17:03 / 17.04.2023
14998

Sudandagi janglar: tomonlar qisqa muddatli sulhga kelishdi, ammo harbiy harakatlar to‘xtashiga umid yo‘q

So‘nggi kunlarda butun Sudan bo‘ylab shiddatli to‘qnashuvlar kuzatilmoqda, harbiy harakatlar yangidan yangi hududlarga tarqalmoqda.

Xartumdagi aholi yashash kvartalida yong‘in. Foto: Getty Images

Armiya va «Tezkor reaksiya kuchlari» (RSF) nomli harbiylashgan tuzilma o‘rtasidagi qurolli nizo uchinchi kundirki davom etmoqda. Shifokorlarga ko‘ra, hozirga qadar 100 ga yaqin kishining o‘limi tasdiqlangan, ayrim baholarga ko‘ra, yaralanganlar soni 1100 kishini tashkil etmoqda. Ikki tomon ham poytaxt Xartumdagi muhim obektlarni nazorat qilayotganini aytmoqda, aholi esa portlashlardan yashirinmoqda.

Sudandagi mojaro tomonlari yakshanba kuni yaradorlar va tinch aholi vakillari evakuatsiyasi uchun qisqa muddatga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan, ammo harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatish haqida gap yo‘q.

Sudan armiya vakillari va RSF tuzilmasi BMT taklifi bilan yakshanba kuni soat 16:00 dan soat 19:00 ga qadar o‘t ochishni to‘xtatib turish bo‘yicha kelishgan. Bu vaqt ichida tinch aholi vakillariga harbiy harakatlar hududini tark etish uchun yo‘lak ochish va yaradorlarni shifoxonaga olib borish ko‘zda tutilgandi.

AFP agentligi mahalliy aholi orasidagi guvohlarga tayangan holda xabar berishicha, o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinganiga qaramay, kamida Xartum aeroporti hududida otishmalar va portlashlar davom etgan.

Afrika ittifoqi, yetakchi arab davlatlari va AQSh harbiy harakatlarni to‘xtatib, hokimiyatni harbiylardan fuqarolik hukumatiga o‘tkazish bo‘yicha muzokaralarni tiklashga chaqirmoqda.

Ammo, urushayotgan tomonlar bergan bayonotlarga ko‘ra, ular hozircha bu chaqiriqlarga ijobiy javob qaytarmoqchi emas.

Tezkor reaksiya kuchlari rahbari, general Muhammad Hamdon Dagalo Sudan rahbari, general Abdulfattoh al-Burxon jinoyatchi ekani va u taslim bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda.

O‘z navbatida, armiya ham Tezkor reaksiya kuchlari tarqatib yuborilmaguncha muzokaralar bo‘lmasligini aytmoqda.

Xartumning o‘zida 56 kishi halok bo‘lib, 200 dan ortiq kishi yaralangan, ammo bu yakuniy raqamlar emas
Foto: ANADOLU AGENCY

Sudanlik shifokorlar esa yana bir bor xalqaro hamjamiyat, huquq faollari va diplomatik tashkilotlarni mojaroning ikki tomoniga ham bosim o‘tkazib, ularni harbiy harakatlarni bas qilishga undash va fuqarolar uchun xavfsiz yo‘laklar ta’minlashga chaqirdi.

Sudan tibbiyot assotsiatsiyasining Facebook’dagi sahifasida «Xartum va janglar ketayotgan boshqa barcha shtatlardagi shifoxonalar hamda tibbiy muassasalarga dori-darmon va tibbiy yordam ko‘rsatish», shuningdek tez yordam mashinalari va tibbiy xodimlarning xavfsiz harakatlanishi, tibbiy tashkilotlar va shifoxonalar xavfsizligini ta’minlash so‘ralgan.

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi yakshanba kuni o‘z xodimlaridan uch nafari halok bo‘lgach, Sudandagi barcha amaliyotlarini vaqtincha to‘xtatdi. Shimoliy Darfurdagi Kabkabiya shahridagi to‘qnashuvlar chog‘ida tashkilotning uch xodimi halok bo‘lib, yana ikki xodim yaralangan. Tashkilot vakili Reuters agentligiga aniqlik kiritishicha, halok bo‘lganlar sudanliklar edi.

Jahon oziq-ovqat dasturi Sudanda faol ish olib boradi, mamlakatning janubiy hududlari bemisl suv toshqinlaridan kuchli jabr ko‘rgan. Uning faoliyati to‘xtashi oqibatida minglab kishilar ochlik yoqasida qoladi
Foto: SIMON MAINA

«Hozircha biz bu vaziyatda qanday harakatlanishni muhokama qilyapmiz, ammo bu borada qaror qabul qilingunicha Sudandagi barcha operatsiyalarimizni to‘xtatib turishga majburmiz», — degan Jahon oziq-ovqat dasturi ijrochi direktori Sindi Makkeyn.

