22:44 / 16.05.2023
37237

Diniy qo‘mita diniy erkinlik himoyachisi bo‘lishi kerak. Amalda-chi?

Din ishlari qo‘mitasi Kun.uz muxbirining AQShdagi Al-Buxoriy masjidi haqida tayyorlagan ko‘rsatuvidan ayrim jumlalarni kesib tashlashni tavsiya qildi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o‘zining doimiy kolonkasida qo‘mitaning bu harakati senzura ekanini aytib, qo‘mita dunyoviylikning fundamental tamoyillariga zid ish tutayotgani haqida fikr yuritdi.

Yaqinda Kun.uz muxbiri, hamkasbim Farrux Abdusattarov AQShga safar qilib, ko‘plab reportajlar tayyorladi. Jumladan, Florida shtatida joylashgan “Al-Buxoriy” masjidi faoliyati haqida, bu masjidning mas’ullari bilan ham suhbat yozib olgan edi. O‘zbekistonga qaytgach, Farrux bu materiallarni O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasiga yubordi. Shu kunlarda, qo‘mitaning javobi keldi. Javob esa, nihoyatda ajib. Bir so‘z bilan aytganda, qip-qizil senzura.

Avvalo, Din ishlari qo‘mitasi nima uchun kerak, degan savolga javob izlasak. O‘zbekiston – respublika, ya’ni, hokimiyatning yagona manbai – bu O‘zbekiston xalqi. Shuningdek, O‘zbekiston – huquqiy, demokratik, dunyoviy davlat. Xalqning erkinliklari, haq-huquqlarini o‘rganish va ta’minlash uchun, davlat – ya’ni hokimiyat, Vazirlar Mahkamasi qoshida Din ishlari qo‘mitasini tuzgan.

Qo‘mitaning asosiy vazifasi – O‘zbekiston Konstitutsiyasida aytilgan vijdoniy va diniy erkinliklarni ta’minlash! Qolaversa, insonlarning qonun oldidagi tengligini ta’minlash hisoblanadi. Ya’ni, qo‘mita – insonlarni diniy va vijdoniy qarashlarini cheklash emas, himoya qilish, ta’minlash maqsadida tuziladi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, davlat – dunyoviy. Dunyoviy degani – bu insonlarning diniy erkinligini cheklash degani emas. Mutlaq aksincha, insonlarni vijdoniy va diniy erkinliklarini himoya qilish, qonun oldidagi tengligini ta’minlash hisoblanadi.

Unda nima uchun davlat “dunyoviy” bo‘lishi kerak? “Dunyoviy davlat”, ya’ni, “dunyoviy hukumat” degani – insonlarning vijdoniy va diniy erkinliklarini maksimal ta’minlash maqsadida, hokimiyatning, hukumatning, davlat mulozimlari va institutlarining imkon qadar neytral bo‘lib, xolis bo‘lishiga aytiladi.

Insonlar hech qachon diniy qarashlarda bir xil bo‘lmaydi. Kimdir o‘ta dindor, kimdir ateist yeki agnostik. Qolaversa, dindorlarning ham dindorlik darajalari har xil bo‘ladi. Insonlar o‘rtasida, vijdoniy va diniy qarashlarda to‘qnashuv bo‘lishi – tabiiy holat.

Shuning uchun, davlat – ya’ni hokimiyat, insonlarning vijdoniy va diniy erkinliklarining posboni bo‘lishi kerak, ularning erki va qonun oldidagi tengligini ta’minlashi kerak.

Buning uchun esa, davlat mulozimlari va institutlari tarafkashlik qilmasligi, to‘qnashuvlar bo‘lganda kim kimga tajovuz qilganini yoki ziddiyatlar bo‘lganda, tomonlarning erkini ta’minlagan holda ajratib qo‘yishi kerak bo‘ladi.

Dunyo davlatlarida materiallarni ekspertiza qilish qanday? Huquqiy-demokratik davlatlarda, nashriyotlar va OAV – erkin. Ular o‘z mas’uliyatlaridan kelib chiqib, materiallarni chiqarish-chiqarmaslikni o‘zlari hal qilishadi.

Mas’uliyatga sabab – qonunchilik bor, har bir ishning huquqiy oqibatlari bor. Shuning uchun ham, OAV va nashriyotlar, faqatgina o‘zlari aniq javob topa olmagan xollardagina, davlat institutlariga yoki davlat litsenziyasiga ega yuristlarga murojaat qilib, vaziyatni aniqlashtirib olishadi.

