12:16 / 17.04.2023
22046

Toshkent viloyatida talonchilar guruhi qo‘lga olindi

Toshkent viloyatida talonchilik bilan shug‘ullangan guruh ushlandi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Foto: Kun.uz

2023 yil 10 aprel kuni soat taxminan 20:00 larda 26 yoshli A.A., 25 yoshli R.A. va 24 yoshli E.S. oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib bir guruhga birlashib, Chirchiq shahar Sharq mahallasi hududidan o‘tgan Bo‘zsuv kanali oldida 30 yoshli X.X.ning hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatgan.

Qayd etilishicha, ular fuqaroning yonida bo‘lgan 2 000 000 so‘mlik VIVO 23 rusumli telefon apparati, 250 000 so‘mlik bir dona nikoh uzugi va 270 000 so‘mlik bir dona kumushdan ishlangan erkaklar uzugini talonchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, hodisa sodir bo‘lgan joydan yashiringan.

Bundan tashqari, yuqoridagi shaxslar o‘z jinoiy qilmishlarini davom ettirib, shu kuni soat taxminan 22:00 larda Qibray tumani Turkiston mahallasi hududida 33 yoshli D.Z.ning hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitgan.

Ular fuqaroning yuz va qorin qismiga urib tan jarohati yetkazib, unga tegishli bo‘lgan 2 000 000 so‘m naqd pullarni, 1 800 000 so‘mlik Samsung A20 rusumli telefon apparati va 12 200 000 so‘mlik erkaklar kumush hamda tilla taqinchoqlarini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, hodisa joyidan noma’lum tomonga yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan Qibray tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan A.A., R.A. va E.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksning 166-moddasi 3-qismi “a” bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, barcha gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda ushbu shaxslarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. Tergov davom etmoqda.

Top