10:15 / 17.05.2023
6412

MRB Telegram'da rossiyaliklar uchun rolik e’lon qildi

MRB Telegram’da emotsional videoni joylashtirib, urushdan norozi bo‘lgan rossiyaliklarni o‘z safiga qo‘shish kampaniyasini boshladi.

Videodan kadr

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) rossiyaliklarni AQSh razvedkasi bilan ma’lumot almashishga chaqiruvchi reklama roligini chiqardi. "Markaziy razvedka boshqarmasi Rossiya haqidagi haqiqatni bilmoqchi, biz bu haqiqatni biladigan va ayta oladigan ishonchli odamlarni qidirmoqdamiz. Sizning ma’lumotlaringiz siz o‘ylaganingizdan ham qimmatroq bo‘lishi mumkin", - deyiladi Markaziy razvedka boshqarmasining rasmiy Telegram-kanalida joylashtirilgan video izohida.

"Nega men Markaziy razvedka boshqarmasi bilan bog‘landim?" deb nomlangan ikki daqiqalik videoning qahramonlari o‘zlari xohlagan hayot kechirayotganiga shubha bilan qarashlarini bildirgan. Putin ham, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi ham tilga olinmaydi, kadr ortidagi ovozda har bir fuqaro o‘z ahvolini yaxshilash uchun nimadir qilishi va baribir vatanparvar bo‘lib qolishi mumkinligi ta’kidlanadi.

"Biz ruslarga o‘z tillarida ular nimalarni boshdan kechirayotganini bilishimizni aytmoqchi edik", dedi CNN'ga o‘z nomini sir qolishini so‘ragan Markaziy razvedka boshqarmasi xodimi. Amerika razvedka xizmatlari vakillari ta’kidlaganidek, shu yo‘l bilan ular Ukrainadagi urush va Rossiyadagi hayotdan norozi bo‘lgan rossiyaliklarni aloqa o‘rnatishga ishontirish niyatida. Markaziy razvedka boshqarmasining Telegram-kanalida AQSh razvedka idoralari bilan qanday xavfsiz va anonim muloqot qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar yozilgan video ham e’lon qilindi.

CNN manbasiga ko‘ra, maqsadli auditoriya mamlakat ichida ham, xorijda ham yashovchi minglab yoki o‘n minglab rossiyaliklarni o‘z ichiga olishi mumkin, ular qimmatli ma’lumotlarni almashish imkoniyatiga ega. Gap maxsus xizmatlar, kiberxavfsizlik, texnologiya, moliya xodimlari, shuningdek, harbiylar va diplomatlar haqida bormoqda.

Top