11:05 / 25.04.2023
21393

Toshkent viloyatida olib qochilgan avtomashina metallolomdan topildi

«VAZ-2101» rusumli avtomashina 2 million so‘m pul evaziga metallolomga topshirib yuborilgani aniqlangan.

Foto: Tergov departamenti matbuot xizmati

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida avtomashinani olib qochib, uni metallolomga topshirib yuborgan shaxs ushlandi.

IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, voqea 30 martdan 31 martga o‘tar kechasi yuz bergan. Yuqori Chirchiq tumani Bunyodkor ko‘chasida yashovchi 27 yoshli T.B. 69 yoshli S.S.ga tegishli «VAZ-2101» rusumli avtomashinasini uyining oldida, eshiklarini ochiq va kalitini o‘t oldirish joyida qoldirgan. Bundan foydalangan noma’lum shaxs uni olib qochib ketgan.

Mazkur holat yuzasidan Yuqori Chirchiq tuman IIB huzuridagi TB tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida, mazkur jinoyatni 20 yoshli R.M. sodir etgani, davlat raqam belgilarini yechib, Yuqori Chirchiq tumani Farovon mahallasida joylashgan xonadonga olib borib, 2 million so‘m pul evaziga metallolom sifatida sotib yuborgani aniqlangan.

Mazkur xonadon ko‘zdan kechirilganda, jabrlanuvchiga tegishli avtomashina qismlarga bo‘lingan holatda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top