11:24 / 14.06.2023
6171

OAV: YeI va London «Chelsi»ni sotishdan tushgan 2,3 mlrd funt bo‘yicha kelisha olmayapti

London va Bryussel o‘rtasida Roman Abramovich Angliyaning «Chelsi» futbol klubini sotib yuborganidan keyin olingan 2,3 milliard funt sterling (taxminan 2,8 milliard dollar) bo‘yicha kelishmovchiliklar davom etmoqda, deb yozadi Telegraph gazetasi. 

Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi bu mablag‘larning kelajakda qanday ishlatilishi borasida turlicha qarashlarga ega. Gazetaning yozishicha, Yevropa Ittifoqi Ukraina iqtisodiyotini uzoq muddatli tiklash uchun pul jo‘natishni to‘g‘ri deb hisoblaydi. Britaniya hukumati ular mojarodan jabr ko‘rgan odamlarga yordam berishga sarflanishi kerak, degan fikrda. 

«Chelsi»ning sobiq xo‘jayini Abramovich, nashr eslatishicha, Britaniya rasmiylari bilan klubni sotishdan tushgan pul «Ukrainadagi barcha mojaro qurbonlariga» yordam berish uchun sarflanishi bo‘yicha kelishib olgan.

Avvalroq Buyuk Britaniya rasmiylari rossiyalik tadbirkor Roman Abramovich tomonidan «Chelsi» futbol klubini sotishdan tushgan 2,3 milliard funt sterlingni Ukrainaga berishga yaqin turgani xabar qilingandi. 

Mablag‘lar jabrlangan ukrainaliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi tashkil etilgan jamg‘armaga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Bu zamonaviy tarixdagi mojaro qurbonlariga qilingan eng katta xayriyalardan biri bo‘ladi. 

Mavzuga oid
Top