11:52 / 19.04.2023
5268

Shimoliy Koreya razvedka sun’iy yo‘ldoshlarini uchirishni rejalashtirmoqda

Shimoliy Koreyaning birinchi ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshi tayyor va u «belgilangan vaqtda» uchiriladi», dedi Kim Chen In. Pxenyan harbiy razvedka maqsadlarida turli orbitalarga bir nechta sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish niyatida.

Shimoliy Koreya hukumati harbiy maqsadlarda Yerni kuzatish bo‘yicha o‘zining birinchi sun’iy yo‘ldoshini yaratish ishlari yakunlanganini e’lon qildi. Shimoliy Koreya raisi Kim Chen In Milliy kosmik ma’muriyatga tashrifi chog‘ida ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshni uchirishga tayyorgarlikni tezlashtirishni buyurdi, deb xabar berdi Koreya markaziy axborot agentligi 19 aprel, chorshanba kuni.

Shimoliy Koreya yetakchisi aprel oyida ishlab chiqarilgan 1-raqamli harbiy razvedka sun’iy yo‘ldoshi o‘z vaqtida uchirilishi kerakligini aytdi, deb xabar beradi Koreya markaziy axborot agentligi. Kim Chen In KXDRning razvedka va axborot to‘plash imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha jangovar missiya vazifasini qo‘ydi. Uchirish aynan qachon amalga oshirilishi noma’lumligicha qolmoqda.

Shu bilan birga, maqsad kelajakda AQSh va Janubiy Koreyadan kelayotgan «tahdidlar»ga samaraliroq qarshi turish uchun bir nechta shunday sun’iy yo‘ldoshlarni turli orbitalarga ketma-ket uchirishdan iborat bo‘lishi kerak, dedi Kim Chen In. Shu tariqa, KXDR «harbiy ssenariylar va dushman kuchlarning harakatlari haqida real vaqt rejimida ma’lumot olishga» umid qilmoqda. 

Mavzuga oid
Top