08:03 / 22.04.2023
7764

Pentagon Ukrainaga qiruvchi samolyotlar berishdan bosh tortganini tushuntirdi

Ukraina osmonda nazoratni tezda qo‘lga kiritish uchun havo hujumidan mudofaa tizimlariga muhtoj va G‘arb qiruvchilarini topshirish juda uzoq jarayon, dedi general Mark Milli.

Foto: Reuters

G‘arb qiruvchilarini Ukrainaga berish Qo‘shma Shtatlarning ustuvor maqsadi emas, chunki osmonda harbiy nazorat havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan samaraliroq va tezroq amalga oshiriladi, dedi AQSh armiyasi shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi, general Mark Milli 21 aprel, juma kuni Ramshtayn aloqa guruhining yig‘ilishidan keyin.

Ukrainaga Amerikaning F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish haqidagi savolga javob berar ekan, Milli harbiy nuqtayi nazardan Kiyevning hozirgi vaziyatdagi asosiy vazifasi osmonni nazorat qilish ekanligini ta’kidladi. "Bu maqsadga turli yo‘llar bilan erishish mumkin. Ukraina uchun eng tez va tejamkor yo‘l havo hujumidan mudofaa tizimlaridir", deb tushuntirdi Milli.

Uning so‘zlariga ko‘ra, urush davomida Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya samolyotlarini muvaffaqiyatli to‘xtata oldi, shu sababli Rossiya kuchlari asosan o‘z hududidan raketalar bilan zarba beradi. "Nega bunday bo‘lmoqda? Chunki ukrainaliklar Rossiya samolyotlarini urib tushirmoqda. Ruslar ukrainaliklar havo hujumidan mudofaa vositalaridan muvaffaqiyatli foydalangani uchun ehtiyotkor", - deya xulosa qildi Milli.

Bundan tashqari, deya davom etdi general, Ukraina aviatsiyasini Rossiya bilan taqqoslanadigan darajaga olib chiqish "ko‘p sonli mamlakatlardan jiddiy sa’y-harakatlarni talab qiladigan" vazifadir. "Bunday qarorlar kelajakda qabul qilinishi yoki qabul qilinmasligi mumkin. Lekin hozirda asosiy ehtiyoj - havo hujumidan mudofaa", - deya xulosa qildi Milli va ittifoqchilar konferensiyaning butun kunini ushbu masalani muhokama qilishga bag‘ishlaganini ta’kidladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top