O‘zbekistonda esa, hozircha, ekspertiza – ommaviy nazorat tizimini eslatadi. Ya’ni, huquqiy davlatlarda materiallar chiqqandan keyingina mas’ul bo‘lishsa, O‘zbekistonda, chiqishidan oldin ruxsat so‘ralishi va rozilik olinishi kerak. Lekin bu tartib juda eskirgan va faqat avtoritar, totalitar davlatlarga xos uslub hisoblanadi. Globallashgan dunyoda, juda katta axborot oqimlari bor davrda, “ruxsat tizimi” yoki ishlamaydi, yoki noxolis ishlaydi. Chunki, davlatning barcha materiallarni nazorat qilish imkoniyati yo‘q.

Qay hollarda diniy ekspertiza zarur bo‘ladi? Qachonki materiallarda murakkab huquqiy kolliziyalar, ziddiyatlar bor bo‘lsa. Misol uchun, vijdoniy va diniy erkinlik ko‘rinishidagi, irqiy yoki diniy kamsitish, yoki davlat va jamiyat oldidagi mas’uliyat va majburiyatlarni bajarmaslikka chaqirish va h.k. bo‘lsa. Bunda ham, avtomatik ravishda ushbu materiallar man qilinmaydi. Chunki OAVning vazifasi – jamiyatdagi, davlatdagi keskin xolatlar haqida xabar berish, ogohlantirish hisoblanadi.

Xo‘sh, Din ishlar qo‘mitasining ko‘rsatmalari nimalardan iborat edi? Qo‘mita bir qancha jumlalarni olib tashlashni buyurgan. Lekin bu jumlalarda hech qanday aksilkonstitutsion chaqiriqlar mavjud emas, adovat ham o‘yg‘otmaydi, insonlarning diniy erkinliklarini himoya qilish maqsadi ham yo‘q. Aksincha, qip-qizil senzura. Siyosiy maqsadlardagi senzura. Boshqa maqsad emas. Maqsad – o‘zbekistonliklarga AQShdagi mavjud diniy erkinliklar haqida ma’lumot bermaslik, AQShdagi huquqiy davlatchilikning yutuqlarini yashirish. Boshqa maqsad yo‘q.

Din ishlari qo‘mitasi olib tashlashni so‘ragan jumlalarning ayrimlariga e’tibor bering:

  • “Birinchi ma’muriyat davridagi qo‘rquv ham bor edi”;
  • “Tushgacha dunyoviy bilimlar, maktab darslari bo‘ladi, tushdan keyin diniy ilmlar beriladi. Shanba-yakshanba kunlari Qur’on darslari bo‘ladi, bundan tashqari, yozgi ta’til paytida 40 kunlik Qur’on ta’tili bo‘ladi. Amerikaning hamma joylaridan yoshlar keladi. 120 tagacha qabul qilamiz”;
  • “Diniy erkinlik ta’minlangani uchun muammo bo‘lmaydi” va h.k.

Ko‘rish mumkinki, bu jumlalar AQShdagi vaziyatni ochib beruvchi va hech qanday O‘zbekiston Konstitutsion qadriyatlarini tahqirlovchi fikrlar-jumlalar emas. Aksincha, huquqiy-dunyoviy davlatchilikning yutuqli taraflarini ochib beradi. Lekin, qo‘mita bu jumlalarda o‘zi uchun xavf ko‘rdi va olib tashlashni so‘radi.

Sababi, haliga qadar Din ishlari qo‘mitasi O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunchiligi mohiyatini, dunyoviylikning fundamental tamoyillarini, xalqaro standartlarni tushungani va qabul qilgani yo‘q. Bu – juda achinarli va xavotirli holat. Chunki aynan mana shu tafakkur, 2016 yilga qadar bo‘lgan davrda, O‘zbekistonni juda obro‘sizlantirdi, ichki vaziyatni beqarorlashtirdi.

Din ishlari qo‘mitasi o‘z malakasi ustida ishlamasa, O‘zbekiston davlati, hukumati va xalqi uchun katta muammolar keltirishi mumkin.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzu
Rabbimov fikri
Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning Kun.uz'dagi mualliflik kolonkasi
Barchasi
Top