«Humanitar xizmatdagi har qanday yo‘qotishga toqat qilib bo‘lmaydi va men zudlik bilan qolganlarning xavfsizligi kafolatlanishini talab qilaman, - degan Makkeyn xonim. - Insonparvarlik yordami ko‘rsatayotganlar betarafdir va nishonga aylanmasligi lozim. Tashkilotimiz o‘tkir oziq-ovqat yetishmovchiligiga uchragan Sudan xalqiga yordam ko‘rsatishga intilmoqda, ammo biz agar odamlarimiz xavfsizligi kafolatlanmasa, hayotlarni saqlab qolish bo‘yicha ishlarimizni ado eta olmaymiz».

Sindi Makkeyn 2022 yil sentabrida. Foto: PIER MARCO TACCA

Shanba kuni Xartum aeroportidagi otishmalar chog‘ida BMTning humanitar havo xizmati samolyoti ham shikastlangan.

Ayni vaqtda qaysi shahar va regionlar qaysi tomon nazoratida ekani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Tezkor reaksiya kuchlari poytaxtdagi muhim obektlarni nazorat qilayotganini ma’lum qilgan, qurolli kuchlar rahbari esa bu yolg‘onligini aytmoqda.

Nayrobidagi BBC monitoring xizmati xodimi Beverli Ochiyengning so‘zlariga ko‘ra, ikki tomon ham o‘zlari nazorat qilayotgan hududlar to‘g‘risida bir-birini rad etuvchi ma’lumotlar bermoqda va bunday sharoitda haqiqiy vaziyat haqida tasavvur hosil qilishning deyarli imkoni yo‘q.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Sudan nashrlarining aksari faqat ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumot joylashtirmoqda va bu - Sudanda ayni vaqtda nima bo‘layotgani bo‘yicha yangiliklarning yagona manbayi bo‘lib qolmoqda.

Reuters agentligining Xartum va mamlakat atrofidagi boshqa qator shaharlardagi muxbirlari xabar berishicha, Sudan davlat televideniyesi efirlarni to‘xtatgan - harbiy harakatlarning ilk kunlarida telekanal faqat musiqa qo‘yayotgandi.

Armiya askarlari Port-Sudanda, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda isyonchilarning ikki bazasi nazorat ostiga olingan
Foto: Getty Images

Xartum shahrida yashovchi Xolud Xayra BBC muxbiri bilan suhbatda ko‘plab odamlar to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘z uyida halok bo‘lgani yoki yaralangani, qurbonlar soni oshishini aytgandi: «Tinch aholi vakillaridan uylarida qolish so‘ralmoqda, ammo bu orqali hammaning hayoti omon qolishi kafolatlanmaydi».

Ulkan hududga ega Sudanning turli joylarida harbiy harakatlar olib borilmoqda, ammo aftidan mamlakat shimoli-sharqidagi Port-Sudan shahrida janglar yakunlangan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, armiya Tezkor reaksiya kuchlarining shahardagi ikki bazasini nazoratga olishga muvaffaq bo‘lgan va yakshanba kuni bu yerda armiya askarlari g‘alabani nishonlashgan.

BBC’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbiri Frenk Gardner sharhi

Sudan - dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridan biri, ammo uning tabiiy resurslari, shuningdek Qizil dengiz bo‘yidagi strategik joylashuvi arab davlatlari hamda AQSh kabi dunyoning yirik davlatlari e’tiborini o‘ziga jalb etadi.

Shu bilan bir vaqtda Rossiya ham ushbu mamlakat sohillarida harbiy-dengiz bazasi ochishni istaydi va bu borada sudanlik harbiylar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Vashington esa bunga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqda, bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar Sudan terrorchi guruhlar, masalan, Usama bin Lodinning «Al-Qoida» guruhi uchun boshpanaga aylangan davrlariga qaytishini istamaydi. Yaqinda AQSh bosimi ostida Sudan Isroil bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgandi.

Qo‘shni Misr Xartum bilan yaqin aloqalarga ega, o‘z navbatida bu ikki mamlakat umumiy qo‘shni bo‘lgan Efiopiya bilan dushmanona munosabatda hisoblanadi.

Mamlakatni qariyb 30 yil boshqargan hukmdor, general Umar al-Bashir 2019 yilda hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni ham Xartum bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Saudiyaliklar Xartumni Yamanga qo‘shin yuborishga ko‘ndirdi, Ar-Riyod Yamandagi fuqarolik urushida qonuniy hukumatni qo‘llamoqda.

BAA esa Sudanni o‘zining mavjudligiga tahdid soluvchi diniy ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha mintaqaviy zanjirning bir halqasi sifatida ko‘radi.

Shu tariqa, Sudanda ko‘plab katta davlatlarning manfaatlari to‘qnashganidan kelib chiqqan holda, mojaro tez orada barham topishiga deyarli umid yo‘q.

Mavzuga oid
Top