17:01 / 07.05.2023
15427

Texasda savdo markazidagi otishma: to‘qqiz kishi halok bo‘lib, yetti kishi yaralandi

Amerika huquq-tartibot organlariga ko‘ra, qurollangan shaxs Texas shtati markazi Dallasdan shimolda joylashgan Allen shaharchasidagi savdo markazida sakkiz kishini otib tashlagan.

Savdo markazidan qo‘llarini yuqori ko‘targancha chiqayotgan xaridorlar

Guvohlarning hikoya qilishicha, qurollangan shaxs o‘tkinchilarga qarata tartibsiz o‘t ochgan. Savdo markazidan yuzlab kishilar evakuatsiya qilingan.

Politsiyadan ma’lum qilishlaricha, jinoyatchi otib o‘ldirilgan. U yolg‘iz harakatlangan deb hisoblanmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, qurbonlar orasida bolalar ham bor. Kamida yetti kishi shifoxonaga yotqizilgan, ularning kamida uch nafari og‘ir ahvolda.

Allen o‘t o‘chirish xizmati boshlig‘i Jonatan Boydning aytishicha, yetti kishi, jumladan, o‘t ochgan shaxs voqea joyida halok bo‘lgan, keyinroq yana ikki kishi shifoxonada jon bergan. Tibbiyot xodimlari ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar yoshi 5 dan 51 yoshgacha bo‘lgan.

Allen politsiyasi boshlig‘i Brayan Harvining xabar berishicha, savdo markazidagi politsiyachilardan biri otishma ovozlarini eshitgach, nima bo‘layotganini bilish uchun yetib borgan va otishma boshlab, gumonlanuvchini otib tashlagan.

Texas gubernatori Greg Ebbott otishmani «so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan fojia» deb atagan va mahalliy hukumatga zarur yordamni ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qilgan.

AQSh politsiyasi voqea joyida olingan videoyozuvlarning mualliflariga murojaat qilib, xodimlari dalillarni yig‘ishga kirishgan Federal qidiruv byurosiga murojaat qilishni so‘ragan.

Ayrim guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, mergan qora rangli jangovar kiyimda bo‘lgan. Paydo bo‘lgan kadrlarda uning jasadi yonida AR-15 rusumli avtomat vintovkani ko‘rish mumkin.

Politsiya Allen Premium Outlets savdo markazini o‘rab olgan. Foto: Reuters

«Men 10 ga yaqin kuchli tovushni eshitdim, keyin yana 10-15 marta o‘q uzildi - biz to‘liq qora kiyingan, zirhli nimcha taqqan yigitni ko‘rdik, u odamlarni shunchaki o‘qqa tutardi», deydi guvohlardan biri.

Voqea joyida olingan videoda odamlar o‘qlar ovozi ostida avtoturargoh ortidagi boshpanaga qarab chopayotgani aks etgan.

Dallas markazidan 32 km shimolda joylashgan Allen shahrida 105 ming kishi istiqomat qiladi.

Texasda 21 yoshga to‘lgan va undan kattalarning aksar qismi, agar muqaddam sudlanmagan bo‘lsa, litsenziyasiz ham o‘zi bilan to‘pponcha olib yurishiga ruxsat berilgan, vintovka va sochma o‘q otuvchi ov miltig‘iga egalik qilish uchun ham cheklovlar ko‘p emas.

Texas shtati qonun chiqaruvchi organi respublikachilar tomonidan nazorat qilinadi, bu partiya azaldan qurol nazoratini qat’iylashtirishga qaratilgan har qanday chorani ma’qullamaydi.

Gun Violence Archive nodavlat tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon AQShda kamida 198 marta ommaviy qotillik (kamida to‘rt yoki undan ko‘p kishi jabrlangan) ro‘y bergan. Bu yilning shu davri hisoblanganda so‘nggi yetti yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Allendagi otishma guvohlaridan biri Fonteyn Peyton AP agentligiga aytishicha, u quloqchinda bo‘lsa ham otishma ovozini eshitgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, savdo markazini tark etishga ruxsat berilganida ko‘chaga chiqqan va yerda yotgan jasadlarga guvoh bo‘lgan.

«Men ular bolalar emasligiga juda umid qilgandim, ammo jasadlar, aftidan, bolalarniki edi», degan u.

Allen shahri meri Ken Fulk buni shahar uchun «fojiali kun» deb atadi.

«Allen - mag‘rur va xavfsiz shahar, shuning uchun bugungi ma’nosiz zo‘ravonlik akti yanada ko‘proq shokka soldi, - deya yozgan u shahar ma’muriyati saytida. - Shunga qaramay, men tezkor reaksiya ko‘rsatgani uchun politsiyachilarimiz va o‘t o‘chiruvchilarimizga minnatdorchilik bildirishni istardim. Ularning puxta tayyorgarligi va tahdidga yuzma-yuz borishi, bugun ko‘pchilikning hayotini asrab qolgan bo‘lsa ajab emas».

Texas shtatidan bo‘lgan senator Jon Kornin tvitter sahifasida «Allen aholisi bilan birga qayg‘uda» ekanini yozib, «bu qo‘rqinchli hodisa oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etganlar»ning barchasining harakatini yuqori baholagan.

Hafta boshida Texas politsiyasi besh nafar qo‘shnisi, jumladan, to‘qqiz yoshli bolani o‘ldirgan shaxsni qo‘lga olgandi. To‘rt kunlik qidiruv ishlaridan keyin Fransisko Oropesni shkaf ichidan topishgandi.

Mavzuga oid
Top