Jahon | 15:42 / 22.05.2023
7478
2 daqiqa o‘qiladi

Nexta Telegram-kanali sobiq bosh muharriri Roman Protasevich afv etildi

Foto: Belta

Belarusda 8 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Nexta Telegram-kanalining sobiq bosh muharriri Roman Protasevich afv etildi, deb yozadi «Belta».

May oyi boshida Minsk sudi Nexta Telegram-kanalining sobiq bosh muharriri Roman Protasevich ishi bo‘yicha hukm chiqargandi. Protasevich bir qator jinoyatlarda aybdor deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 

Nexta bo‘yicha sud jarayoni 2023 yil fevral oyida boshlangan. 

Sudlanuvchilar 1500 dan ortiq jinoyatlarni sodir etganlikda, jumladan ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish, Belarusga qarshi sanksiyalar qo‘llashga chaqirish, ekstremistik tuzilmani yaratish yoki unga rahbarlik qilish, shuningdek, hokimiyatni egallashga uringanlikda ayblanmoqda. Protasevichga esa 11 ta jinoiy modda bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

Protasevich 2021 yil 23 may kuni Minskda qo‘lga olingan, o‘shanda belaruslik dispetcherlar u Afinadan Vilnyusga uchgan Ryanair samolyotini «mina» xabari tufayli aeroportga favqulodda qo‘nishga majbur qilgan. 

Keyinroq Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) tomonidan olib borilgan tergov natijalariga ko‘ra, bomba haqidagi xabar yolg‘on ekani va u Belarus hukumatining yuqori martabali amaldorlari ko‘rsatmasi bilan ekipajga yetkazilgani aniqlangan.

Mavzuga oid