijjya va Xerson viloyatlari bosib olingan hududlarida qolgan, ammo «pasportlashtirishdan» o‘tmagan ukrainaliklarga nisbatan bosimni kuchaytirdi, deya xabar bermoqda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi 7 aprel kuni kechki hisobotida. 

Foto: BBC

Okkupatsion rasmiylar Rossiya pasportini olmagan Ukraina fuqarolarining harakatini cheklayapti, ularning shaxsiy ma’lumotlarini yozib olyapti, yashash joyida tintuv o‘tkazyapti, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, ukrainaliklar kirish va chiqishni taqiqlash, Rossiya pasportini olishdan bosh tortgan taqdirda uyidan haydab chiqarish va xususiy mulkini musodara qilish, o‘quvchilar esa - shahodatnomalar berilmasligi bilan qo‘rqitilyapti, deyiladi hisobotda.

Avvalroq AQSh, Buyuk Britaniya, Albaniya va Malta vakillari 5 aprel kuni bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik kengashining norasmiy yig‘ilishida Rossiyadagi bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovaning video-aloqa orqali nutqini boykot qilgandi

Yig‘ilish BMT Xavfsizlik kengashiga aprel oyida rotatsiya orqali raislik qiluvchi Rossiya tomonidan tashkil etildi va ukrainalik bolalarga bag‘ishlandi. O‘z nutqida Rossiyaga qarshi «obro‘sizlantirish kampaniyasi»ni qoralagan Lvova-Belovaning nutq so‘zlash taklifi bir qator davlatlar tomonidan ataylab qilingan provokatsiya sifatida baholandi.

Ukraina rasmiylari Rossiyani 2022 yil 24 fevralda mamlakatga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan keyin 16 mingdan ortiq bolani o‘g‘irlaganlikda ayblamoqda. 17 mart kuni Haagadagi Xalqaro jinoiy sud Mariya Lvova-Belova va Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga majburan deportatsiya qilishga aloqadorlikda ayblab, hibsga olishga order berdi.

Lvova-Belovaning BMTdagi nutqi 50 ga yaqin davlat tomonidan qoralandi. Ular qo‘shma bayonotda Rossiyani «minglab ukrainalik bolalarning ommaviy o‘g‘irlanishi va majburan ko‘chirilishi haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish maqsadida BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi sifatidagi vakolat va imtiyozlarini suiiste’mol qilishda» aybladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top