09:22 / 11.05.2023
5868

Hindistonda 3D-bosma bo‘g‘inlar o‘zbekistonlik ayolga qo‘l barmoqlari harakatini tiklashga yordam berdi

Times of India gazetasi Dehlidagi xususiy shifoxona mutaxassislari o‘zbekistonlik 30 yoshli ayolning qo‘llaridagi barmoqlarning sakkizta bo‘g‘inini 3D-printerda chop etilgan tibbiy implant yordamida muvaffaqiyatli almashtirgani haqida ma’lumot tarqatdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

«Bitta amaliyot doirasida bajarilgan almashtirish bemorning qo‘l barmoqlari harakatini qayta tikladi va og‘ir revmatoid artrit og‘rig‘ini yengillashtirdi, - deb yozgan nashr muxbiri. - Revmatoid artrit - bo‘g‘inlarga hujum qiladigan, yallig‘lanish va og‘riq chaqiradigan, atrofdagi to‘qimalarga zarar yetkazadigan zaiflashtiruvchi autoimmun kasallik hisoblanadi».

Shifokorlarning aytishicha, o‘zbekistonlik ayol son va barmoq bo‘g‘inlari og‘ir shikastlangani sababli shifoxonaga yordam so‘rab murojaat qilgan, deb yozadi gazeta. Tekshiruv davomida shifokorlar uning nafaqat ikki sonini, balki qo‘l barmoqlaridagi sakkizta bo‘g‘inni ham endoprotezlash zarurligini aniqlagan.

«Barmoqlar uchun zarur bo‘lgan kichik bo‘g‘in implantlari Hindistonda mavjud emasligi sababli shifokorlar maxsus bo‘g‘in implantlarini yaratish uchun 3D texnologiyasiga murojaat qildi. «Zamonaviy 3D bosma texnologiyasidan foydalanib, biz bemorning shikastlangan bo‘g‘inlariga mukammal mos keladigan va ularning funksiyasini tiklaydigan titan metall implantlarini yaratishga muvaffaq bo‘ldik», dedi doktor Niraj Godara», deb xabar qilgan gazeta.

Doktor Times of India muxbiriga «Mart oyi boshida bemorning ikkita soni almashtirildi va u to‘liq reabilitatsiya qilinganidan so‘ng bir oy o‘tgach, ikkinchi operatsiya amalga oshirildi. Ushbu amaliyot chog‘ida ikki qo‘ldagi barmoqlarning sakkizta bo‘g‘ini maxsus implantlar bilan almashtirildi», deb ma’lum qilgan. Shifokorlarning aytishicha, bemor amaliyotlardan so‘ng bir necha hafta o‘tgach, mustaqil tarzda yura boshlagan va barmoqlarini erkin harakatga keltirgan.

Mavzuga oid
Top