16:37 / 13.06.2023
4921

Goldman Sachs AQSh iqtisodiyoti asta-sekin o‘sib borayotgan bir paytda ham retsessiya sezilishini taxmin qildi

Foto: AP

Goldman Sachs rahbari CNBC’ga bergan intervyusida, AQSh iqtisodiyotida retsessiya sezilishi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, bu yalpi ichki mahsulotning 0-1 foizga o‘sishi va inflatsiya 3,5-4 foiz darajasida bo‘lishida ham yuz berishi mumkin. Oldinroq Goldman Sachs AQShda keyingi 12 oy ichida retsessiya bo‘yicha prognozini 25 foizgacha pasaytirgan edi

Goldman Sachs bosh direktori Devid Solomon CNBC telekanaliga bergan intervyusida AQSh iqtisodiyotida retsessiya yuz bermasa ham, uning boshlanishi sezilishini aytdi. 

Solomonning fikricha, AQSh iqtisodiyoti 2023 yil oxiri yoki 2024 yilning birinchi yarmida tanazzulga yuz tutishi mumkin. Shu bilan birga, uning fikricha, retsessiyaning o‘zi boshlanmagan bo‘lsa ham, vaziyat yalpi ichki mahsulotning 0-1 foizga o‘sishi va inflatsiya 3,5-4 foiz darajasida bo‘lganida his etilishi mumkin. 

Shu bilan birga, Solomon fikricha, AQSh iqtisodi Federal zaxira tizimi pul-kredit siyosatini keskinlashtirish fonida «aql bovar qilmaydigan chidamlilik» ko‘rsatdi. Solomon bundan hayratda qolganini va «yo‘l qiyinroq bo‘ladi» deb taxmin qilganini qo‘shimcha qildi. Unga ko‘ra, Goldman Sachs retsessiya ehtimoli bo‘yicha o‘z prognozini pasaytirgan bo‘lsa-da, bu davrda «biroz ehtiyot bo‘lish kerak». 

Oldinroq Goldman Sachs AQShda keyingi 12 oy ichida retsessiya bo‘yicha prognozini 25 foizgacha pasaytirgan edi. Shu bilan birga, dunyodagi eng yirik obligatsiyalarga investitsiyalar boshqaruvchilari Fidelity International va Allianz Global «iqtisodiy bo‘ron»ni bashorat qildi. Ularga ko‘ra, FZT stavkalarining ketma-ket 10 marta oshirilishi zarar keltirdi va mart oyida AQShning uchta banki «qulashi» kelgusida katta inqirozning xabarchisi, deb yozadi Bloomberg. 

Mavzuga oid
Top