12:33 / 18.04.2023
7049

O‘zbekiston Estoniya va Finlandiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish tajribasini o‘rganyapti

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Estoniya va Finlandiyaga amaliy tashrifi boshlandi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

17-20 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan mazkur tashrif O‘zbekistonning Latviyadagi diplomatik vakolatxonasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) ko‘magida tashkil etildi.

Safar davomida mamlakat vakillari Estoniya adliya, ichki ishlar vazirliklari, Elektron hukumat akademiyasi, Davlat xaridlari va davlat ko‘magi boshqarmasi, shuningdek, Finlandiyaning tashqi ishlar, adliya, moliya vazirliklari, Raqobat va iste’molchilar idorasi hamda Xelsinki universiteti Qonun ustuvorligi markazi rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Uchrashuvlar davomida ushbu davlatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining shakllanishi, davlat idoralarining sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda korrupsiyaning oldini olish, xususan, davlat organlarining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligi bo‘yicha tajriba almashiladi va o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi.

Bugungi kunda Estoniya elektron hukumatni joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha Yevropa hamda dunyoda yetakchilardan biri hisoblanadi. Aholiga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 600 dan ortiqni, tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni esa 2400 dan ortiqni tashkil etadi.

Finlandiya Transparency International xalqaro tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksida 2-o‘rinni egallab, dunyodagi eng korrupsiyasiz davlat sifatida e’tirof etib kelinmoqda.

Top